Saudiya Arabistoni: Koronavirus yana ikki kishining umriga zomin bo‘ldi

Image copyright AFP

Saudiya Arabistonidagi ikkinchi yirik shahar Jiddada koronavirus- Yaqin Sharq Respirator Sindromini yuqtirgan ikki kishi o‘lgan. Shu paytgacha ushbu virus oqibatida o‘lganlar soni 76 taga yetgan.

Jidda Saudiyaning g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, virusologlar kasallik dastlab tarqalgan sharqiy hudud chegarasidan oshganidan xavotir bildirmoqdalar.

Virus uchun vaktsinalar hozirgacha olinmagan.

Oxirgi olti kun ichida mamlakatda kasallikni yuqtirgan yana 50 kishi ro‘yxatga olingani xabar qilinadi.

Kasallikni yuqtirgan bemorlarga qarashdan bosh tortgan bir nechta shifokor ishdan bo‘shatilgan.

Yaqinlashayotgan Ramazon oyi arafasida, Saudiya Arabistonida MERS virusini yuqtirganlar ko‘payib borayotgani mutaxassislarni xavotirga solmoqda.

Bir qancha mamlakatlarda, jumladan Rossiyada o‘tgan yili Saudiya Arabistoniga haj safariga bormaslik so‘ralgan edi.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotiga ko‘ra, 2012 yil sentyabr oyida kasallik yuqtirilgani haqidagi 153 holat aniqlangan.

Mutaxasislar ayni kasallik oldin taxmin qilinganidek odamga tuyadan o‘tgani yoki yo‘qligi borasida bir fikrga kelishga qiynalmoqdalar.

Shu bilan birga shifokorlar virusni o‘ta xatarlilar jumlasiga kiritmaganlar. Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotiga ko‘ra, Koronavirus xastaligi hali uncha yaxshi o‘rganilmagan.

Xalqaro tashkilot barcha mamlakatlarni nafas yo‘llari infektsiyasini yuqtirish hollariga juda e‘tiborli bo‘lishni va har qanday noodatiy holatlar haqida o‘zlarini xabardor etishni so‘ragan.

Bu xastalik ko‘pincha yuqori nafas yo‘llariga yuqadi.

Shuningdek, bolalarning bronx yo‘llari va o‘pkasiga yuqqani holatlari aniqlangan.

Mutaxasislarga ko‘ra, bu virus koronaviruslar oilasiga mansub viruslarga xos xususiyatlarga ega, ya‘ni bu xastalik shamollash yoki nafas yo‘llari yallig‘lanishiga o‘xshash kechadi. Biroq hozircha bu virus insonlarga qanday yo‘l bilan yuqishi aniq emas. Shuningdek, bu virus ko‘p ham tezlik bilan tarqalmasligi kuzatilgan. Ammo qanday o‘tish yo‘llari hali ham noma‘lum qolayapti.