Tojikistonda sel va ko‘chki oqibatlari xavotirli

Tojikiston to‘xtovsiz jala va ko‘chkilar tufayli epidemiya tarqalish xavfi ostida turibdi.

Bu haqda jabrlangan yuzlab fuqarolarning ayni paytdagi sharoitidan xavotir olayotgan favqulodda vaziyat kuzatuvchilari bildirishmoqda.

Juda yomon sanitar-gigiyenik sharoitlarda ich terlama, bezgak kabi kasalliklarning tarqalishi xavfi juda yuqori; ko‘plab hojatxonalar buzilgan; tuman va qishloqlarda toza ichimlik suvi yo‘q; jabr ko‘rganlar uchun gigiyena vositalari yetishmaydi, deyiladi Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tezkor baholash va koordinatsiya guruhi (REACT) hisobotida.

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, tabiiy falokat oqibatida halok bo‘lganlar soni 17 taga yetgan, ularning orasida olti nafar voyaga yetmaganlar bor.

Tinimsiz jala va ko‘chkilar natijasida turli darajada bir necha ming kishi zarar ko‘rgan. 500 ga yaqin inson boshqa joyga ko‘chirilgan. Yuzlab uylar, vodoprovodlar, elektr energiya yo‘llari, maktab, ko‘prik, yo‘llar qisman yoki butunlay vayron bo‘lgan.

Qishloqlarda vaziyat og‘ir, sel kelishidan suvga oqib o‘lgan qoramollarni tinimsiz yomg‘ir va loy tufayli ko‘mish qiyin kechmoqda.

Tabiiy falokatdan eng ko‘p Tojikiston janubidagi tog‘li va tog‘ oldi - Shurobod, Hamadoniy, Vose va Xuroson tumanlari zarar ko‘rgan.

"Hammasi bir necha daqiqada oqib ketdi"

Jabr ko‘rgan tumanlardagi aholi oziq-ovqat, suv va tibbiy vositalar yetishmasligini aytmoqda va hukumatdan yordam berishni so‘ramoqda. O‘nlab aholi maskanlarida ichimlik suvi yetishmaydi".

Image caption Sel kelgan tumanlarda ko‘plab qoramollar o‘lgan

Evakuatsiya qilingan yuzlab odamlar hozir palatkalarda yashashmoqda. Shuningdek, seldan omon qolgan masjid, maktab va boshqa binolarga joylashtirilmoqda.

Bu hududlarda tunda harorat uch-besh darajaga tushadi, kunduzi esa havo 20 darajagacha ko‘tariladi. Havo haroratining keskin o‘zgarib turishi turli shamollash yukasalliklarini oshirgan.

Mamlakat hukumati xalqaro insonparvarlik tashkilotlari bilan birgalikda zarar ko‘rgan tumanlarga palatka, oziq-ovqat, kiyim va dori-darmonlar, qurilish anjomlari, shuningdek ichimlik suvi tsisternalari yetkazishda davom etmoqda.

Biroq, tabiiy falokatdan jabr ko‘rganlar ta‘kidlashicha, berilayotgan yordamlar yetarli emas, ularni tarqatish ham cho‘zilmoqda.

"Keksa kishilar bu qadar yomg‘ir yoqqanini eslolmaydilar. Jala taxminan 40 daqiqalar to‘xtovsiz davom etgan. Bir necha daqiqalar ichida hamma narsani olib ketdi. Odamlarni zudlikda evakuatsiya qilish va falokat keltirgan zararni hisoblab chiqishga urinchpmiz", deb aytadi Xuroson tuman raisi Ubaydullo Abdullayev. Haqiqiy falokat

Kuchli loyqa suvlar oqimi hali ham tog‘ qishloqlarining katta maydonlarini egallab olgan. Ko‘plab ko‘chalarda chiqindi va vayronalar uyumi to‘planib qolgan.

Image caption Hammadan ko‘p paxsa devorli uylarda yashagan kambag‘al aholi jabr ko‘rgan

"Bu haqiqiy fojea. Mening oilam deyarli barcha narsani yo‘qotdi. Bolalarni qarindoshlarimnikiga tarqatdim. O‘zim shu yerda, uyimni qo‘riqlash uchun qoldim. Uyga kirib omon qolgan narsalarni olib chiqmoqchiman, lekin uy qulab tushishidan qo‘rqaman. Mol-mulk ham, uy ham, umid ham qolmadi", - deydi Xurosonlik 60 yoshli Marziya.

Hukumat komissiyasi suv bosgan tumanlarga yetkazilgan zarar miqyosini hisoblab chiqmoqda.

Turar joylar tog‘lardagi xavfli hududlarda va sel o‘tadigan tog‘ yo‘llarida qurilgan. Sellarning qaytalashi ehtimoli u yerlarda juda yuqori. Kuzatuvchilarning aytishicha, hammadan ko‘p uylari guvaladan qurilgan kambag‘al aholi jabr ko‘rgan.

"Men faqat prezidentga ishonaman. Umid qilamanki, u bizni tashlab qo‘ymaydi. Mahalliy hukumatdan hech bir umid yo‘q. Ikki kundan beri ko‘chada uxlayapmiz. Ochmiz, sovuq. Hali hech kim kelib bizning ahvolimizni, dardimizni so‘ramadi", deydi Xurosonda yashovchi Qurbonjon.

Mamlakatda jabrlanganlarga ko‘mak berish uchun mablag‘ yig‘ish boshlangan. Ayni paytda, Tojikiston meteorologlari yaqin kunlar yana kuchli jala kelishini basholrat qilishmoqda.