O‘zbekistonlik sayyoh daftaridan: Qashg‘ardagi mashrabxonlik

Image copyright AFP

Xitoy g‘arbidagi Urumchi va Qashg‘ar shaharlaridagi qadim tarix va madaniyatning bugungi zamonaviy dunyoda qanday evrilishlarga yuz tutayotgani, musulmon uyg‘urlarning kundalik hayoti va an‘analari haqidagi hikoyalar kam. Avvalroq Qashg‘arga safar qilgan o‘zbekistonlik sayyoh uyg‘ur xonadonlaridan birida kechgan "Mashrabxonlik"ni tasvirlaydi.

Islom olamida "Buxoroyi soniy" – "Ikkinchi Buxoro" sifatida dovrug‘ taratgan Qashg‘ar shahriga kirib kelamiz.

Xitoy, xususan Shinjon o‘lkasining boshqa shaharlaridan farqli o‘laroq, shaharda faqat musulmon sharqi qiyofasini ko‘rasiz: ulug‘vor "E‘tikor" jome‘ masjidi, eski va milliy uslubda qurilgan uylardan iborat mahallalar, savdo rastalari, do‘ppili erkaklar va hijobli ayollar...

Tasavvurimiz yanglish bo‘lmasligi uchun shahar markazida qad rostlagan, zamonaviy me‘morchilik uslublarini o‘zlashtirgan ko‘p qavatli binolarni albatta ta‘riflashimiz kerak. Ko‘chalarni to‘ldirgan turfa rusumdagi mashinalar shaharning tobora zamonaviylashib borayotganidan guvohlik berayotgandek.

Biz ketayotgan mashina salonini uyg‘ur qo‘shiqchisi Mo‘minjonning ajoyib qo‘shig‘i to‘ldiradi:

Xalqimga navo Mashrab,

Ko‘nglimga ravo Mashrab,

Shikasta yegan dilg‘a,

G‘oyasi davo Mashrab...

Inonmoqning mahsuli,

Bu hayotning huzuri,

Suvsiz-u, davo Mashrab

Tun almashdi kunduzga,

Yoz usulliq kech kuzga,

Boshqalar imo so‘zga,

Qilg‘il o‘zaro Mashrab

Voy, voy Ollo, yo, Ollo,

Mashrab o‘ynag‘an bolla!

Voy, voy Ollo, yo, Ollo,

Mashrab qaynag‘an yilla!..

-Mana shu Mashrabga ketayapmiz, -deydi mashinasini boshqarib ketayotgan Mamtimin aka.

U 35-38 yoshlarda, o‘rta bo‘yli, san‘at va tarixga juda qiziqqan yigit. Ilk uchrashganimizda Mamtimin ismi qanday ma‘no berishini bilmay, rosa boshim qotgandi.

-Aka, mabodo ismingiz Muhammad Amindan olingan emasmi?

-Shundaq, biz uyg‘urlar qisqartirib shunday deymiz...

Keyinchalik bir qator uyg‘urcha ismlarni o‘zimcha "tahrir" qilgan bo‘ldim: Ablajan – Abdullajon, Abdumijit – Abdumajid, Abulmit – Abdulhamid, Mamatjan – Muhammadjon, Gulnaz – Gulnoza, Gulnar – Gulnora.

Mashina "E‘tikor" jome‘sini ancha ortda qoldirib, kichikroq ko‘chadan ichkariga kiradi. Bu ko‘chalar menga azim Toshkandning Eski shaharida tor ko‘chalarini yodga soladi. Deyarli bir hil uylarda esa men Nomongon-u Xo‘qandning ko‘hna hovlilarini ko‘rgandek bo‘laman. Xayolimdan qanday his-tuyg‘ular o‘tmaydi deysiz? Xuddi paralell evolyutsiyani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgandek bo‘lasiz. Bir-birini minglab chaqirimlar ajratib turgan ikki makonda bir hil tamaddun. Aslida bu dastlabki taassurot. Haqiqat shuki, Toshkand-u Andijon, Namangon-u Xo‘qand aslida Qashqar-u Ho‘tan, Turfon-u Yorkentlar bilan "salom-alik"da, "quda-andachilik"da bo‘lib turgan. Bu shaharlar o‘rtasida karvonlar to‘xtamagan, karvonlarga qo‘shilib madaniyatlar bir-birini to‘ldirgan, boyigan.

Turkiy millatlar juft-juft qilib yaratilgandek. Turkning jufti ozari, qozoqning jufti qirg‘iz, o‘zbekning jufti uyg‘ur...

-Etib keldik, -Mamtimin akaning gapidan xayollarim parokanda bo‘ladi. Ko‘cha adog‘idagi chog‘roq hovlining yarim ochiq kichik eshigi yonida mashina to‘xtagan. Birin-ketin mashinadan tushamiz. Boshimizni urib olmaslik uchun engashib, ichkariga kiramiz. Chog‘roq hovli, bir-biriga tutash uylar. Kiraverishdagi uy ko‘hna, munaqqash, u yer-bu yeri yorilib ketgan ustunlar yelka qo‘ygan ayvonli. O‘zimni xuddi Xudo rahmati oppoqdadamning hovlisi – "katta uy"ga kelib qolgandek his qilaman. Uyqash olamlardagi ayni madaniyat.

Hovlida ayollar kuymalanishayotganini keyinroq sezdim. Ulardan yoshi ulug‘i, Mamtimin akamizning volidayi muhtaramalari "Ozbekistandin" mehmon kelganini bilib, meni quyuq qarshiladilar. Keyin Andijonda ota urug‘lari borligi, meni ko‘rib, ularni ko‘rgandek bo‘lganlarini aytib qoldilar. Yuragim bir qalqib oldi.

Mamtimin aka mehmonlarga ajratilgan uyga boshladi. Birgalashib kirdik. Dasturxon juda to‘kis, anvoyi taomlar-u mevalar, sanasangiz sanoqdan adashasiz. Gap taomda emas, albatta, ko‘ngilda, diydorda. Shunday bo‘lsa-da Mamtimin aka mehmonlari uchun juda harakat qilgani tahsinga sazovor.

Vaqt asrdan o‘tib, shomga yaqinlashgan fursatda Mamtimin akaning ko‘ngil yaqin, dil yaqin do‘stlari kirib kelishadi. Ayniqsa "o‘zbek yo‘ldosh" kelgani ularni juda hushlaganini sezish ham yoqimli. Qayerga bormay, qaysi uyg‘ur bilan gaplashmay, o‘zbeklarni o‘zgacha hurmat qilishlarini sezaman.

Namozi shomdan so‘ng majlis – "Mashrab" boshlanadi. Mehmon hurmati – yuqoriga taklif qiladilar. O‘zimdan yoshi ulug‘lardan yuqoriga o‘tish noqulay, uzr so‘rayman, uzrim qabul bo‘lmaydi. "Vay, yaq, bo‘lmaydu, siz mihman", deyishadi. Qo‘yarda-qo‘ymay to‘rga olishadi.

Uyg‘urlarning "Mashrab"i bizning "gap"ga o‘xshab ketishini keyinroq sezaman. Turfa hangomalar aytiladi, qo‘shiqlar (naxshalar) kuylanadi. Shunda Mamtimin aka yonimda o‘tirgan, o‘zining aytishicha "turpanliq" (Turfondan) Sherali akaga yuzlanadi.

-Shirali, Abdulla Abdireyimning "Meshrep" naxshasini kuylab ber!

Sherali aka asta tomoq qirib, avval past ovozda qo‘shiqni boshlaydi:

Ana yurtim aro tuhpe,

Tuhpe miros, miros bebaho Meshrep...

(Ona yurtim aro tuhfa,

Tuhfa meros, meros bebaho Mashrab...)

Ahli majlis chuqur sukutga tolgan, Sherali akaning shirali ovozi, qo‘shiqdagi so‘zlar qudrati qarshisida some‘ bir qiyofada. Ayrimlarning ko‘zlarida yosh qalqqan, ularni ko‘rib, ko‘ngil buziladi...

O‘g‘il hamde nefeslarga shifoliq bobo Meshrep...

...Azaldan zoti uyg‘urg‘a ijozatsiz ravo Meshrep...

...Jarohatga davo Meshrep...

Image copyright bbc
Image caption Qashg‘ardagi jome‘ masjidlardan biri. Muallif olgan surat

Sherali akaning ovozi ko‘tarila boshlaydi. Qulog‘im ostida uyg‘urning dongdor hofizi Abdulla Abdurayimning qo‘shig‘i yangrayotgandek. Ko‘ngildan o‘tayotgan hissiyotlarni so‘z bilan ifodalash qiyin.

Sherali aka qo‘shiqni tugatgach, davrani bir muddat ulug‘vor sukut tark etmay turdi. Qo‘shiq hammani birdek o‘yga toldirgan, tilini bog‘lagan...

Majlisda "Ozbekistanliq yo‘ldosh" qatnashayotganidan so‘z, albatta O‘zbekistonga borib taqaladi. Bundan ikki yil oldin savdo-sotiq bilan O‘zbekistonga borgan "qashqarliq" Saidahmad aka deydi:

-Ozbekistan manga bak yaqdi. O‘zbek yo‘ldoshlar juda mihman qildi. Tomoqlari bak zo‘r... Xudo xohlasa, Ozbekistan O‘tra Asiyani (aynan O‘tra Asiya – O‘rta Osiyo, Markaziy Osiyo-muallif) so‘raydigan bo‘lg‘an! Man sizga bir vaqiani aytay...

Saidahmad akaning aytishicha, Toshkent aeroportida pasport nazoratidan o‘tayotganida o‘zbek chegarachisi bir unga, bir pasportga qarab, so‘rarmish:

-Aka, o‘zbek bo‘lib Xitoy pasportini qanday oldingiz?

-Vay, man o‘zim Xitayning fuqarasi, ozbekmas...

-Qo‘ying aka, o‘zbeksiz-ku, - dermish chegarachi.

-Yaq, man uyg‘ur...

-Iye, unaqada o‘zbekchani qayerdan o‘rgandingiz?.

Ahli majlisning kulgisidan uyning tomi bir ko‘tarilib tushgandek bo‘ladi. Hali kulgi tafti bosilmay, Urumchida ishlaydigan Muxtor aka suhbatga qo‘shiladi:

-Man ham Samarqandg‘a borg‘an, xansularga tarjuman bo‘lib. Shaharda adashib qalduq. Keyin man saqchining oldig‘a bardim...

Muxtor aka Samarqand shahriga sayohat qilgan xitoylik sayyohlarga tarjimonlik qilgan, shaharni aylanayotganlarida adashib, boshqa yerlarga borib qolishganlarida milisa yigitdan yordam so‘rabdi:

-Biz Xitaydin, adashib qalduq...

Milisa yigit unga ajablanib qarab, dermish:

-Xitoydanman, deysizmi?! Ja gapirarkansizda, aka, ko‘rinishingizda yoki Qashqadaryo, yoki Surxondaryodansiz, to‘g‘ri topdimmi? Bu xitoylarga qayerdan aralashib qoldiz, aka?..

Avvalgisidanda kuchli kulgi ko‘tarildi. Kulgi bosilgach, birdan o‘ychan bo‘lib qolgan Mamtimin aka deydi:

-O‘zbek bilan uyg‘ur o‘zi bir, tagi bir!

Majlis uni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaydi:

-To‘g‘ra! To‘g‘ra! Bir! Bir!

-O‘zbekchani sal cho‘zib gap qilsang uyg‘urcha bo‘lidu, - deydi Muxtor aka.

Majlis uni ham qo‘llab yuboradi:

-To‘g‘ra! To‘g‘ra!

-Endi o‘zbek yo‘ldoshimiz o‘zbekcha naxsha aytsa bo‘lamdu-bo‘lmamdu? –so‘rab qoladi pastroqda o‘tirgan, qotmadan kelgan, ko‘rinishidan "Yor-Yor"dagi Baxtiyor Ixtiyorovga o‘xshagan aka. Xayolimga bir o‘y uriladi: "Uyqash olamlardagi o‘xshash chehralar!".

Ovozimdan nolimayman, qo‘shiq hirgoyi qilib katta bo‘lganman. Ma‘qul, degandek bosh irg‘adim. Davra birdan jim bo‘lib qoldi.

-Boborahim Mashrab g‘azali bilan aytiladigan naxsha, -dedim. Ko‘zlarimni asta yumib, oldiniga past ovozda, keyin esa yuqori pardalarda

"Namangon shahridin ketsam mani yo‘qlar kishim bormu,

G‘ariblik shahrida o‘lsam, mani yo‘qlar kishim bormu?.."

Qo‘shiq tugaydi. Qayerdandir hurjunini yelkasiga osgan, qalandar ko‘lohini boshiga qo‘ndirgan Boborahim Mashrab menga qarab, "ziyoratingga rozi bo‘l", deyayotgandek. "Meni tiriltirgan xalqqa mehmon bo‘lib, meni ham yo‘qlading!.." deb aytayotgandek. Ko‘nglim g‘alati bo‘lib ketadi.

Tashqaridagi ayollar dasturxonga birin-ketin "tomoqlarni" – lag‘mon, sho‘rva, palovni uzatib turadilar. Uyg‘ur birodarlarni kuzatib, xayolimga bir o‘y keladi: "Mashrab" nafaqat Qashg‘arda, balki Shinjonning boshqa cho‘ng shahar va qishloqlarida urfda. Har bir uyg‘ur erkagi borki, "Mashrab" beradi, dasturxon tuzab, do‘stu birodalariga haq beradi. Necha ming-ming ko‘ngulga Mashrab mehmon bo‘ladi, tiriladi...

Ko‘nglim ko‘tariladi. Uyqash olamda o‘xshash ko‘ngillardan rozi bo‘laman.

Davomi bor