Muhabbat Omonova: Qizimni asossiz ayblamoqdalar

O‘sh shahar yashovchisi Zulfiya Omonova yaqinlarining aytishlaricha, Qirg‘iziston Milliy Havfsizlik Davlat Qo‘mitasining O‘sh viloyati va shahar bo‘limi tomonidan asossiz qo‘lga olinib, ushlab turilibdi.

Bu haqda BBC ga xabar bergan Zulfiya Omonovaning onasi Muhabbat Omonovaning aytishicha, qizining qamoqqa olinishi, o‘tgan yilning may oyida ochilgan jinoiy ishi bilan bog‘liq.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Zulfiya Omonovaga qarshi jinoiy ish 2013-yilning may oyida "Milliy, irqiy, diniy va hududlararo nizoni qo‘zg‘ash" moddasi bilan qo‘zg‘atilgan.

Jinoiy ish, 2013-yilning 16-aprelida Zulfiya Omonova O‘zbekiston qamoqxonasida qazo qilgan otasi Hamidullo Omonovga janoza namozini o‘tkazish paytida, "kofirlarga qarshi "shahid" bo‘ldi" deya aytgan so‘zlari tushirilgan videotasvir asosida qo‘yilmoqda.

Ushbu videotasvir Internetda ommaga namoyish etilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, ushbu video keyinchalik sud - teologiya ekspertizasidan o‘tkazilib, Qirg‘izistonda taqiqlangan "Hizbut Tahrir" tashkilotiga ta‘luqli ekanligi aniqlangan va Zulfiya Omonova videodagi gaplari bilan "davlat havfsizligiga tajovuz qilgan", deb topilgan.

Zulfiyaning otasi Hamidullo Omonov 1999-yilning oktyabr oyida O‘sh shahridagi shaxsiy ustaxonasidan g‘oyib bo‘lib, keyinchalik O‘zbekiston qamoqxonasidan topilgan.

O‘sha yili, Hamidullo Omonov O‘zbekiston sudi tomonidan "Hizbut Tahrir" diniy oqimiga aloqadorlik va O‘zbekistonda konstitutsion tuzumga tajovuzda ayblanib 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Jazoni o‘tash muddati bir necha martda uzaytirilgan Hamidullo Omonov 2013-yilning 4-aprelida Koson qamog‘ida vafot etgan.

Muhabbat Omonova, erini vafot etganligi haqida 2013-yilning 11-aprel kuni telegramma olganligini aytadi. Unga ko‘ra, tegerammada erining yurak xurujidan 4 aprelda olamdan o‘tgani va yaqinlari vaqtida kelmagani bois marhumning jasadi Koson shahridagi qabristonga dafn etilgani yozilgan.

"Telegrammani olganimizdan keyin, O‘zbekistonga bordik. Ruslar qabristonidagi bir qabrni ko‘rsatdi, shu yerga ko‘milgan deb. Erimni jasadini O‘shga olib ketaman desam, unashmadi. Noiloj O‘shga qaytib kelib, uyda g‘oibona janoza namozini o‘qitdik", - deydi Muhabbat Omonova.

Marhumning g‘oibona janozasiga yig‘ilgan odamlar orasida jurnalistlar ham bo‘lganini, ularga oilaning boshidan kechirganlarini qizi Zulfiya bilan birga so‘zlab berganini aytar ekan, Muhabbat Omonova hech qanday "kofir" so‘zi yoki davlatga qarshi gapirmaganliklarini ta‘kidladi.

"Bizga quruq tuhmat qilishayapti. Unday so‘zlar bo‘lmagan. O‘tgan yili video internetda paydo bo‘lganidan keyin, uyimizga qizim nomiga povestka keldi. Yosh qiz o‘zi bormasin deb, advokat yollab, SNBga bordik. Tergovchi ishda yo‘q ekan. Ertasi kuni ham bordik, topa olmadik. 3-4 martda borgandan keyin advokatimiz aytdi, o‘zi chaqirtiradi, o‘shanda kelasizlar deb. O‘sha bo‘yicha tinchib ketdi deb o‘ylagan edim. Endi esa "qochib yuribdi", deb izlab kelib, olib ketdi" - deydi Muhabbat Omonova.

Hozirda tergov yakunlangunga qadar Shahar sudi Zulfiyani bir oy mobaynida hibs ostida ushlab turilishi haqida hukm chiqargan.

BBC Qirg‘iziston rasmiy organlariga murojaat qilib, Zulfiya Omonovaga qo‘yilgan ayblovlar aynan nimalarga asoslangani haqida aniqlik kirtishni so‘ragan, lekin hozircha javob ololgani yo‘q.