Toshkentdagi biznes markazda portlash sodir bo‘ldi

Image caption Facebookda e‘lon qilingan suratlarda binoning jiddiy zarar ko‘rgani aks etgan

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, ko‘p qavatli "Labzak" biznes markazi binosida yuz bergan portlashga gaz sizishi sabab bo‘lgan.

"Toshkentshahargaz"dagi manba‘ning BBCga bildirishicha, portlash haqidagi ilk xabar "101" qo‘ng‘irog‘i orqali avariya xizmatiga mahalliy vaqt bilan 18.10da kelib tushgan.

Avariya xizmati navbatchisining aytishicha, hozirda portlash sodir bo‘lgan yerda Toshkent shahar militsiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va "Toshkentshahargaz" avariya xizmati bo‘linmalari ish olib bormoqda.

Hodisa shohidlari Facebookda e‘lon qilgan suratlardan portlash natijasida binoga jiddiy zarar yetganini ko‘rish mumkin.

"Labzak" biznes markazi binosi MTS mobil xizmatining eski idorasi qarshisida joylashgan.

Hodisa joyini borib ko‘rishga uringan poytaxt yashovchilaridan birining BBCga aytishicha, hudud "Ishchilar shaharchasi"ning xalqa yo‘lidan boshlab o‘rab olingan.

Facebook foydalanuvchilaridan biri bino ichkarisidan qandaydir "qoldiq"lar olib chiqilayotgani haqida yozgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, hodisada jarohatlangan bir necha kishi ToshMI shifoxonasiga olib kelingan.

Qurbonlar haqida ma‘lumot yo‘q.

Guvohlardan birining Facebookda yozishicha, hodisa joyida "avtomat ko‘targanlar turibdi va hech kimni o‘tkazmayapti".

Portlash yuz bergan bino qarshisidagi ko‘p qavatli uyda yashashini aytgan yana bir foydalanuvchi hodisa ro‘y bergan vaqt o‘g‘li bilan uyda bo‘lgani, "gumburlash" ovozidan qo‘rqib ketganliklari va derazadan qarab, binoning beshinchi qavatigacha oq tutunga to‘lganini ko‘rganligini yozadi.

"Toshkentshahargaz" vakili BBC bilan suhbatda portlashning dastlabki sababi gaz sizishi deb taxmin etilayotgani, hozircha biron rasmiy faraz yo‘qligini bildirdi.

Agar siz voqea joyida bo‘lsangiz, ko‘rgan-kechirganlaringiz haqida BBCga yozing: uzbek@bbc.co.uk