Ukraina sharqida terrorga qarshi amaliyotlar qayta boshlandi

Image copyright AP

Ukraina rasmiylari mamlakat sharqida rossiyaparast faollar tomonidan bosib olingan qator shaharlar ustidan nazorat o‘rnatish uchun terrorga qarshi amaliyotlar qayta boshlanganligini ma‘lum qildilar.

Ukraina prezidenti vazifasini o‘tayotgan Oleksandr Turchinovning aytishicha, "vahshiyona qiynoqqa tutilgan" ikki mahalliy shaxsning jasadi topilganidan so‘ng amaliyotlarning boshlanishiga buyruq bergan.

Jasadi topilganlardan biri mahalliy siyosatchi Vladimir Ribakdir.

Vladimir Ribak "Vatan" partiyasi rahbarlaridan bo‘lib, uning jasadi Slovyansk shahri yaqinidagi daryoda seshanba kuni topilgan.

U bir necha kun avval bedarak ketgandi. O‘ldirib ketilgan ikkinchi shaxs kim ekanligi ma‘lum qilinmagan.

"Donetsk shahrini bosib olgan terrorchilar haddilaridan oshishdi", - dedi janob Turchinov.

"Bu jinoyatlar Rossiyaning to‘liq qo‘llovi bilan amalga oshirilmoqda", - deya ilova qildi Oleksandr Turchinov.

Ukraina sharqida bosib olingan shaharlarni qaytarib olish maqsadida amaliyotlar 16 aprel kuni boshlangandi, lekin nasroniylarning Pasxa bayrami kunlari to‘xtatilgan.

Donetsk mintaqasidagi tanglik kuchayib borayotganligi belgilari ko‘zga tashlanmoqda.

Slovyanskdagi rossiyaparast faollar Vice News agentligi muxbiri AQShlik jurnalist Saymon Ostrovskiyni ushlab turganliklari xabar berilgan.

Ayni vaqtda 150 nafar AQSh askari Polshaga yetib kelgan. Vashingtonga ko‘ra, ular mintaqadagi NATO Ittifoqchilari tomonidan o‘z harbiy qudratini namoyish etish maqsadida joylshatirilajak 600 askar tarkibida bo‘ladilar.

AQSh Davlat Kotibi seshanba kuni Rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan telefon orqali so‘zlashuvda Rossiya Ukraina borasida ohangini pasaytirib, diplomatik jabhada ko‘proq amal qilishi kerakligini aytgan.

Janob Kerri shuningdek, Rossiya Ukraina sharqida ma‘muriy binolarni bosib olgan shaxslarni qurollarini tashlab, binolardan chiqishlariga da‘vat qiluchi bayonot chiqarishini talab qilgan.