"O‘zbek bloggerlari jonlanmoqda, lekin ta‘sir o‘tkazish borasida hali zaif"

O‘zbekzabon bloggerlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ilk chempionatning g‘oliblari O‘zbekiston, AQSh va Qirg‘izistondan turib yozgan bloggerlarni tashkil qilgan. Ayrim muxolifatchilar tanlovda faqat hukumatni madh qiluvchi yoshlar qatnashganini da‘vo qilgan. Biroq ishtirokchilar mavzular cheklanmagani va turnirda o‘zbek matbuotida chop etilishi amrimahol bo‘lgan tanqidiy fikrlar ham yozilganini ta‘kidlashmoqda.

Ilk marotaba tashkillashtirilgan chempionatda 116 ta ishtirokchi qatnashdi. Qariyb 3 oy davom etgan turnirning yakuniy bosqichidagi natijalar 21 mart arafasida e‘lon qilindi. 12 aprelda esa sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot marosimida qatnashgan va chempionatning final bosqichiga yetib kelgan mustaqil jurnalist Sohiba Hayitboyeva chempionat O‘zbekistonda bloggerlarlik sohasini jonlanishiga turtki berganini aytadi.

"Bloggerlik O‘zbekistonda rosa sust edi. 3-4 ta yozadigan odam bor edi. Bloggerlik uncha rivojlanmagandi. Tanlov bahona jonlanish bo‘ldi, ancha rivojlandi. Hozir muntazam yozadiganlar paydo bo‘ldi. Shu tomonlarini ko‘rib xursand bo‘ldim", - deydi Sohiba Hayitboyeva.

Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidan Shermuhammad Abdug‘ofurov tanlovda 3 - o‘rinni oldi. Shermuhammad chempionatga qiziqishning ortib ketishi va qatnashuvchilar sonining bunchalik ko‘p bo‘lishini tashkilotchilar ham kutmaganini bildirdi.

"To‘g‘risi, birinchi turda 116 ta odam qatnashish istagini bildirishini hech kim kutmagandi. Tashkilotchilarning o‘zi ham kutmagan bo‘lsa kerak. Chunki birinchi muhokamalarda 15-20 ta odam qatnashsa juda ham zo‘r bo‘lardi, degan gaplardan so‘ng 116 kishining ishtiroki kutilmagan bo‘ldi. Tanlovning o‘tishi ham shaxsan men kutganimda yaxshi bo‘ldi", - deydi Shermuhammad Abdug‘ofurov.

Tanlovda turli mavzulardagi va darajadagi bloglarni uchratish mumkin. Yengil kulgiga asoslangan blogpostlardan tortib, ijtimoiy-siyosiy mavzulargacha topish mumkin edi.

Ilk bosqichda "Sport" telekanali jurnalisti Diyor Imomxo‘jayevning "Mening ismim Xon. Men terrorchi emasman" nomli blogposti shov shuvga sabab bo‘ldi.

Muallif kundalik hayotda o‘zi duch kelayotgan ogohlikka chaqiriq, militsiya tomonidan haddan ziyod ko‘p tekshirish va kasbidagi tsenzurani o‘ziga xos uslubda ko‘rsatishning uddasidan chiqqan.

Militsiya tomonidan sumkalarning har safar ochib ko‘rilishini ko‘rsatib berish maqsadida muallif quyidagi dialogga o‘xshash holatni 7 marta qayta qayta yozgan.

"Ekskalator. Jonajon Militsiya. Nega u menga bunday qarayapti? Kimligini eslolmadim.

"Iltimos, sumkangizni ochib yuboring!"

- Bu nima?

- Noutbuk.

- Yoping!

"...mening ismim Xon, men terrorchi emasman!"

"Tinchligimiz bardavom bo‘lsin!", - deb yozadi Diyor Imomxo‘jayev.

Ayrim muxolifatchilar tanlovda faqat hukumatni madh qiluvchi blogpostlarga o‘rin berilgani haqida yozgan. Biroq chempionatga blogpostlarni Rossiyadan turib yozgan Sohiba Hayitboyeva tanlov davomida tsenzura kuzatilmaganini aytdi.

"Tsenzura masalasiga kelsak, tanlovda bo‘lmadi. Chunki mening finalda qatnashgan maqolam, "Mening onam Rossiyada", degan mavzuda edi. Menga eng yoqqan bloglar ichida Zokirbek O‘rinovning bloglari bo‘ldi. "Rossiya tarkibiga qo‘shilamizmi?" yaxshi blog bo‘ldi. Buni O‘zbekistonda hech qaysi matubot bosib chiqarmagan bo‘lardi. Yana "Guberniyev sindromi" maqolasi juda ham yoqdi. Agar tsenzura bo‘lganida mana shular berilmas edi", - deydi Sohiba Hayitboyeva.

Tanlov ishtirokchisi Shermuhammad Abdug‘ofurovga ko‘ra, tashkilotchilar tomonidan erkin mavzular berilgan, tanqidiy ruhdagi materiallar ham yozilgan, biroq ular ko‘pchilikni tashkil qilmagan.

"Bunaqa blogpostlar, to‘g‘risi, ko‘pmas. Chunki muammolarni ko‘tarib chiqib yozadigan bloggerlar ham umumiy muammolarni yozadi. Misol uchun, Xushnudbek Xudayberdiyev singari Trastbankdagi yozuvlarning mana bu yerlari xato ekan, deb yozmaydi. Shuning uchun ham umumiy gaplarga falonchi, deb aniq ismini yozmasangiz o‘sha falonchi munosabat bildirmaydi", - deydi Shermuhammad Abdug‘ofurov.

Kuzatuvchilar turnirda asosan yoshlar qatnashgani va o‘rta yoshli yoki yoshi katta bloggerlarning deyarli yo‘qligiga e‘tibor qaratishadi.

Samarqandlik mustaqil jurnalist va blogger Toshpo‘lat aka Rahmatullayev tanlovning ilk bosqichida qatnashgan va keyingi bosqichiga blogpost yozmagan.

"Men qatnashmoqchi edi, ikkinchi bosqichga uch kun qolganda kirishdim. Ketma ket chiroq bo‘lmadi. Uch kunda ham bitta narsa yozolmadim. Bo‘lmasa o‘zbek tilida yozadigan juda ko‘p fikr va maqolalarim bor", - deydi Toshpo‘lat Ramatullayev.

Toshpo‘lat aka Samarqanddan turib muntazam o‘zbek va rus tillarida blog yozib turuvchi jurnalist hisoblanadi.

Shuningdek, tanlovda ko‘proq xorijdagi o‘zbek bloggerlari faol bo‘lgani aytilmoqda. Sovrindor o‘rinlarni egallagan bloggerlarning ikkitasi O‘zbekistondan tashqarida ekanligi ham ushbu fikrni tasdiqlagandek.

Tanlovda 116 ta blogger qatnashgan bo‘lsada, o‘zbek bloggerlarining hali yetarlicha ommalashmagani va biror ijtimoiy fikr uyg‘otadigan va odamlarni faollashtiradigan kuchga ega emasligi aytiladi.

"Mening blogimga bir haftada kiradiganlar soni Rossiyadagi o‘rtacha bloggerning bir kunda kiruvchilari sonidan ham kam. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, biz yozayotgan narsalarning yetib borishi ham muammo. Chunki unaqa darajada mashhur emasmiz, bir narsaga ta‘sir qiladigan kuch yo‘q. Ijtimoiy fikr uyg‘otadigan, jamiyatda biror narsaga munosabatni o‘zgartiradigan darajada kuchga ega emasmiz", - deydi Shermuhammad Abdug‘ofurov.

Your contact details
Disclaimer