Rossiya: mehnat muhojirlari uchun til imtihoni yangi talablaridan maqsad nima?

Image copyright Reuters

Rossiyadagi mehnat muhojirlari uchun migratsiya xizmati tomonidan ishlab chiqilayotgan til imtihoni yangi talablari

Rossiya Federal Migratsiya xizmati rus tili bo‘yicha imtihon o‘tkazish tartiblarini tayyorladi.

Rossiyaga kelgan mehnat muhojirlar rus tili bo‘yicha sinovdan o‘tgach, ishlashga ruxsat beriladi.

Bunda mehnat muhojirlar rus tilidan qanchalik savodli ekanliklari va nafaqat kundalik so‘zlashuvni, balki falsafiy, publitsistik va badiiy matnlarni tushuna olishlarini ko‘rsata bilishlari lozim bo‘ladi.

Maorif vazirligi bildirishicha, Rossiyaga ishlamoqchi bo‘lgan kishilar kamida 850 so‘z zahirasiga ega bo‘lishlari talab etiladi.

BBC bu borada Moskvadagi Muhojirlar bilan ishlash huquqiy markazining rahbari Yulduz Otaniyozovaning fikrlarini so‘radi.

Yulduz Otaniyozova: Bu borada biron rasmiy e‘lon berilgani yo‘q, lekin matbuotda eshitganlarimdan bilganim, bu talablarda badiiy matnni, kinofilmlar va teatr spektakllarini har tomonlama tushunish va uqish kabi shartlar bor. Mening fikrimcha, bularning hammasi Rossiyaga shunchaki ishlash uchun odamga kerak emasku. Fuqarolikni qabul qilmoqchi bo‘lsa balkim kerakdir. Mening fikrim shunday. Rossiyada shu vaqtgacha til bo‘yicha testlarni o‘tkazish va o‘qitish markazlarini tashkil qilish huquqi to‘rt oliygohga berilgandi va ular buni amalga oshirib kelishmoqda edi. Nima uchun hozirda Federal Migratsiya Xizmati o‘zining qandaydir talablar ro‘yxatini ishlab chiqyapti, menga tushunarsiz.

BBC: Ya‘ni, bu kabi til imtihonini mehnat muhojirlari shu vaqtgacha ham topshirib kelganmidilar?

Yulduz Otaniyozova: Ha, aytib o‘tgan 4 oliygoh tomonidan butun Rossiya bo‘ylab 15 mingga yaqin maxsus markazlar tuzilib, litsenziya asosida tilni o‘qitib, keyin belgilangan 850 so‘z asosida imtihonlarni qabul qilib, sertifikatlar berib kelmoqda edilar. Ana shu jarayonning qaysi bosqichiga hozirda Fedreal Migratsiya Xizmati suqulib kirmoqchi men bilmayman. Menimcha bu umuman keraksiz narsa. Bir necha yil harakatlardan so‘ng tizim va talablar allaqachon ishlab chiqilgandiku.

BBC: Qachondan beri mehnat muhojirlari bu imtihonlarni topshirib kelmoqda edilar?

Yulduz Otaniyozova: 2013 yildan beri. Lekin bungacha bir necha yil tayyorgarlik ishlari olib borilgandi. MDH davlatlari bilan o‘rta ta‘lim attestatlarini o‘zaro qabul qilish bitimi bor. Ana shu bitimga imzo chekkan davlatlardan kelganlar attestatlarida rus tilidan 3 dan past bo‘lmagan baho bo‘lsa bu imtihonni topshirmasdilar. Lekin menimcha, O‘Zbekiston bu bitimga imzo chekmagani uchun u yerdan kelganlar topshirishlari kerak edi.

BBC: Demak bu kabi imtihon tizimi va talablar allaqachon mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda Federal Migratsiya Xizmati anchayin murakkabroq talablarni ishlab chiqib, bu jarayonni mushkullashtirmoqchi, deb taxmin qilishimiz mumkinmi?

Yulduz Otaniyozova: Balkim xizmat bu jarayonni yanada qolipga solishga harkat qilayotgandir. Lekin bu harakatida yon-atrofga qaramay, allaqachon mavjud tizimlarni nazarga olmay qo‘yayotgandir. Bizda bu narsa ro‘y berib turibdi, bor qonunlar o‘rniga yangilari kiritiladi, qayta-qayta o‘zgartiriladi. Aslida bor qonunlar ishlatilsa yangisiga hojat yo‘q. Lekin qonunlar ishlamagani uchun qani uni qat‘iylashtirib ko‘raylikchi, yaxshiroq ishlarmikan, degan harakatlar qilinadi. Boshqa tomondan Federal Migratsiya Xizmati ham til imtihonlari jarayoniga qo‘shilib, o‘z markazlarini tashkil etib bu orqali ishlanayotgan pullarning bir qismiga ega bo‘lmoqchimikan, kim bilsin?