Turkiya Bosh vaziri Arman xalqiga ta‘ziya bildirdi

Image copyright AP

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘on Usmoniylar imperiyasida Birinchi Jahon Urushi vaqtida o‘ldirilgan va badarg‘a etilgan yuz minglab armanilarning avlodlariga ta‘ziya izhor etgan.

Lekin qariyb 100 yillik tarixga ega voqea yuzasidan kechirim so‘ramagan.

Bu Turkiya hukumatining armanilar o‘limi yuzasidan birinchi bor ushbu tarzda chiqishidir.

Armanistonning da‘vo qilishicha, Usmonli turklar tomonidan 1.5 millionga yaqin armanilar Birinchi Jahon Urushi yillarida halok etilgan.

Shu boisdan, Armaniston Turkiyadan Birinchi jahon urushida armanlarning ommaviy o‘ldirilishini genotsid deb tan olishni talab qilib keladi.

Mazkur ommaviy o‘ldirilishlar armanilar tomonidan qatliom sifatida ko‘rilishi Turkiya bilan o‘n yillardan buyon davom etayotgan adovat asosida turadi.

Turkiya esa voqeaga bunday yondashuvni keskin rad etadi. Va Turkiya 1915 yildagi voqeada odamlar o‘zaro ichki qarama-qarshilikning qurbonlari bo‘lishgan va o‘lganlar soni ham sun‘iy oshirilgan deb biladi.

Erdo‘g‘onning Armanlarning ommaviy deportatsiya qilinishining 99 yilligi munosabati bilan qilgan murojaatida ta‘kidlanishicha, asr boshidagi hodisa "insoniylikka yot" va bugunga kelib ikki mamlakatning "umumiy dardi"ga aylangan.

"Umid va e‘tiqod bilan, o‘xshash odat va an‘analarga ega ikki qadimiy xalqlar birgalikda va munosib ravishda o‘zlarining o‘tmishi va berilgan qurbonlarni xotirlashadi, deb o‘ylaymiz. Biz 20 asrning boshidagi hodisada halok bo‘lgan armanlarning ruhlari tinch bo‘lishini tilaymiz va ularning avlodlari, nevaralariga ta‘ziyamizni bildiramiz", deydi Erdo‘g‘on. U qadimiy xalqlar o‘tmishni hurmat qilib, kelajakni birgalikda qurishlari mumkinligini aytadi va sabr-bardoshli bo‘lishga chaqiradi. Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, asr boshida murakkabliklar nafaqat armanilarga, balki Usmoniylar imperiyasi davridagi barcha xalqlar yelkasiga tushgan.

Arman mintaqalar tadqiqot markazi rahbari siyosatshunos Richard Giragosyanning aytishicha, Erdo‘g‘onning ta‘ziya izhor etishi kutilmagan va juda muhim qadam bo‘lgan.

"Bu murojaat uch manbaga qaratilgan: Arman jamoasi, Arman hukumati va Turk jamoatchiligiga. Amerika Kongressi bu masalani doim ko‘tarib keladi. Arman hukumati uchun bu vaziyatning yumshayotganini anglatadi. Shuningdek, Erdo‘g‘on prezident bo‘lish niyatida ekan, u o‘zining omma oldidagi oldingi qattiqqo‘l obrazini biroz yumshatishni xohlayotganini ko‘rsatadi" deydi arman siyosatshunosi.

Erdo‘g‘an 1915 yildagi hodisalarni to‘liq tadqiq qilish muhimligini aytadi. U qidiruv ishlari bilan arman va turk tarixchilari ishtirokida xalqaro komissiya shug‘ullanishi lozimligini bildiradi. Erdo‘g‘on bunga bog‘liq Turkiyadagi barcha arxivlarni ochishga va‘da beradi.

Shuningdek, u 1915 yil voqealari muxolifat tomonidan siyosiy maqsadda foydalanmaslik kerakligini ta‘kidlagan.

24 aprel Usmoniylar imperiyasidagi arman qurbonlarini xotirlash kuni hisoblanadi. 1965 yil Urugvay, keyin Rossiya, Frantsiya, Olmoniya, Hollandiya, Belgiya, Slovakiya, Argentina va AQShning 50 shtatidan 42 tasi armanlar qatliomi bo‘lganini tan olgan.

Turkiya 20 asr boshida Usmoniylar imperiyasi davrida armanlarning ommaviy qatl etilganini rad etadi.