Uchoqda joy yetishmasligi sabab 45 yo‘lovchi Toshkentdan Moskvaga ucholmagan

Image copyright none

O‘zbekiston havo yo‘llarining 603 reysi bo‘yicha Toshkent-Moskva yo‘nalishidan 45 nafar yo‘lovchi uchoqqa sig‘magani uchun qolib ketgan. Bu haqda ushbu reys yo‘lovchisi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ma‘lum qildi. Toshkent aeroporti mas‘uli esa bunday holatni chiptalarning keragidan ko‘proq sotilgani bilan izohladi.

"Aeroportda o‘tiribman. Menga uchoqda joy yetmay qoldi. Faqat bizda shunaqa. "Iste‘molchilar" guruhida shunaqa holat bo‘layotganini o‘qigandim, lekin ro‘yxatdan o‘tishga 2,5 soat qolganda kelib 40 kishi joy yetishmasdan qolib ketishimizni o‘ylamagandim", - deb yozadi Anastasiya Li.

Ma‘muriyat yo‘lovchilarni kechki reys bilan uchib ketishiga va‘da bergan. Yuzaga kelgan noqulaychilikni esa bir kun oldingi reysda joy yetmay qolgani sabab o‘sha reysdagi yo‘lovchilarni bugungi reys bilan yuborishgani bilan izohlashgan.

Toshkent xalqaro aeroporti direktorining muovini Ravshan To‘laganov BBC bilan suhbatda yo‘lovchilarning uchoqqa sig‘may qolganini tasdiqladi.

"Havo yo‘llari haqiqatdan ham 45 ta ko‘p bilet sotib yuborgan. Havo yo‘lariing reysga 10 foiz ortiqcha chipta sotish haqqi bor", - deydi Ravshan To‘laganov.

Mas‘ul, yuzaga kelgan holat bo‘yicha O‘zbekiston havo yo‘llari shirkati javobgar ekanligini bildirdi. To‘laganov janoblari Havo yo‘llarining aybi bilan yo‘lovchilarning o‘z reysi bilan ucholmay qolish holati oldin ham bo‘lganini va ushbu masala yuzasidan shirkatga shikoyat qilmoqchi ekanligini bildirdi.

"Ertaga shu masala bo‘yicha, men Havo yo‘llariga shikoyat qilmoqchiman. Oldin ham shikoyat qilganmiz. Oldin shu masalalarning oldini olishgan edi, kamaygandi. Hamma reyslar yaxshi ketayotgandi. Bugun ancha odam joysiz qolib ketdi", - deydi Ravshan To‘laganov.

O‘zbekiston havo yo‘llari shirkati matbuot kotibi Feruza Qurbonova BBCning so‘rovi bilan ushbu masalani o‘rgandi va yo‘lovchilarning ucholmay qolishida kompaniyaning aybi yo‘qligini bildirdi.

"Bu aviakompaniyamizning aybi bilan emas ekan. Sayyohlik agentliklari bizning Havo aloqalari Bosh agentligimiz bilan shartnoma asosida ishlashadi. Lekin ortiqcha o‘rinlarga, yo‘q joylarga sotayotganda yoki bron qilgani haqida sistemaga tezkor ma‘lumot kiritishi kerak. Ko‘p agentliklar ana shu sistemaga ma‘lumot kiritmasligi oqibatida yo‘lovchilar reysga kelganda qolib ketishadi. Chunki ular asosiy sistemada yo‘q bo‘ladi", - deydi Feruza Qurbonova

O‘zbekiston havo yo‘llari shirkatida ushbu muammoni hal etish bo‘yicha maxsus komissiya ishlamoqda. Shirkatning tijorat departamenti va Havo aloqalari Bosh agentligidan tashkil topgan komissiya joylardagi aviakassalarda tekshiruv ishlari olib borayotgani hamda nazorat qilayotgani bildirildi.

Feruza Qurbonova Respublikadagi Havo yo‘llari bilan shartnoma tuzgan agentliklarning layoqatsizligi orqali shunaqa holatlar ko‘p bo‘lib turishini ma‘lum qildi.

Matbuot kotibi ko‘ra, Toshkent-Moskva reysidan qolib ketgan yo‘lovchilar keyingi reys orqali manziliga yuboriladi. Ularga hech qanday tovon puli to‘lanmaydi.

Biroq o‘z reyi bilan ucholmagan yo‘lovchilar 36 572 so‘mdan tovon puli olganini yozdi.

"Aviakassalarda ayb yo‘q"

Biroq aviakassa xodimlari ko‘p chipta sotish va yo‘lovchilarning o‘z reysidan qolib ketishi kabi muammolarda o‘zlarining aybi yo‘qligini ta‘kidlashmoqda. Toshkentdagi avikassalarning biridan kassir, agar aviakassalar chipta oldi sottisini o‘z vaqtida sistemaga kiritmasa joy borligi sistemada ko‘rinmasligini bildirdi.

"Biz sistemadan joy olamiz. Sistemaga havo yo‘llari joy tashlab beradi. Ular 10 foiz ortig‘i bilan sotishadi. Bu odatiy jarayon. Misol uchun samolyotning borti almashtirilsa , kichkina samolyot qoldirilib chiptalar boshqa reysga jarimasiz rasmiylashtiriladi. Aviakassalarning o‘zi chipta sotishiga haqqi yo‘q. Sistemadan olamiz. Joy bo‘lsa sotaveramiz. Uchoqqa aeroportda qanday chiqarilishi bu aviakompaniyaga bildiriladigan e‘tiroz", - deydi nomini oshkor qilishni istamagan chipta sotuvchilardan biri.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida fikr qoldirgan yo‘lovchilar O‘zbekiston havo yo‘llari reysidan qolib ketish odatga aylangani, ushbu reys bilan xorijdan Toshkentga uchayotganda ham shunaqa muammo kelib chiqishi haqida yozgan.

Bir foydalanuvchining yozishicha, belgilanganidan ortiq chipta sotgan Havo yo‘llari kompaniyasi ushbu muammo kelib chiqmasligi uchun borti kattaroq uchoqni reysga qo‘yish kerak, biroq ko‘p hollarda bu sodir bo‘lmaydi va ayrim yo‘lovchilarning keyingi reysga qolishi, keyingi reysdagilarning esa undan keyingisiga qolib ketishi zanjir kabi davom etaveradi.

Your contact details
Disclaimer