Vahobiylar: Islohotchimi yoki zo‘ravon?

Image copyright AP
Image caption Vahobiylar yo salafiylar o‘ta aqidaparast va faqat Qur‘onga amal qilishadi

"Oilada biron marta musiqa tinglamasdan, raqs tushmasdan o‘sganman. Chunki musiqa va raqs shaytonning ishi, deya uyimizda harom qilingandi".

Britaniyalik doktor Usama Hasan bolaligini ana shunday xotirlaydi. U vahobiy oilasida tug‘ilib o‘sgan.

Vahobiylar yoki salafiylar esa musiqa, ashula hamda raqsni rad etishadi.

Usama Hasanning ota-onasi biron milliy madaniyat yo bid‘atlardan holi sof Islomga e‘tiqod qilgan musulmon bo‘lishgan.

"Taqvodor turmush tarzi menga yoqadi" - deydi Usama Hasan - "Chunki e‘tiqod sening hayotingga mazmun va ma‘no baxsh etadi".

Vahobiylar uchun esa buzilmagan e‘tiqod barcha narsaning markazida turadi.

Vahobiylik asoschisi

Bu oqim vakillari "vahobiy" iborasini yoqtirishmaydi. Ular o‘zlarini salafiylar, deb ataydilar.

Vahobiy iborasi XVIII asrda Arabiston yarim orolida yashagan Muhammad Abdul Vahob nomidan keladi.

Madinai Munavvarada tahsil olgan bu o‘qimishli ulamo o‘z davridagi Islomiy islohot harakatlaridan ta‘sirlangan.

Image copyright AP
Image caption Saudiyada ayollarning mashina haydashi taqiqlanishi vahobiylikka bog‘liq emas, chunki boshqa vahobiy yurt - Qatarda bunday taqiq yo‘q

Islomni chuqur o‘rganarkan, u qator Islomiy matn va qoidalarni, hatto ba‘zi Hadislarni ham shubha ostiga ola boshlaydi.

Musulmon jamiyatlaridagi an‘anaviy qarashlarni bu taxlit savolga tutib, ularni buzishga intilish esa inqilobga teng harakat edi.

"Muhammad Abdul Vahob faqat Qur‘onga tayangan" - deydi vahobiy Islom tarixini o‘rgangan Boston universiteti professori Natana Delong Ba - " Hadislarni Qur‘oni Karim bilan solishtirgan va muqaddas kitobga zid tushganlarini yolg‘onga, mos tushganlarini esa sahih Hadislarga ajratgan".

Olimaga ko‘ra, Qur‘onning turli xilda talqin etilishi sabab musulmonlar taqvosining buzilishi va Islom dinining asil ma‘nosi o‘zgarib ketishi Muhammad Abdul Vahobni chuqur tashvishga solgan.

Ayolparvar vahobiylar

Vahobiylik tarixini o‘rgangan tahlilchilarga ko‘ra, bu oqimning ilk vakillari aslida islohotparvar va inson huquqlarini shariat doirasida ta‘minlashga intilgan ilg‘or odamlar bo‘lishgan.

Masalan, Islom qonun-qoidalarini joriy etishda oddiy odamlarning ehtiyojlariga e‘tibor qaratish muhimligini, diniy amallar borasida esa musulmonlarning tanqidiy fikrlariga quloq tutish lozimligini aytishgan.

O‘sha davrda juda ko‘plab musulmon jamiyatlari poraxo‘rlikka botgan, inson haq-huquqlari toptalib, qonunlarni ta‘minlash yo‘lida na davlat, na din tuzuk ishlagan.

Xuddi shu o‘rinda, Muhammad Abdul Vahob ayollarning jamiyatdagi mavqei oyoqosti qilinayotganiga ahamiyat bergan.

U xotin-qizlarning Islomda qayd etilgan huquqlari to‘la ta‘minlanishi lozim, deb chiqqan.

Image copyright Getty
Image caption Vahobiy oilada o‘sgan Usama Hasan bugun bu oqimda zo‘ravonlik targ‘ib etilishidan hayratda

"Muhammad Abdul Vahob ayol so‘zi va fikriga quloq tutish lozimligini, oila qurguncha qiz bolaning istagi hamda roziligi juda shartligini, taloq masalasida esa xotinning huquqini ernikiga tenglashtirish zarurligini ta‘kidlagan" - deydi professor Natana Delong Ba.

Shuningdek, nomusga tajovuzni eng og‘ir jinoyat sanab, bu uchun og‘ir jazo tayinlanishi lozimligini urg‘ulagan.

Bir hikoyada aytilishicha, Muhammad Abdul Vahob zino yo‘lidan qaytmagan ayolni toshbo‘ron qilishni ham istamagan va afsus-nadomat bilan uni jazolashga rozi bo‘lgan.

Uning yozishicha, ilm olish huquqi ayolga ham, erkakka ham teppa-teng berilgan va musulmonlar buni buzmasliklari lozim.

Lekin shunga qaramay, zamonaviy feministlar nazdida Muhammad Abdul Vahobni ayol huquqlari kurashchisi deb bo‘lmaydi.

"U ayollar haq-huquqi uchun kurashmagan" - deydi Londondan islomshunos olima Madaviy Rashid - "Faqat Shariatda ko‘rsatilgan ayollar huquqlarini ta‘minlagan, xolos".

Soflikmi yo toqatsizlik?

Muhammad Abdul Vahob olib kirgan islohotlar har doim ham xush qarshilanmagan va ba‘zi hollarda ziddiyatlarga yetaklagan.

Islom dini dunyo bo‘ylab yoyilishga ulgurgan va turli madaniyatlar bilan uchrashgan XVIII asrdagi musulmon xalqlari odatlari, an‘ana va bayramlari ham turfa xil edi.

Nafaqat Yahudiy yo Nasroniy dinlari ta‘siri, balki Osiyo va Afrika xalqlari inonch hamda urf-odatlari ham Islomiy an‘analar bilan qorishib ketgandi.

Ayrim musulmonlar Navro‘z bayramini nishonlashsa, boshqa birlari hamon to‘ylarida olovdan aylanardi. Boshqalari pirlardan madad kutishsa, ba‘zilari muqaddas qadamjolarni tavof qilishardi. Yana kimlardir janozada chiroq yo sham yoqishardi.

Image copyright Reuters
Image caption Musulmonlarning eng muqaddas zaminida vahobiylik rasmiy diniy oqim

Muhammad Abdul Vahob Islom dinini bu kabi bid‘at va xurofotdan tozalashga bel bog‘laydi.

"Abdulvahob musulmon olamidagi ikkinchi Xalifning inisi ko‘milgan va ziyoratgohga aylangan maqbarini buzib tashlagan" - deydi so‘fiylikdan voz kechib, vahobiylik yo‘lini tanlagan olim Abu Xadicha.

"Ammo biz ming yildan beri ziyorat qilgan joyni buzadimi, deb ko‘plab musulmonlar g‘azablanishgan va shu asno vahobiylik g‘oyalariga qarshi ilk norozilik paydo bo‘lgan".

U odamlar latta bog‘lab, niyat qiladigan ziyoratgoh daraxtlarni kesgani haqida ham hikoyalar bor.

Ayni ishlari bois ba‘zida musulmonlar uni o‘z qishloqlariga kiritmasdan haydab solishgan. Hatto bir bora o‘ldirishga ham intilganlar.

Muhammad Abdul Vahob aqidaparast bo‘lgan, biroq an‘anador bo‘lmagan.

Din va siyosat kelishuvi

Ammo dinda keng ko‘lamli islohot qilish uchun siyosiy kuch ham zarurligini Muhammad Abdul Vahob yaxshi anglagan.

Bu azaliy qonun-qoida va dinni yoyish usuli vahobiylik uchun ham qo‘l kelgan.

Muhammad Abdul Vahob o‘sha paytdagi Arabiston yarim oroli hukmdori Muhammad ibn Saud bilan kelishuvga boradi.

Image copyright dx
Image caption Saudiyaning neft pullari bois vahobiylik dunyo bo‘ylab yoyilmoqda

Muhammad ibn Saud vahobiylik ta‘limotini qabul qiladi va shu asno unga tobe arablarda ham vahobiylik yoyila boshlaydi.

Saudiya xalqi vahobiylikka rioya etishi esa butun musulmon olamida ta‘sir o‘tkazmay qolmaydi.

Negaki, bu sahro bag‘rida musulmonlarning ikkita eng muqaddas shahri - Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara joylashgan.

Lekin barcha musulmonlar ham vahobiylarga do‘stona munosabatda emaslar. Ko‘pchilik ularga hadiksirab qaraydi.

Ishonchsizlik ildizlari esa Muhammad Abdul Vahob o‘limidan keyingi davrga borib taqaladi.

Vahobiylik yovuzlik ramzimi?

Muhammad Abdul Vahob va uning siyosiy homiysi Muhammad ibn Saud o‘limi ortidan ular tuzgan islohotchi harakat obro‘siga dog‘ tushadi.

Saud oilasi vorislari yangi yerlarni egallash va boylik orttirishga hirs qo‘yadilar.

XIX asr boshida saudiyalik vahobiylar ilk zo‘ravonlikka qo‘l urishadi.

Ular shia musulmonlarining muqaddas shaharlari bo‘lmish Karbalo va Najafga hujum qilib, dindoshlarini talaydilar.

Shu asno ikki birodar musulmon azaliy dushmanga aylanadi.

"Muhammad Payg‘ambar(s.a.v.)ning nabirasi Imom Husayn aynan Karbaloda dafn etilgan va uning so‘nggi manzil topgan joyini oyoqosti qilganlar shialar nazdida qora kuchlardir" - deydi sunniy olim Shayx Rizvon Muhammad.

"Husayn xotirasini toptagan vahobiylarni shialar shu asno yovuzlik timsoli sifatida qabul qila boshlashdi".

Biroq vahobiylarni zo‘ravonlik hamda jangarilikka bog‘laydigan voqeliklar o‘tgan va joriy asrda ham yuz ko‘rsatdi.

XX asrda Misrda gurkiragan siyosiy Islom Qohiradagi dunyoviy hukumat ta‘qibiga uchraydi. O‘tgan asr ikkinchi yarmida esa ularning ko‘plari qamoqlardan chiqarilgach, Saudiya Arabistoni va boshqa Ko‘rfaz mamlakatlaridan mazlum sifatida boshpana olishadi.

Image copyright none
Image caption Navro‘z kabi bayramlarni vahobiylar harom sanashadi

Xullas, inqilobchi musulmonlar Saudiya Arabistonidagi ilmiy doiralarga siyosiy Islom g‘oyalarini keltirishadi.

Keyin Afg‘onistonga Sovet Ittifoqi bostirib kiradi. Bu paytda ham vahobiylar mujohid harakatlari boshida turishadi.

Ularning ko‘pchiligi oddiy musulmonlik burchidan kelib chiqib jihodga qo‘shilganlar. Lekin Afg‘oniston va Pokistonda o‘zgacha madaniyat bilan qorishgan Islomni uchratishgan.

Ana shu nuqtada esa vahobiylar mazhabchilikni qo‘llay boshlashadi. Ya‘ni o‘z yo‘llariga mos mujohid guruhlar bilan birga turib jang qilishni afzal biladilar.

Vahobiylikda har musulmon Qur‘onni o‘qib, xulosa chiqarishi aytiladi. Lekin ushbu qarash ta‘limotni boshqa yo‘lga burishga ham qo‘l kelishi mumkin.

Afg‘onistonda dahriy Sho‘rolarga qarshi kurashish uchun kuchli asos bo‘ladigan dastak kerak edi. Vahobiylar esa o‘z ta‘limotlarida bundayin qo‘llovni topa bilganlar.

Shu asno jangarilik vahobiy ta‘limoti bilan birgalikda tushuna boshlandi.

Qani men bilgan vahobiylik?

Saudiya Arabistonidagi ulkan neft zaxiralari vahobiylikni dunyo bo‘ylab tarqatishga ko‘p yordam bermoqda.

"Neftdan keladigan daromadni Saudiya arablari Ollohning in‘omi sifatida bilishadi" - deydi Abu Xadicha.

"Bu boylikni esa ular sof Islom yoki vahobiylikni yoyish uchun ishlata boshlaganlar".

Image copyright AFP
Image caption Qator davlatlarda vahobiylar bugun so‘fiy maqbaralarini buzishmoqda

Aslida, aynan Arabiston yarim orolidagi neft boyliklari bois Usmoniylar saltanati parchalanishi oldidan turklar nazoratida bo‘lgan Saudiya arablarini Britaniya ham qo‘llagan.

Bu dastak esa vahobiylikning kuchlanishiga ko‘mak ko‘rsatgan yana bir amal bo‘lib tarixda qolgan.

So‘nggi paytlari esa vahobiylar o‘z g‘oyalarini G‘arbga yoyishga ham bel bog‘laganlar.

Kembridjda tahsil olgan olim va sobiq mujohid Usama Hasan 2011 yilgi 11 sentyabr hujumlari ortidan Saudiya Arabistoniga borish uchun taklifnoma oladi.

Al-Qoida tarafdori bo‘lgan eski tanishi uni o‘zlari uchun tashviqotchi sifatida yollamoqchi bo‘ladi. Usama Hasan boshida rozi bo‘ladi. Lekin o‘zi tashviq qilishi kerak bo‘lgan kitoblar va matnlarni o‘qirkan, dahshatga tusha boshlaydi.

"Men bilgan vahobiylik tinchlikparvar ta‘limot, vahobiylar esa tinchliksevar odamlar" - deydi Usama Hasan - "Ammo ular menga tutqazgan matnlarida zo‘ravonlik targ‘ib qilinardi".

Xullas bir vahobiy olim boshqa bir vahobiylarning qarashlarini qabul qila olmay, Britaniyaga qaytadi.

"Bu butkul boshqacha vahobiylik edi" - deydi olim.

Ayrim vahobiylar shialarni mutlaqo musulmon sanashmaydi. Pokiston va Afrikada esa hatto so‘fiy maqbaralarini ham buzishmoqda.

Ayni toifa vahobiylar qurolli isyon va zo‘ravonlik bobida sobit fikrdalar. Ikkinchi toifa vahobiylar esa hamon tinchlikparvar va faqat taqvoga yuz burishgan.

Shu asno, vahobiylar bugun ikki turli bo‘lib qolishmoqda.

Ammo ularni birlashtiradigan bir jihat bor: Bu ham bo‘lsa, Qur‘oni Karim 14 asrdan beri o‘zgarmay kelarkan, demak, vahobiylik ham o‘zgarmasligi kerak, degan qarashdir.

Maqola Edvard Styortonning "Vahobiylik nima?" nomli radiodasturi asosida tayyorlandi.

"Vahobiylik va zo‘ravonlik" nomli radiolavhani Juma, 25 Aprel kuni BBC O‘zbek Xizmatining "Daraklar" dasturida tinglay olasiz.