Arzimni aytay Shavkat Mirziyoyevga...

Image copyright none
Image caption Bosh vazir oddiy odamlar arzini tinglashda boshqa amaldorlarga o‘rnak bo‘lishi mumkin

"Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev qabulxonasida mening shikoyat va takliflarimni qabul qilishdi hamda Bosh vazir bilan uchrashishim hal bo‘lishini aytishdi".

Toshkentlik faol Jahongir Shosalimov so‘nggi paytlari mamlakatdagi turli mansabdorlarga qilgan tinimsiz murojaatlari ana shunday umidli natija berayotganini urg‘ulaydi.

Avvalroq, poytaxtning Uchtepa tumani hokimiga uchrashgan huquq faoli mulozim unga og‘zaki tahdid qilganini ham bildirgandi.

Biroq endilikda shahar hokimi va Oliy Majlis deputati ham u bilan uchrashgan va muloyimlik bilan qabul qilishgan. Ko‘targan muammolaridan esa "Prezident Karimovning bexabarligini" aytishgan.

Janob Shosalimov, asosan, maoshlar kamligi va keksalar o‘z nafaqalarining faqat muayyan qismini qo‘llariga olishayotganidan shikoyat qiladi.

"Eng kam ish haqi 97 ming so‘m (33 AQSh dollari atrofida - tahririyat) qilib belgilanishi insonni tahqirlaydi, axir" - deydi huquqbon.

"Prezident Devoni esa axloqsizlik qilib, shikoyat, xat va arzlarni prezidentga yetkazmaydi".

Janob Shosalimovga ko‘ra, u o‘z boshiga tushganlari haqida ko‘p joylarda yozgani va gapirgani uchun ham arzlarini tinglashayotgani ehtimoli yo‘q emas.

"Oddiy odamlar borsa, do‘q qilib, so‘kib, haydab solishlari hech narsa emas" - deydi u.

Ayni damda, Ukrainada kechayotgan hodisalar ham o‘zbek amaldorlariga ta‘sir etayotganini nazardan soqit qilmaydi.

O‘zbekiston o‘zgarmoqdami?

"Ukrainadagi voqealar va O‘zbekistonda saylov yaqinlashayotgani bois amaldorlar kutib o‘tirishibdi" - deydi Jahongir Shosalimov.

"O‘zbekistonda oddiy odamlar hokimlarga, hokimlar vazirlarga, deputatlar esa prezidentga gap qaytara olishmaydi" - davom etadi o‘zbek faoli.

"Ammo hozir siyosiy vaziyat o‘zgarayotganini hamma sezib turibdi".

O‘zbekiston mansabdorlari oddiy odamlarga yoki qo‘l ostidagilarga o‘ta qo‘pol ravishda, hatto haqorat yo kaltak bilan munosabat qilishi haqida mustaqil jurnalistlar hamda huquq faollari ko‘p gapirishadi.

O‘tgan mustaqillik yillarida keng yoyilgan va o‘rta asrlarga xos bo‘lgan bundayin zo‘ravon boshqarish usuli mamlakatning aksar hududlari bo‘ylab yoyilgani ko‘p bora aytilmoqda.

Qolaversa, O‘zbekistondla o‘z dardini aytgan oddiy odamga nafaqat qo‘pol munosabat qilinadi, balki qator o‘zbeklar o‘z haq-huquqini talab qilgani uchun qatag‘on yo qamoqqa giriftor bo‘ladilar.

Ammo Jahongir Shosalimovning bildirishicha, keyingi paytlarda o‘zbek amaldorlari ish usuliga xos bo‘lgan qo‘pollik yo‘qola boshlamoqda.

Lekin faolning o‘zi qachon Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev uni qabul qilishini hali aniq bilmaydi.

Shuningdek, qabul qilganda ham shikoyat va takliflariga qanchalik quloq solishlari ham noma‘lum.