"Musulmon Birodarlar"ning 683 tarafdori o‘limga hukm etildi

Image copyright AFP

Misr mahkamasi "Musulmon Birodarlar" harakatining yetakchisi Muhammad Badiy doxil 683 a‘zosini o‘lim jazosiga hukm etdi.

Sudlanuvchilar o‘tgan yil Qohiradagi politsiya idorasiga hujum qilishda aybdor deb topilgan.

Shuningdek, mahkama Muhammad Mursiyning 24 martda o‘limga hukm etilgan 529 tarafdori ishini qayta ko‘rib chiqib, 492 nafarini umrbod qamoq jazosi bilan o‘zgartirgan.

Himoyachilar o‘shanda ushbu hukm zamonaviy Misr tarixida e‘lon qilingan eng katta ommaviy o‘lim jazosi ekanini aytishgan edi.

Shuningdek, bu eng qisqa mahkama jarayoni ham bo‘lgan.

529 shaxs ustidan mahkama 22 mart kuni boshlanib, ikki kunda nihoyasiga yetgan.

Misrning erkin saylovlar orqali saylangan prezidenti Mursiy 2013 yil iyul oyida harbiylar tarafidan hokimiyatdan ag‘darilgan edi.

Shundan so‘ng norozilik va tartibsizliklar boshlangan, harbiylar dastaklagan Misr hukumati yuzlab Mursiy tarafdorlarini o‘ldirdilar va mingdan ortig‘i hibsga olingan edi.

Muhammad Mursiyni ketkazib o‘rniga kelgan harbiylar hukumati "Musulmon Birodarlar" islomiy harakatini ta‘qib ostiga olgan.

2013 yil 14 avgustida poytaxt Qohiradagi "Musulmon Birodarlar"ning ikki norozilik jamlog‘ida to‘planib o‘z noroziliklarini izhor etayotgan namoyishchilar tarqatilgan, xavfsizlik kuchlari ming atrofida namoyishchini o‘ldirgani xabar qilingan.

Shundan keyin Misr janubidagi Minya viloyatida tartibsizliklar boshlangan, "Musulmon Birodarlar" tarafdorlari politsiya idorasiga hujum qilganlar.

24 mart kuni o‘lim jazosiga hukm qilinganlar Minya viloyatidagi tartibsizliklarda qatnashganlar bo‘lgan.

Qudratdan ag‘darilgan prezident Muhammad Mursiy ham qamoqda saqlanmoqda. Unga 2011 yilda qamoqdan qochish, davlatga xiyonat qilish, qotilliklarga aloqadorlik kabi bir qator ayblovlar qo‘yilgan.

Muhammad Mursiy prezidentligida yuz bergan namoyishda sakkiz namoyishchi halok bo‘lgan. Misr mahkamasi Mursiyni ular o‘limida aybdor deb ko‘radi.

Harbiy hukumat qudratni qo‘liga olgach, Mursiyning minglab tarafdorlari o‘ldirilgan. Biroq Misrning yangi hukumati o‘ldirilganlarni terroristlar deb biladi.