"O‘rta Osiyo davlatlari hamkorlik tashkiloti tuzilishi shart"

Image copyright BBCUZBEK.COM

Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Xalqaro Turkiston qurultoyi mintaqa davlatlari rahbarlariga ana shunday murojaat bilan chiqdi.

"Sovet Ittifoqi tarqalib ketgandan keyin, afsuski, davlatlarimiz orasida hamkorlik va xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlash istalgan darajada amalga oshmadi. Xalqaro siyosat maydonidagi keyingi voqealar, xususan Qrimning Rusiya tarafidan qayta ishg‘ol qilinishi, Ukrainadagi voqelarning fuqaroviy urush tomon ketayotgani, bu fojeaviy voqealarning tarixiy ismi Turkiston bo‘lgan O‘rta Osiyo hududlariga ham yetib kelishi mumkinligiga ishorat qilmoqda. Bu esa xalqlarimizning asrlar davomida kutgan haqiqiy mustaqilligini va tarixiy haqiqatlarga asoslangan hamkorliklarini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham Xalqaro Turkistonliklar qurultoyi sizlarni tarixiy bir vazifani ado etishga da‘vat qiladi. Bu zudlik bilan O‘rta Osiyo Davlatlari Hamkorlik Tashkilotining tuzilishi va e‘lon qilinishidir", deyiladi Istanbuldagi anjuman yakunida qabul qilingan bayonotda.

Image copyright BBCUZBEK.COM

Istanbul shahriga Markaziy Osiyo respublikalari vakillari, bu o‘lkalarning yurt tashqarisidagi vatandoshlari, mintaqa siyosatiga ixtisoslashgan ekspertlar to‘planganlar.

Bu Xalqaro Turkistonliklar Hamkorlik Jamiyatining birinchi qurultoyi deb e‘lon qilingan.

Tashkilotchilarga ko‘ra, jamiyatdan ko‘zlangan maqsad, turkistonliklarni birlashtirish, mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda mavjud muammolarni hal etishda ishtirok etish, qadimdagi "Turkiston hamkorligini qayta tiklash"ga hissa qo‘shish.

Ushbu maqsad yo‘lidagi bir qadam sifatida O‘zbek va Qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash "marosimi" uyushtirildi: O‘zbek va Qirg‘iz bir-biri bilan quchoqlashib ko‘rishdi, ikkovi 2010 yil iyunidagi hodisalar takrorlanmasligiga so‘z berdilar, milliy bosh kiyimlari - do‘ppi va qalpoqlarini almashdilar.

Mintaqa mamlakatlari mustaqillikka erishganlaridan keyin Turkiston g‘oyasini tiklashga urinish bo‘ldi.

Image copyright BBCUZBEK.COM

Bundan 20 yil oldin "Turkiston - umumiy uyimiz" shiori ostida Toshkentda buyuk yozuvchilar Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov rahbarligida yirik anjuman tashkil qilindi.

Toshkent markazidagi kontsert saroyiga "Turkiston" nomi berildi va bu sayroga Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan yig‘ilgan mehmonlar xalqlar do‘stligini mustahkamlash zarurligi haqida so‘zladilar.

Bu g‘oya asosida tashkiliy tuzilma, uning o‘z banki va ro‘znomasi ta‘sis etildi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi chegaralarga sim to‘rlar tortildi, minalar o‘rnatildi, viza tartiblari joriy qilindi va nihoyat mintaqada suv ustida hatto urush kelib chiqishi mumkinligi haqidagi bayonotlar ham yangradi.