Samarqandlik ishqibozlar "Paxtakor"ga hujum qilishdi

Image caption "Paxtakor"chilar Toshkentga oynalari singan avtobusda qaytishgan

Samarqandda g‘azabnok futbol ishqibozlari raqib jamoasining avtobus va mashinasi oynalarini sindirgan.

26 aprel shanba kuni Dinamo va Paxtakor o‘rtasidagi Oliy liga tur o‘yinidan so‘ng tartibsizliklar kelib chiqqan.

1:2 natijasida "Paxtakor" foydasiga hal bo‘lgan o‘yindan so‘ng junbushga kelgan samarqandlik ishqibozlar raqib jamoasining avtobusi va bir yengil mashinasining oynalarini sindirgan.

Bu haqda "Paxtakor" klubining sobiq direktor o‘rinbosari Ravshan Salimov Twitterda ma‘lum qildi.

"Bolalarning aytishicha, Samarqandda komanda avtobusi toshbo‘ron qilingan. Avtobusning 3 ta oynasi va ikkita yon oynasi singan", - deb yozdi FIFA agenti Ravshan Salimov.

Salimovga ko‘ra, "Paxtakor" klubi mutasaddisiga tegishli bo‘lgan yana bir Epika rusumli mashinaning ham oynalari sindirilgan.

Tartibsizlik natijasida belgilangan matbuot anjumani o‘tkazilmagan.

Stadion.uz futbol sayti jurnalisti Shuhrat Shokirjonov o‘yinni stadiondan turib tomosha qilgan.

"Avtobusning haydovchi tomonidagi oynasi singanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Butun oynalarini tosh bilan urib sindirib tashlagan deyish noto‘g‘ri bo‘lardi, qolgani bus-butun edi. Avtobusning haydovchi tomonidagi oynasi tosh bilan urib sindirilgan edi", - deydi Shuhrat Shokirjonov.

"Paxtakor" klubi matbuot kotibi Behzod Nazarov bo‘lib o‘tgan hodisani tasdiqladi.

"Paxtakor" jamoasi Toshkentga oynalari singan avtobusda qaytgan.

"Menimcha, yutqizgani uchun jahli chiqib shunday qilishgan. Lekin juda pachoq bo‘lib ketmagan. Bunaqa narsa ko‘p o‘yinlardan keyin bo‘lib turadi", - deydi Behzod Nazarov.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning aytishicha, hakam tomonidan o‘yinga ko‘proq vaqt qo‘shilishi va qo‘shimcha vaqtlarda "Paxtakor"ning g‘alabani ilib ketishi ayrim muxlislarga yoqmagan.

"O‘yinga 5 daqiqa qo‘shib berilgani bilan, o‘sha qo‘shib berilgan daqiqaning ichida ikkita o‘zgarish bo‘ldi, o‘yin cho‘zishlar bo‘ldi, qo‘shimcha 7 minutda gol urildi. Bu dinamolik muxlislarga yoqmadi", - deydi jurnalist.

O‘yinga qo‘shilgan daqiqalar tugaganiga qaramasdan davom ettirilishi va ushbu holatning "Paxtakor" foydasiga ishlaganini "Dinamo" bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ham qayd etib o‘tgan.

"Biroq bosh hakamning qo‘shib berilgan 5 daqiqa vaqti tugaganidan keyin ham o‘yinni davom ettirishi yakunda "Paxtakor" foydasiga ishlagani juda alamli bo‘ldi, - degan Ravshan Haydarov "Dinamo" klubi web sahifasiga bergan izohida.

Ijtimoiy tarmoqlarda muxlislarning yozishicha, junbushga kelgan samarqandlik muxlislar o‘t o‘chirish mashinasidan suv purkash orqali tarqatilgan.

Biroq ushbu xabarni Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi orqali tasdiqlatishning imkoni bo‘lmadi.

Kuzatuvchilar futbol fanatlari o‘rtasida va ishtirokida to‘qnashuv hamda tartibsizliklar kelib chiqishi odatiy hol ekanligini aytishadi.

2009 yili aynan Samarqandda 50 chog‘li "Paxtakor" klubi muxlislari kaltaklangandi.