Alisher Usmonov Mail.ru hissalarini sotmoqchimi?

Image copyright GETTY IMAGES
Image caption O‘tgan oy janob Usmonov Facebook va Apple hissalarini sotgani ma‘lum bo‘lgan

Rossiyaning Mail.ru Group internet xoldingining aksariyat hissadorlari shirkat hissalarini sotishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashgan.

Shirkat tarqatgan xabarga ko‘ra, bu borada nizomga kiritilgan o‘zgartirishlar oddiy hissalar emas, balki faqat "A" toifadagi hissalarni sotish imkonini beradi.

Mail.ru Group ikki xil turdagi hissalarga ega bo‘lib, "A" toifadagi hissalar 25 ta ovozga, oddiy hissalar esa bitta ovozga teng.

Aytilishicha, endilikda bu toifadagi hissalarni sotish uchun ularni oddiy hissalarga aylantirish kerak bo‘lmaydi.

Mail.runing asosiy hissadori asli o‘zbekistonlik ishbilarmon Alisher Usmonov hisoblanadi.

Janob Usmonovning qo‘lidagi 17.9 foiz hissa 51.9 foiz ovozga teng.

Mail.ru Group "Odnoklassniki", "Moy mir" hamda "VKontakte" ijtimoiy tarmoq sahifalari, shuningdek, ICQ va "Mail.ru Agent" xabarlashish xizmatlarini o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari Mail.ru Group qator Rossiya va Ukraina internet shirkatlarida o‘z hissalariga ega.

Xitoy bozori

O‘tgan hafta London birjasida Mail.ru hissalari 14 foizga tushib ketgan.

Bunga Prezident Putinning Sankt-Peterburgdagi media-forumda aytgan so‘zlari sabab bo‘lgan.

Janob Putin internet avval-boshda AQSh Markaziy Josuslik Boshqarmasining loyihasi bo‘lgani, Yandeks qidiruv sahifasiga ham "bosim o‘tkazilgani"ni aytgan.

O‘tgan hafta "VKontakte" ijtimoiy tarmoq sahifasi asoschisi Pavel Durovning Rossiyani tark etgani ma‘lum bo‘lgan.

Janob Durov Rossiyada ortiq "internet biznes yuritish imkoni yo‘q"ligini aytgan.

Alisher Usmonovning Mail.ru dagi hissalarini sotish rejasi borasida hech narsa ma‘lum emas.

O‘tgan oy janob Usmonov Facebook va Apple hissalarini sotgani ma‘lum bo‘lgan.

Bu haqda Usmonov aktsiyalarini boshqaradigan USM Advisors shirkati rahbari Ivan Streshinskiy Bloomberg agentligiga aytgan.

Uning so‘zlariga qaraganda, janob Usmonov Apple hissalarini shu yil boshida sotishga qaror qilgan.

Usmonov bungacha Amerika shirkatining 100 million dollarlik aktsiyalariga ega bo‘lgan.

O‘tgan yil oxiridagi savdodan janob Usmonov qariyb yarim milliard dollar foyda ko‘rgani aytilmoqda.

Alisher Usmonov 2009 yilda dunyoning eng yirik ijtimoiy tarmoq sahifasi hissalarini sotib olgan edi.

Usmonov Facebook hissalaridan kelgan foydani Xitoyning Alibaba Group va JD.com singari internet do‘konlari hissalarini sotib olishga yo‘naltirgan.

O‘tgan hafta Forbes Alisher Usmonovni yana bir marta Rossiyaning eng boy odami deb atagan.

Forbes jurnali janob Usmonovning boyligini 18.6 milliard deya baholagan.

Janob Usmonov mobil aloqa, media va internet sohasidan tashqari Britaniyaning Arsenal futbol klubi ulushlariga ham egalik qiladi.