Rossiyaparast bo‘lginchilar Lugansk hokimiyatiga kirib olganlar

Image copyright Reuters

Ukraina ommaviy axborot vositalari xabar tarqatishicha, rossiyaparast ayirmachilar Lugansk viloyat hokimiyati binosini ishg‘ol qilganlar.

Guvohlarga ko‘ra, binoni olish payti qarshiliklar va qurbonlar bo‘lmagan.

Qo‘llarida temir bo‘laklari bo‘lgan 20 ga yaqin yoshlar bino oynalarini buzib ichkarisiga kirishgan.

Mahalliy militsiya binoni rossiyaparast faollar qarsaklari ostida qarshiliksiz tark etgan.

Hokimiyat oldida uch mingga yaqin kishi yig‘ilib, "Rossiya" va "Referendum" deb qichqirganlar.

To‘planganlar qo‘lida Rossiya bayroqlari va geogiy lentalari bo‘lgan.

Seshanba kuni soat 14.00 da rossiyaparastlarning hukumatga qo‘ygan talablari muddati nihoyasiga yetgan.

Ularning talablari jumlasiga barcha siyosiy mahbuslarga amnistiya berish, referendum o‘tkazish, oshirilgan narxlarni bekor qilish, rus tiliga davlat tili maqomi berish kabilar kirgan.

Saylovlar hamma joyda bo‘lmaydi

Image copyright Reuters

Ukraina muvaqqat Ichki Ishlar vaziri Arsen Avakovning bildirishicha, 25 mayda belgilangan prezidentlik saylovlari hamma mintaqalarda o‘tkazishning imkoni bo‘lmasligi mumkin.

Shunga qaramay, Ukrainada prezidentlik saylovlari baribir o‘tkaziladi degan Avakov.

Avakovning ta‘kidlashicha, Ukrainadagi vaziyatni kuch bilan hal qilish mumkin emas. Va Ukraina hukumati odamlar bilan til topishishi kerak.

Arsen Avakov 29-30 aprel kunlari ovro‘polik va amerikalik hamkorlar bilan o‘g‘irlangan va tashqariga olib chiqilgan Ukraina hissalarini mamlakatga qaytarish muhokamasida qatnashadi.