Samsung qo‘l telefonlari sotuvi ozaydi

Image copyright Reuters
Image caption Samsung 2012 yilda dunyoning eng yirik mobil ishlab chiqaruvchi shirkatiga aylangan edi

Samsung Electronics xabar berishicha, qo‘l telefonlari sotuvi 4% ozaygan.

2014 yilning dastlabki uch oy davomida qo‘l telefonlari sotuvidan olingan daromad 32,3 milliard dollarga tushgan.

Biroq Janubiy Koreya shirkati mobil telefonlari xizmatidan olingan daromad miqdori o‘tgan uch oyga nisbatan 18% ortgan.

Samsung dunyoning eng yirik mobil ishlab chiqaruvchi shirkati hisoblanadi va qo‘l telefonlari shirkat daromadining salmoqli ulushini tashkil etadi.

Shirkatning daromadi yilning dastlabki choragida naqd 7,5 milliard dollarni tashkil etgan, bu o‘tgan yilning so‘nggi choragida olingan daromaddan yarim milliard dollarga ko‘proqdir.

Bozor talabi kuchaymoqda-mi?

Samsung shirkatining oxirgi yillarda o‘sishiga Galaxy turidagi smartfonlardan olingan daromad katta hissa qo‘shdi.

Aynan Galaxy smartfonlari Samsung shirkatiga 2012 yilda Nokia shirkatidan o‘zib ketishga imkon berdi.

Biroq, mobil telefonlari sektorida raqobatning tobora kuchayib borayotgani ishlab chiqaruvchilarni telefon narxlarini tushirishga majburlamoqda.

Shu bilan birga, rivojlanayotgan bozorlarda smartfonlarga bo‘lgan talab ham oxirgi paytlarda sustlashgan.

"Bu dunyo bozorida smartfonlar sifatiga talab kuchayayotganidan dalolat beradi. Natijada Samsung kabi shirkatlar daromadi ozaymoqda", deydi Frost & Sullivan maslahat shirkatining tahlilchisi Endryu Milroy.

Uning ilova qilishicha, "shirkatlar kasodga uchramaslik uchun rivojlanayotgan bozorlarda arzon smartfonlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishlari zarur bo‘ladi".

O‘z navbatida Samsung tannarxi arzon smartfonlarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

Biroq, u bu jabhada ham ayniqsa Xitoyning Xiaomi, Huawei va ZTE shirkatlari kuchli raqobatiga ro‘baro‘ bo‘layotir.