Turkiya AQShdan Gulen ekstradiktsiyasini talab qilmoqchi

Image caption Rajab Toyyib Erdo‘g‘on (chapda) va Fathulloh Gulen bir paytlar yaqin ittifoqchi hisoblanishardi

Turkiya Bosh vaziri, Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakati AQShda istiqomat qilayotgan ruhoniy Fathulloh Gulenni ekstraditsiya qilish jarayonini boshlash niyatida ekanini aytgan.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘zining sobiq ittifoqchisi bo‘lgan janob Gulenni uni hokimiyatdan ag‘darishga urinishda ayblab keladi.

Fathulloh Gulen Turkiya bosh vaziriga qarshi kampaniya yuritayotgani haqidagi da‘volarni rad etadi.

Turkiya hukumati so‘nggi oylarda korruptsiyaga aloqador qator janjallarga ro‘baro‘ bo‘ldi.

Ba‘zi inson haqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar janob Erdo‘g‘onni yakkahokimlikda ayblaydi.

Turkiyada iqtidorda bo‘lgan Adolat va Tiklanish Partiyasining parlamentdagi vakillari bilan uchrashuvdan so‘ng, parlamentda chiqish qilgan janob Rajab Toyib Erdo‘g‘on ekstraditsiya jarayoni "boshlanishi"ni tasdiqlagan.

"Namunaviy hamkor"

Turkiya Bosh vaziri parlamentda AQShning PBS telekanaliga bergan intervyusidan bir necha soat o‘tib chiqish qilgan.

Suhbat chog‘ida Rajab Toyyib Erdo‘g‘on janob Gulenning Amerikadan Turkiyaga ekstraditsiya etilishiga umid bildirgan.

U shuningdek Vashington "namunaviy hamkor" sifatida masalaga jindiy yondashishiga ishonishini aytgan.

"Ular, hech bo‘lmaganda, uni chiqarib yuborishlari kerak", - deya ilova qilgan janob Erdo‘g‘on.

74 yoshli Fathulloh Gulen Qo‘shma Shtatlarning Pensilvaniya shtatida 1997 yildan buyon istiqomat qiladi.

Turkiya politsiyasi va adliya tizimida uning ko‘plab tarafdorlari borligi ishoniladi.

Uning ehtirosli va‘zlari "Xizmat" harakatining kuchayishiga xizmat qilgan.

Ushbu harakat dunyoning 150 dan ziyod mamlakatida o‘zining millionlab tarafdoriga ega.

"Xizmat" ta‘lim tizimi va tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratadi.

Janob Erdo‘g‘on harakatni ijtimoiy media tarmoqlari orqali uni va hukumatni yomonotliq qilishga qaratilgan soxta video va audio materiallarni tarqatishda ayblaydi.

So‘nggi oylarda "Xizmat"ning tarafdorlari ekani ishonilgan minglab politsiya va adliya xodimlari yo o‘z vazifalaridan bo‘shatilgan yoki quyiroq vazifalarga tayinlangan.