Militsiya mashinasi bosib ketgan oilaning yana bir a‘zosi vafot etgan

Dastlab Facebookdagi "Toshkent haydovchilari" guruhi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, 23 aprel kuni kechqurun soat 9 lar atrofida Toshkent militsiyasining mashinasi Chilonzorda 33 yoshli Dmitriy Kurbatov, uning singlisi 25 yoshli Lyudmila Gorbanova va uning besh yoshli qizi Kristinani bosib ketgan, qizcha o‘sha paytda o‘lgan.

Fesbukda yozilishicha, og‘ir jarohatlangan, bo‘yragi, talog‘i olib tashlangan, ikki oyog‘i yopiq singan Dmitriy ikki kun oldin vafot etgan.

Dmitriyning xolasi Nadejda Zemskovaning aytishicha, Dmitriy ko‘p qon yo‘qotish natijasida vafot etgan.

Lekin hali ham militsiya xodimlarining kimligi jabrlanganlarning oilasiga aytilmagan.

Hozirda ikki militsiya xodimi tergov izolyatorida saqlanayotgani aytilmoqda.

Qizig‘i shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda va poytaxtda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan va muhokamasi davom etayotgan voqea haqida O‘zbekiston rasmiy axborot nashrlari hech narsa yozmagan.

Jabrlanganlarning yaqinlari bilan bog‘langan Uznyus.net saytiga ko‘ra, kasalxonadagi Gorbanovaning palatasiga surishtiruv xodimlari tartibga zid ravishda yarim tunda kelib, so‘rov o‘tkazishgan.

Mazkur hodisa yuzasidan Toshkent Davlat Avtomobil nazorati boshqarmasiga bog‘langanimizda, biz bilan gaplashgan xodim hodisani tasdiqladi, biroq ish bilan Ichki Ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi shug‘ullanishini aytib, javob berishni istamadi.

Toshkent shahar Ichki Ishlar boshqarmasidan ham savolimizga javob ololmodik.

Yaqinlariga asoslanib xabar tarqatgan "Toshkent haydovchilari" ga ko‘ra, halok bo‘lgan 5 yoshli qizaloqning onasi yetti oylik homilasi bo‘lgan Lyudmila Gorbanovaning ahvoli yaxshilanyapti.

Oldinroq ijtimoiy tarmoqda jabrlanganlar uchun pul yig‘ila boshlangan. Ikki kunda 1 million 300 ming so‘m, ya‘ni 430 dollarga yaqin mablag‘ to‘plangan.

Aksariyat internet foydalanuvchilar fojeaga sababchi militsiya xodimlari jazodan qutulib qolishidan xavotir bildirganlar.

"Xalq xizmatchilariga jazo beriladimi? - deb yozadi biri.

O‘ylaymanki, xalq xizmatchilari to‘liq jazosini oladi, deydi boshqasi.

Yangiliklarda hamma yoq tinchligiga qaraganda, ularga balo ham urmaydi. Qanaqasiga bular qonun himoyachilari,ularni jazolash kerak, deyiladi yana bir izohda.

Odamlar militsiya mashinalari juda tezlikda yurishi, bolalar o‘ynayotgan mahalla ko‘chalaridan ham uchib o‘tib ketishidan norozi bo‘lishgan.

Davron Abdullaev degan foydalanuvchining yozishicha, militsiya xodimlariga qanday jazo berilgani va yaqinlaridan ayrilgan oilaga moddiy yordam berilganini aniqlash uchun petitsiya o‘tkazilishi kerak.

Mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, shov-shuvga sabab bo‘lgani tufayli Ichki Ishlar vaziri Adham Ahmadboyev hodisani tekshirishni o‘z nazoratiga olgani aytiladi.