Urumchida portlash sodir bo‘ldi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image copyright AP
Image caption 2009 yilda Urumchida uyg‘urlar va xan xitoylari to‘qnashgan

Xitoydan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Urumchidagi temir yo‘l bekatida portlash sodir bo‘lgan.

Tafsilotlar ma‘lum emas.

Dastlabki xabarlarda yaralanganlar borligi aytiladi.

Xitoy hukumati voizi talofatlar hanuz o‘rganilayotgani, ammo vaziyat nazorat ostida ekanini aytgan.

Portlash Xitoy Prezidenti Si Tszinpin musulmon uyg‘urlar yashaydigan mintaqaga to‘rt kunlik safarini yakunlagan paytga to‘g‘ri kelgan.

Xitoy rahbarining portlash sodir bo‘lgan paytda hanuz mintaqada bo‘lib-bo‘lmagani noma‘lum.

Avvalroq u Qashg‘ardagi politsiya idorasiga tashrif buyurib, xodimlarni terrorizm tahdididan yana bir bor ogohlikka chaqirgan.

Unga ko‘ra, Shinjon terrorga qarshi kurashning jabha chizig‘idadir.

Bu xitoy rahbarining mintaqaga ilk tashrifi.

Uyg‘urlar Sharqiy Turkiston deb ataydigan mintaqa bundan uch yil avval xan xitoylari va yerlik uyg‘urlar o‘rtasidagi yirik etnik to‘qnashuvlarga sahna bo‘lgan.

Xitoy uyg‘urlarni bo‘lginchilik va terrorizmda ayblab keladi.

Xitoy prezidenti Qashg‘arda uyg‘ur oilalarini ham ziyorat etgan.

Ammo Londonda yashayotgan uyg‘ur faoli Aziz Isoning BBCga aytishicha, Xitoy rahbari Pekinning maqsadlari ezgu ekaniga uyg‘urlarni ishontirishi qiyin.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002