"Qirg‘izistonda so‘z erkinligini cheklash harakatlari bo‘lmoqda"

Image copyright b

Qirg‘izistondagi qator nodavlat tashkilotlar, siyosiy harakat va jurnalistlar prezident Almazbek Atambayevni so‘z erkinligi bo‘yicha yaqinda Parlamentda qabul qilingan qonun loyihasiga imzo chekmaslikka undamoqdalar.

Ularning fikricha, agar bu qonun loyihasi kuchga kirsa, Qirg‘iziston ortga qadam tashlab, so‘z erkinligini cheklagan bo‘ladi.

Birov haqida yolg‘on ma‘lumot tarqatganlarni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi 16 aprelda parlamentda qabul qilingan.

29 aprelda Bishkekda qirg‘iz tilidagi nashrlar vakillari, agar qonun loyihasi kuchga kirsa, jurnalistlar uchun oqibatlarini muhokama qildilar.

Yig‘in so‘ngida prezident Almazbek Atambayevga ushbu qonundagi o‘zgartirishga qo‘l qo‘ymaslikka da‘vat va Parlament binosi oldida norozilik aktsiyasini o‘tkazish haqida qarori qabul qilindi.

Mazkur qonunning salbiy oqibatlari to‘g‘risida jurnalist Oybek Shamshikeyevning aytishicha, so‘z erkinligi demokratiyaning asosidir.

"Agar bu qonun kuchga kirsa, demokratiyaga, so‘z erkinligiga qarama - qarshi kelgan bo‘ladi. Hozir Qirg‘izistonda so‘z erkinligining mavqei halqaro reytingda, Hudoga shukr, yomon emas. U ham albatta orqaga ketadi. Davlatning obro‘siga ham salbiy ta‘siri etadi. Agar Prezident unga qo‘l qo‘yadigan bo‘lsa, Atambayevning obro‘siga ham putr yetadi", deydi jurnalist Oybek Shamshikeyev.

Yolg‘on ma‘lumot tarqatgani uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasiga qirg‘iz tilida yozuvchi juranalistlar sabab bo‘ldi, deganlar ham yo‘q emas.

Bu o‘zgartirish Jinoiy jazo kodeksiga kirgizilsa, yolg‘on ma‘lumot tarqatganligi mahkama orqali isbotlangan taqdirda 50 ming so‘mdan tortib, 200 ming qirg‘iz so‘migacha (taqriban 930 - 3700 AQSh dollari) miqdorida jarimaga tortilishi yoki bir yildan besh yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002