"MTS O‘zbekistonga qaytishi mumkin"

Image copyright gazeta.uz

MTS mobil aloqa shirkatining Nyu-York xalqaro mahkamasida O‘zbekistonga qarshi bergan arizasi asosida ochilgan ish muzlatib qo‘yilgan. Ayni damda O‘zbekiston va MTS muzokaralar olib borishmoqda va bu muzokaralar natijasida MTS O‘zbekistonda yana ish boshlashi mumkin. Bu haqida Rossiyaning "Vedomosti" nashri xabar tarqatdi.

Xabar qilinishicha, MTSning bosh xissadori bo‘lgan AFK "Sistema" shirkatining egasi Vladimir Yevtushenkov va o‘zbek hukumati o‘zaro muzokaralarni boshlashgani tufayli, mahkama ishi yarim yilga to‘xtatilgan. Janob Yevtushenkovga yaqin manbadan iqtibos keltirilib aytilishicha, muzokaralar O‘zbekistonda "oxirgi paytda yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar" tufayli boshlangan.

2012 yil yozida O‘zbekistonda MTSga tegishli, hamda mamlakatdagi eng yirik uyali aloqa operatori hisoblangan "Uzdunrobita"ning faoliyati oylab davom etgan tergovlar ortidan to‘xtatilgandi.

Yil oxirida Toshkent shahar mahkamasi "Uzdunrobita"ning apellyatsion ishini ko‘rib chiqa turib, shirkatga 600 million dollar jarima solgan va uning to‘lanishi uchun sakkiz oy ajratgandi.

Bu jarima ortidan "Uzdunrobita"ning egasi MTS va O‘zbekistonning qudratli tadbirkorlaridan sanalgan Gulnora Karimova orasida dahanaki jang boshlangandi.

Shvetsiyada allaqachon olib borilayotgan tergov TeliaSonera shirkati o‘zbek mobil bozoriga kirib borish uchun Gulnora Karimovaga yaqin doiralarga yirik pora bergani borasidagi iddaolarni tekshirayotgandi.

Tergovga asos bo‘lgan jurnalistik tadqiqotlar esa O‘zbekistondan norozi bo‘lgan MTSning sobiq xodimlaridan olingan ma‘lumotlar bilan boyitilgani ishoniladi.

Gulnora Karimova o‘ziga qarshi qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad qilib kelgan.

Biroq, joriy yil fevralida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karimova xonimga yaqin bir necha kishining soliqdan bo‘yin tovlash va valyutani yashirish ayblari bilan hibsga oldi.

Joriy yilning martida esa Shveytsariya hukumati Karimova xonimni pul yuvishda gumon qilib shaxsan unga qarshi tergov ochdi.

MTS manbasi tilga olgan "oxirgi paytda yuz bergan siyosiy o‘zgarishlar" deya turib, Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi biznes qudratiga yetkazilgan yirik shikast haqida gapirayotgan bo‘lishi mumkin.

"Vedomosti" xabar qilishicha, O‘zbekiston Davlat aloqa qo‘mitasi vakili Elbek Dalimov MTSning O‘zbekistonga ehtimoliy qaytishi borasida unga hech nima ma‘lum emasligini aytgan. MTS vakili esa sharh bermagan.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer