Xitoy prezidenti terrorga qarshi "qat‘iy kurash"ga chaqirdi

Image copyright AP
Image caption Hujumchilar pichoq va portlovchi moddalardan foydalangani aytiladi

Urumchidagi temir yo‘l bekatida sodir bo‘lgan portlash ortidan Xitoy Prezidenti Shinjon-Uyg‘ur muxtor mintaqasida "terrorchi hujumlar"ga qarshi "qat‘iy kurash"ga chaqirgan.

Xitoy davlat matbuoti Si Tszinpinning bu haqdagi so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Portlash chorshanba kuni, Xitoy rahbari mintaqaga to‘rt kunlik safarini yakunlagan paytda yuz bergan.

Si Tszinpin 2012 yilda Prezidentlik lavozimiga boshlaganidan buyon mintaqaga birinchi marta tashrif buyurgan.

U "Shinjondagi bo‘lginchilikni chuqur anglash" muhim ekanini aytgan.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, hujumchilar pichoqlar va portlovchi moddalardan foydalanishgan.

Uch kishi halok bo‘lgan, 79 odam yaralangan.

"Repressiyalar"

Shinjondagi hukumatining bildirishicha, hujum mahalliy vaqt bilan 19 dan 10 daqiqa o‘tganda Urumchidagi Janubiy bekat chiqishida portlash bilan boshlangan.

"Politsiyaning dastlabki tergoviga ko‘ra... hujumchilar bekat chiqishida odamlarni pichoqlashgan va bir vaqtning o‘zida portlovchi moddalarni portlatganlar", deyiladi mahalliy hukumatning xabarida.

Image copyright AFP
Image caption Musulmon uyg‘urlar o‘zlariga qarshi repressiyalardan shikoyat qilib keladilar

Sinxua agentligining guvohlardan iqtibos keltirishicha, portlash temir yo‘l va avtobus bekatlari o‘rtasida qoldirib ketilgan yo‘lovchi sumkasi atrofida yuz bergan.

Xitoy mikroblog sahifasi Sino Veyboda e‘lon qilingan hodisaga aloqador sharh va suratlar tezda olib tashlangan.

Mahalliy hukumat hodisani "zo‘ravon terrorchilik hujumi" deya tasvirlagan va hozirda vaziyat nazorat ostida ekanini aytgan.

Shinjon o‘tgan bir yil ichida qator zo‘ravonliklarga sahna bo‘lgan.

Rasmiy Pekin zo‘ravonliklarda asosan musulmon uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblaydi.

O‘tgan oy Kunmin bekatida pichoqlar bilan qilingan ommaviy hujumda 29 inson qurbon bo‘lgan, 150ga yaqin odam yaralangan.

Payshanba kuni Urumchi bilan Shinjonning yana uch shahrini bir-biri bilan bog‘laydigan temir yo‘lining ochilishi rejalangandi.

Aholisi soni 9 million ekani aytiladigan musulmon uyg‘urlar Xitoy boshqaruvi ostida siyosiy, diniy va madaniy repressiyalardan shikoyat qilib kelishadi.

Pekin buni rad etadi va mintaqaga yirik sarmoyalarni jalb etayotganini urg‘ulaydi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002