Ukraina inqirozi: Yashil "kichkina" odamlar bilan uchrashuv

Image caption Topingchi, biz kimmiz?

Nikolay Konstantinovkadagi mahalliy hokimiyat binosi oldida hassasiga tayanib turar va ko‘z o‘ngidagi manzaraga qarab boshini sarak-sarak tebratar edi.

Niqob kiygan qurolli shaxslar binoni egallashgan va darvoza oldida qo‘riqchilik qilishar edi.

Ayni paytda rossiyaparast faollar barrikadalar qurishar va Sho‘rolar ittifoqi haqida pop qo‘shiqlarni jo‘r bo‘lib kuylashar edi.

Sho‘rolar davrida Nikolay harbiy josuslik xizmatida ishlagan.

U qurollangan shaxslarning Rossiyadan kelganiga ishonadi.

"Men ularning oldiga bordim, hammasida zamonaviy rus qurollari bor. Ular ukrainalik emas. Men ularga siz ukrainalik emassiz, bunga ishonmayman dedim. Rossiyadan kelgansiz. Harbiy josuslik xizmatidansiz... men ham shu xizmatda ishlaganman,meni aldab bo‘psiz deb aytdim", deydi Nikolay.

Ulardan biri Nikolayga, "Obbo, eski bo‘rini aldab bo‘lmas ekan", deb javob beradi.

Nikolay bu odamlarning mintaqaga maxsus jo‘natilgani va bu yerda ular tartibsizliklar uyushtirish maqsadida ekaniga ishonadi.

"Hammamiz rusmiz"

Image caption Kazak o‘g‘loni xarita bilan

Men qurollangan shaxslardan biriga yuzlanib, qayerdan kelgani haqida so‘radim.

"Ukrainadan", deb javob berdi u. Keyin "aslida ukrain degan millat yo‘q, hammamiz ruslarmiz. Bu yer ham Ukraina emas, balki Yangi Rossiya (Novorossiya)dir", deydi u.

Kramatorskdan o‘ttiz chaqirim uzoqda yana bir ma‘muriy bino rossiyaparast jangarilar tomonidan ishg‘ol qilingan. Bu yerda men Vadim Ilovayskiy bilan uchrashdim.

U o‘zini "harbiy qo‘mondon" deb tanishtirdi.

U hokim o‘rinbosarining xonasida xaritaga qarab o‘tirardi.

O‘rinbosar uning aytishicha, betob bo‘lib qolgan.

U xona burchagidagi akvariumga ishora qilib, o‘rinbosarning baliqlariga yaxshi qarayotganini aytadi.

Men Vadimdan qayerdanligini so‘rayman.

U kazak ekanini aytadi.

"Bobom va bobokalonlarim Stavropoldan bo‘lishgan", deydi u.

"Aslida men PR konsultantman. Ammo Kazak ko‘mondon o‘laroq men Qrimdagi amaliyota ishtirok etdim. Ukraina fuqarosiman".

Ammo qayerda yashaysiz degan savolimga aniq javob bermaydi,"mana shu binodaman", deydi u.

"Yozib olingan suhbatlar"

Image caption Strelkovmi yo Girkin?

Konstantinovkadagi sobiq harbiy josus kabi G‘arb ham rossiyaparast faollar va Kreml o‘rtasida aniq-tiniq rishtalar bor deb hisoblaydi.

Bu faollar va jangarilar birin ketin Sharqiy Ukrainadagi ma‘muriy binolarni ishg‘ol qilishmoqda.

The Daily Beast nashriga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida o‘tgan yig‘inda AQSh davlat kotibi Jon Kerri mintaqadagi josus faollar Moskvadan buyruq olayotgani haqida yozib olingan suhbatlar mavjudligini aytgan.

Vashington allaqachon Rossiyani Ukrainadagi bo‘lginchilarni "moliyalayotgani, amallarini muvofiqlashtirayotgani va qurollangan bo‘lginchilarning "qo‘ltig‘iga suv purkayotganini" aytib ayblab chiqdi.

Ukraina hukumatiga ko‘ra, sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast qo‘mondon Igor Strelkov aslida Rossiya harbiysidir.

Uning asl ismi Igor Girkin bo‘lib yashash joyi Moskvada.

Shu hafta u Ovro‘po ittifoqining jazo choralari ro‘yxatiga tushgan o‘n besh shaxs orasidan o‘rin oldi.

Ovro‘po Ittifoqi uni "Rossiya armiyasining josuslik xizmati xodimi" o‘laroq e‘tirof etdi.

Rossiyaning sariq matbuoti ilg‘orlaridan bo‘lmish Komsomolskaya Pravda bilan suhbatda u o‘z kuchlarining yarmidan ko‘pi ukrainlar ekanini da‘vo qildi.

Holsizlanish

Image copyright afp getty
Image caption Rossiyaparastlarmi va yo rossiyaliklar?

Rossiya esa Ukraina hududida josuslari ham qo‘shinlari ham borligini inkor qiladi.

Moskvaga ko‘ra, bu jangarilar "o‘zlarini o‘zlari himoya qilayotgan kuchlar"dir.

Rossiya bu isyonlarni rag‘batlantirayotgan bo‘lsa Kiyevning qudrati va salohiyati qay darajada?

Rossiyaparast guruhlarning osonlik bilan hukumat binolarini egallashi manzarasida markaziy hokimiyatning qanchalar ojiz bo‘lib borayotganini ko‘rish mumkin.

Bu ojizlikni Kiyevdagi rahbarlar ham rad etishayotgani yo‘q.

Prezident Putin shu yo‘l bilan Ukrainani bo‘lib yuborish va yoki kuchsizlantirish maqsadida bo‘lsa, unda Rossiya tanklariga hojat yo‘q.

Kiyev aftidan hozir mamlakat sharqidagi vaziyatni o‘z nazorati ostiga olishga ojizlik qilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002