Toshkent militsiyasi xodimi yo‘lovchilar o‘limida gumon qilinmoqda

Image caption Yo‘l hodisasiga aloqador militsiya xodimlarining ko‘pda jazosiz qolishi aytiladi

23 aprel kuni poytaxtning Chilonzor tumanida ikki kishining o‘limiga sababchi bo‘lgani aytilayotgan patrul-post xizmati xodimi hibsga olingan.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidagi manba‘ poytaxt militsiyasining patrul-post xizmati xodimi Baxtiyor Tolipovga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotganini tasdiqladi.

Xizmat navbatchisining BBCga aytishicha, 23 aprel kuni kech soatlarda uch nafar yo‘lovchini bosib ketgan "Neksiya" rusumli patrul mashinasida Tolipovning bir o‘zi bo‘lgan.

Dastlab Facebookdagi "Toshkent haydovchilari" guruhi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, 23 aprel kuni kechqurun soat 9 lar atrofida militsiya xodimi boshqargan mashina to‘satdan qarshi tarafga chiqib ketib, uch kishini bosib ketgan.

5 yashar Kristina Gorbunovaning hodisa joyida halok bo‘lgani xabar qilingan.

Uning 33 yoshli tog‘asi Dmitriy Kurbatov jarrohlik amaliyotidan so‘ng shifoxonada vafot etgan.

Kristinaning homilador onasi Lyudmila Gorbanovaning esa shifoxonada og‘ir ahvolda qolayotgani aytiladi.

Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinib, shov-shuvga sabab bo‘lishi ortidan chorshanba kuni Ichki Ishlar vaziri Adham Ahmadboyev uni tekshirishni o‘z nazorati ostiga olgani xabar qilingan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hodisada jabrlanganlar uchun mablag‘ to‘plashgan.

Uzmetronom nashri jabrlanganlarga bosim o‘tkazilgani haqida yozgan.

Hodisa haqida birinchi bo‘lib xabar tarqatgan Facebookdagi "Toshkent haydovchilari" guruhi foydalanuvchilari yo‘l hodisasiga aloqador militsiya xodimlarining ko‘pincha jazodan omon qolishlarini aytishgan.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002