Ukrainaga 17 milliard dollar kredit beriladi

Image copyright Reuters
Image caption Moskva Kiyevdan gaz uchun qarzlarni to‘lab qo‘yishni talab qilmoqda

Xalqaro Moliya Jamg‘armasi Ukrainaga 17.1 milliard dollarlik kreditni ma‘qullagan.

Ukraina iqtisodini tiklashga yo‘naltiriladigan kerdit sharti tub iqtisodiy islohotlarni o‘tkazish, jumladan, gaz va elektr energiyasiga soliqlarni oshirishdir.

Ikki yil davomida ajratiladigan mablag‘larning 3.2 milliard dollarlik birinchi transhi Ukrainaga darhol beriladi.

Bu mablag‘lardan 2 milliardga yaqini byudjet defitsitini qoplashga safrlanadi.

Jamg‘arma rahbari Kristin Legard Ukrainaning iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va‘dasini qanchalik bajarayotgani yuzasidan muntazam tekshiruvlar olib borilishini aytgan.

Ukraina hukumati soliqlarni oshirish bilan birga mamlakatdagi eng kam ish haqi miqdorini muzlatishga ham rozi bo‘lgan.

XMJ ning krediti jamg‘armaga a‘zo 24 davlat, jumladan, Rossiya tomonidan ma‘qullanishi kerak.

Ushbu kredit boshqa donorlar, jumladan, Jahon Banki, Ovro‘po Ittifoqi, Kanada va Yaponiyaning kreditlariga ham yo‘l ochadi.

Ular Ukrainaga umumiy miqdorda 15 milliard dollar va‘da qilishgan.

Iqtisodiy tushish

Hozirda Ukraina iqtisodi, mutaxassislarning fikricha, defolt arafasida turibdi.

Moskva Kiyevdan gazdan bir necha milliardlik qarzlarni to‘lab qo‘yishni talab qilmoqda.

Aks holda Rossiya gaz ta‘minotini to‘xtatish bilan tahdid qilgan.

Joriy yilning birinchi choragida Ukraina yalpi ichkit mahsulot hajmi 1.1 foizga qisqargan.

Ukraina hukumati 2014 yilda mamlakat iqtisodida 3 foizlik tushishni bashorat qilmoqda.

O‘tgan yil dekabrida Rossiya Ukrainaga 15 milliard dollar kredit va‘da qilgan, ammo Prezident Yanukovichning ag‘darilishi ortidan uni bekor qilgan.

Chorshanba kuni Xalqaro Moliya Jamg‘armasi Rossiyaning o‘zida iqtisodiy retsessiya boshlangani haqida ogohlantirgan.

Tashkilotning hisob-kitobicha, joriy yilda Rossiyadan 100 milliard dollar mablag‘ chetga chiqib ketadi.

Buning sabablaridan biri AQSh va Ovro‘po Ittifoqining Ukrainadagi voqealar sabab Moskvaga joriy etgan jazo choralaridir.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002