Qozog‘iston, Belorus va Rossiya yaqinda yagona valyutaga ega bo‘ladilarmi?

Image copyright AFP

Rossiyaning markaziy ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston va Belarus ishtirokida yagona valyuta hududi yaratilishi haqida xabarlar chiqa boshlagan.

Bundan oldin yagona valyuta Ovro‘osiyo iqtisodiy ittifoqi doirasi 2025 yilga kelib joriy qilinishi mumkinligi aytilgandi.

Rossiya matbuoti mamlakatga G‘arb tomonidan jiddiy iqtisoiy jazo choralari ko‘rilsa, ushbu valyuta 5 yildan keyin amal qila boshlashi mumkinligi haqida yozgan.

Oltin deb nomlanishi kutilayotgan ushbu valyutaning qisqa muddatda joriy qilinishidan qozog‘istoniklar xursand emas ko‘rinadi.

Ovro‘osiyo ittifoqi hududida yagona valyuta joriy qilish g‘oyasi Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevga tegishli ekanligi aytiladi.

Biroq mamlakatdagi iqtisodchi va siyosatchilar Elboshining fikrini qo‘llamaydigan ko‘rinadi.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Rasul Jumali milliy valyuta bu davlat mustaqilligining ramzi ekanligini aytadi.

"Qozog‘iston o‘zining milliy valyutasidan bosh tortib, boshqa davlatlar bilan birgalikda valyuta joriy qilinishi yaxshi qadam deb bilmayman. Bu Qozog‘istonning mustaqilligiga katta xavf soluvchi narsa. Rasmiylar ham Qozog‘iston o‘zining milliy valyutasidan voz kechmaydi, deb bir necha marotaba ta‘kidlagan", - deydi Rasul Jumali.

Siyosatshunos har qanday integratsiyaning chegarasi bo‘lishi kerakligi va integratsiya bahona biror mamlakat o‘zining suverenitetini yo‘qotib qo‘ymasligi kerakligini ta‘kidlaydi.

Rasul Jumalining aytishicha, yagona valyuta borasida Nazarboyevning taklif bergani rost, Nazarboyev dunyodagi iqtisodiy inqiroz davrida ham xalqaro yagona valyuta joriy qilish taklifi bilan chiqqan. Biroq Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi hozirgi inqiroz manzarasida Nazarboyevning taklifiga rossiyalik mutaxassislar boshqacha tus bermoqda.

"Rossiyalik jurnalist, iqtisodchi va siyosatchilar Nazarboyevning takliflarining nomini oladi, biroq mazmunini o‘zlaricha talqin qiladi. Teng darajali integratsiya kabi g‘oyalarini Rossiya manfaatlariga moslab amalga oshirishni ko‘zlaydi. Nomi qozoqcha bo‘lsa ham uning asli Rossiya printsiplari asosida ishlashini Bojxona ittifoqida ko‘rdik", - deydi Rasul Jumali.

"Jamiyatdagi muammolar tahlili markazi" jamg‘armasi direktori Meruyert Maxmutova Rossiya tomoni ta‘siri ostidagi davlatlarda moliya sohasida o‘zining bosh boshqaruvini tuzishga harakat qilayotganini aytadi. Yagona valyuta g‘oyasini tezlashtirish ham ana shunday urinishlardan biri.

"Mening nuqtai nazarimga ko‘ra, bu urinishlar vaqti kelmasdan qilinayotgan choralarga o‘xshaydi. Chunki ayni damda yagona valyuta tuzish haqida gapirishga asos yo‘q. ChunkiQozog‘istonning ham Rosiyaning ham iqtisodi jahon bozoridagi neft mahsulotlarining narxiga bog‘liq", - deydi Meruyert Maxmutova.

Iqtisodchiga ko‘ra Qozog‘istonning yaqin yillarda Rossiya bilan yagona valyuta tizimga qo‘shilishi moliyaviy va iqtisodiy mustaqilligini yo‘qotishga olib kelishi mumkin.

Yagona valyuta joriy qilinsa, Qozog‘iston mustaqil iqtisodiy qarorlar chiqarish huquqini yo‘qotishi mumkin.

Iqtisodiy qiyinchiliklar yuzaga kelgan holatda valyuta narxiga ta‘sir qila olmay qoladi. Ya‘ni uni mustahkamlash yoki devalvatsiya qilish masalarida erki yo‘qoladi.

Iqtisodchi Mereuyert Maxmutova yagona valyuta joriy qilish borasida Nazarbevga maslahat berayotgan maslahatchilar bu kabi muammolarni ko‘ra olmayapti. Chunki bundan oldin Nazarboyev dunyoda yagona valyuta joriy qilish taklifi bilan chiqqan. Yagona valyuta bo‘lishi uchun esa jahon Markaziy banki tuzilishi kerak. Iqtisodchilar bunday bank tuzilishi xom hayolligini ta‘kidlashadi.

Meruyert Maxmutovaga ko‘ra bu safar Ovro‘osiyo ittifoqi doirasida yagona valyuta va yagona moliyaviy boshqaruv tizimini tuzish g‘oyasini Rossiya tomoni olg‘a surmoqda. Qozog‘iston tomoni esa rasman bu kabi g‘oyalar 2025 yildan oldin amalga oshmasligini bildirishgan.

"2025 yilga kelib esa rahbariyat boshqa bo‘lishi mumkin. Yo podshoh yoki Nasriddin afandining eshshagi o‘ladi. U vaqtgacha ko‘p suv oqadi va vaziyatning qanday bo‘lishini hech kim bilmaydi", - deydi Meruyert Maxmutova.

Iqtisodchiga ko‘ra, yagona valyuta borasida teng huquqli ittifoq tuzgan ovro‘paliklar oradan 50 yil o‘tib bir to‘xtamga kelishgan. Rossiya, Qozog‘iston va Belarus o‘rtasida hali ittifoq tuzilmasdan yagona valyuta haqida gapirishga juda erta.

Kuzatuvchilar G‘arb tomonidan Rossiyaga iqtisodiy jazo choralari ko‘rilish masalasi dolzarb bo‘lib turganda, Qozog‘iston yagona valyuta borasida shoshmay turgani ma‘qulligini aytishadi.

Siyosatshunos Rasul Jumali xalqaro hamjamiyatning Rossiyaga nisbatan munosabati tarang bo‘lib turganda, ushbu davlatga yaqinlashaverish yaxshilikka olib kelmasligi mumkinligini aytadi.

"Qarama qarshiliklar, Rossiyaga nisbatan joriy qilinayotgan sanktsilar manzarasida bu davlatga yanada yaqinlashaversak, xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llanilayotgan sanktsiyalarning Qozog‘istonga ham aks ta‘siri bo‘lishi mumkin. Qozog‘iston o‘zining tashqi siyosatdagi ko‘pvektorlik munosabatini ushlashi kerak", - deydi Rasul Jumali.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.