Slavyansk: "Aksilterror amaliyotida qurbonlar bor"

Image copyright BBC World Service

Ukraina Ichki ishlar vazirining bildirishicha, bir uchuvchilari qurbon bo‘lgan. Boshqasi yaralangan. Ayirmachilarga tegishli to‘qqiz nazorat nuqtasi bosib olingan.

Hukumat kuchlarining harbiy amaliyotlari esa, sharqiy Slavyansk shahridagi rossiyaparast ayirmachilarga qarshi qaratilgan.

Ammo, ularning BBCga aytishlaricha, uch nazorat nuqtasi hamon o‘z nazoratlari ostidadir.

Ayirmachi qurollilar Ukraina hukumat kuchlariga qarashli kamida ikkita tikucharni urib tushirishgan. Bir uchuvchini asirga olishgan.

Mintaqa markazi Donetskda bo‘lgan muxbirimizning xabar berishicha, hozir janglar shahar chekkasida kechmoqda.

Image copyright BBC World Service

Sharqiy Slavyansk shahri rossiyaparast ayirmachilarning tayanch nuqtasi hisoblanadi.

Ular bor kuchlari bilan mintaqada o‘z nazoratlarini kuchaytirishga urinishmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa, kecha payshanba kuni Ukraina tomonini jiddiy ogohlantirib chiqqandi.

Vazirlikka ko‘ra, Ukraina qo‘shinlarining mintaqadagi har qanday amaliyotining oqibatlari "halokatli" bo‘ladi.

Rasmiy Kremlning bu kabi ogohi Rossiyaning yangi ishg‘oliga oid xavotirlarni paydo qilmay qo‘ymagan.

Harbiy amaliyot

Image copyright BBC World Service

Ukraina Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, harbiy amaliyotning "faol bosqichi"ga mahalliy vaqt bilan sahar 4:30 da o‘tishgan.

Vazir Arseniy Avakovga ko‘ra, harbiy amaliyotga o‘z qo‘shinlari bilan birga Milliy Gvardiya ham jalb etilgan.

Uning aytishicha, "terrorchilar Ukraina maxsus bo‘linmalarini og‘ir qurollardan o‘qqa tutishgan".

"Hozir professional yollanmachilar bilan haqiqiy jang bormoqda", - deydi vazir.

Janob Avakovga ko‘ra, qurolli ayirmachilar odamlarning uylarini o‘zlariga qalqon qilib, urishishmoqda.

Shahardagi ayirmachilar rahbari Igor Strelkovning aytishicha, shahar butunlay o‘rab olingan.

Ammo, hozircha, Ukraina qo‘shinlarining shaharga kirib borishganiga oid xabarlar yo‘q.

Image copyright BBC World Service

Agar, mahalliy aholining so‘zlariga tayanilsa, Slavyanskda vaziyat hozircha tinch bo‘lsa-da, tangligicha qolmoqda.

Avvalroq Ukraina muvaqqat Prezidenti Oleksandr Turchinov harbiy safarbarlikni qayta tiklagandi.

Uning tan olishicha, qo‘shinlari mamlakat sharqidagi ayrim hududlarda isyonchilik hollarini bostirishga "ojiz" qolishmoqda.

Muvaqqat prezidentga ko‘ra, joriy paytda asosiy e‘tibor bu kabi harakatlarning oldini olishga qaratilgan.

Janob Turchinovning bildirishicha, Rossiya qo‘shinlarining ehtimoliy ishg‘oli xavotirida mamlakati "to‘liq jangovar holat"ga keltirilgan.

Ukraina chegarasi yaqinida esa, 40.000 ga yaqin Rossiya qo‘shinlari joylashtirilgan.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.