Kontakt pul o‘tkazmalari tizimi O‘zbekistonda nimaga ishlamay qoldi?

O‘zbekistondan olingan xabarlarga ko‘ra, Toshkentda bir necha kundan buyon Kontakt tizimi orqali yuborilgan pullarni olish bo‘yicha muammolar yuzaga kelgan.

Bank xodimlari Kontakt orqali pul o‘tkazishning to‘xtatilganini ushbu tizim bilan shartnoma tuzilmagani yoki uzaytirilmagani bilan izohlaganlar.

Londondagi Opal tarnsfer pul o‘tkazma idorasiga bu to‘g‘risida qo‘ng‘iroq qilganimizda, shirkat xodimi Kontakt orqali O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari vaqtincha to‘xtatilganini tasdiqladi. Lekin sabablarini oshkor qilmadi. Uning aytishicha, sabablari o‘rganilmoqda. Ushbu holat May bayramiga to‘g‘ri kelgani uchun tizimi keyingi hafta dushanba yoki seshanba kundan qayta ish boshlashi kutiladi.

Xodimning aytishicha, shu paytgacha Kontakt orqali Londondan yuborilgan pullar Turon bank, Hamkor bank va Uzprombank orqali olishning imkoni bo‘lgan. U hozir Kapital bank orqali vaziyatni hal qilish choralari ko‘rilayotganini aytdi.

Kommersant nashrining xabar berishicha, Rossiyaning qariyb 15 ta banki Sontakt tizimi orqali pul o‘tkazishni to‘xtatgan.

Ular ichida Binbank, Sobinbank, Osiyo-Tinnchummon banki kabi yirik banklar bor.

Bunga Russlavbank rahbariga nisbatan jinoiy ish ochilgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Rossiya Ichki ishlar vazirligining Federal okrug bo‘yicha boshqarmasi ma‘lumotlariga ko‘ra, bank rahbari noqonuniy bank amaliyotlarini o‘tkazishni boshqargan, va bir oyda o‘zlashtirilgan pul 3,5 milliard rublni tashkil qilgan.

Buning orqasidan MDHdagi, jumladan O‘zbekistondagi deyarli barcha banklar himoyalanishni lozim ko‘rib, Russlavbank tarkibida ochilgan Kontakt bilan hamkorlikni to‘xtatgani xabar qilinmoqda.

Lekin Kontakt tizimi Rossiyaning Kommersant nashriga jinoiy ish sabab faoliyati to‘xtatilganini inkor qilgan.

Rossiyadagi mehnat muhojirining mikrofonsiz bildirishicha, bir ikki kun oldin o‘zi pul yubormoqchi bo‘lganda, Kontakt hozircha ishlamasligini aytishgan. U mehnat muhojirlari orasida pul o‘rtada qolib ketsa olib bo‘lmasligi haqida xavotirlar paydo bor deydi.

Boshqa muhojirga ko‘ra esa, "Zolotaya korona" tizimidan O‘zbekistonga pul yuborishda muammolar bo‘lmagan. "Zolotaya korona" xodimlari mehnat muhojiriga pul yetib bormasa, uni qaytarib berishlarini ham bildirishgan.

Russlavbank matbuot xizmati Kommersant nashriga O‘zbekiston va MDH davlatlarida hamkorlik davom etayotgani, O‘zbekistondagi ba‘zi banklar bilan may bayramlari o‘tguncha tanaffus bo‘lgani, lekin Kapital bank orqali yuborilgan pullarni muammosiz olish mumkinligini qayd etgan.

Shuningdek, Podrobno.uz sayti Contact tizimi Xalk bank va Ipak yuli bankida ishlayotganini yozadi.

2014 yil 18 martda Yevrotrast bankining hisob raqamlari bilan bog‘liq muammolar ortidan Migom pul o‘tkazish tizimi litsenziyasidan ayrilgan.

Biroz keyin Anelik va Zolotaya korona pul o‘tkazish tizimilari bilan muammolar paydo bo‘lgani haqida xabarlar chiqqan. Ekspertlarga ko‘ra, Migomning to‘xtatilishi orqasidan O‘zbekistondagi bank hamkorlar ham zarar ko‘rganlari uchun Kontaktga aloqador ishda zararning oldi olinayotgan bo‘lishi mumkin.

Kontakt Rossiyadagi oltita eng yirik pul o‘tkazish tizimlaridan biri bo‘lib, uning kelajagi tahlilchilar fikricha, Russlavbankni nima kutayotgani bilan bevosita bog‘liq.

---------------------------------------------------------------------------------------

Azizlar, BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.