Afg‘oniston ko‘chki qurbonlariga motam tutmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Afg‘on hukumati juma kuni Badaxshondagi ko‘chki ostida qolgan yuzlab insonlar uchun bir kunlik motam e‘lon qilgan.

Badaxshon viloyat hokimi Shoh Valiulloh Adib BBC bilan suhbatda o‘z uylarida tiriklayin ko‘milgan insonlardan birontasining tirik qolganiga umid yo‘qligini aytgan.

Qurbonlarning aniq soni hanuz ma‘lum emas, BBC manba‘lari hozirgacha 255 insonning halok bo‘lganini tasdiqlashgan.

Shanba kuni rasmiy qidiruv amaliyotlari nihoyasiga yetgan.

Ekskavatorlar tabiiy ofat sathiga yetib borolmasdan, loy qatlamlari va toshlar ostida qolgan Obi Borik qishlog‘ini tark etgan.

BBC muxbiri Devid Loynning aytishicha, ko‘chki ostida qolgan jasadlarni olib chiqish uchun jiddiy sa‘y-harakat qilinishini kutish qiyin.

Kuchli yomg‘irlardan so‘ng, juma kuni tong soatlarida tog‘ qoyasi o‘pirilib tushgan payt qishloq aholisi o‘z uylarida bo‘lgan.

Image caption Qishloq hududi ommaviy qabristonga aylantiriladi

Jarbdiydalarga yordamga shoshilgan yana yuzlab odam ikkinchi ko‘chkiga duch kelgan.

Mintaqaga oziq-ovqat va chodirlar yuborilgan, ammo ofatdan omon qolgan bir necha yuz odam ikkinchi tunni ochiqlikda kechirgan.

Qishloq aholisi hukumatdan o‘zlarini boshqa yerga ko‘chirishni talab qilishmoqda, ularning so‘zlariga ko‘ra, shuncha odam ko‘milgan joyga qaytib borib, yasholmaydilar.

Badaxshon hokimi qishloq hududi ommaviy qabristonga aylantirilishi va qurbonlar haqqiga duo qilishlarini aytgan.

"Mening butun oilam, bolalarim va hamma narsam shu yerda ko‘milgan", - deydi ofatdan omon qolgan Ziyo ul-Haq ismli Obi Borik yashovchisi.

Tojikiston, Xitoy va Pokiston bilan chegaradosh Badaxshon Afg‘onistonning eng qashshoq mintaqalaridan biri hisoblanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002.