Saudiya Arabistoni podshohi: "Arzingiz bo‘lsa, menga ayting"

Image copyright BBC World Service

Agar, Saudiya Arabistoni matbuotiga tayanilsa, 90 yoshli podshoh Abdulla fuqarolarining arz-dodlariga shaxsan o‘zi quloq tutmoqchi.

"The Saudi Gazette" nashrining xabar berishicha, ayni shu maqsadda podshoh hazrati oliylarining shaxsiy farmoyishi bilan maxsus web sahifa tashkil etilgan.

Xabarga ko‘ra, saudiya fuqarolari o‘z shikoyatlari, g‘oyalari va takliflarini ana shu web sahifa orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri podshoh Abdullaning o‘ziga yuborishlari mumkin bo‘ladi.

web sahifaning o‘zi ham "Tawasol", ya‘ni arabchadan o‘girganda, "Muloqot", deb nomlanadi.

"Arab News" nashrining xabar berishicha esa, saudiyaliklar ushbu web sahifadan foydalanib, istalgan hukumat idorasi ustidan podshoh hazrati oliylariga shikoyat qilishlari, tibbiy muolajaga ehtiyojlari borlari esa, ko‘mak so‘rab ham murojaat qilishlari mumkin.

"Tawasol"ning o‘zida chop etilgan rasmiy bayonotda ham aynan shu xususda so‘z boradi.

"Aholi podshohni davlat idoralarining faoliyatidagi istalgan kamchilikdan boxabar etishlari va barcha fuqarolarning foydasiga lozim choralar ko‘rilishiga erishishlari mumkin bo‘ladi", - deyiladi rasmiy bayonotda.

Ammo Saudiya Arabistonida boshqalari qatori internet ham silliq masalalardan emas.

Bir tarafdan, podshohlik millionlab fuqarolarining internetdan foydalanishlarini aytib, maqtanib keladi.

Ammo, boshqa tomondan, aholisining axloqini buzishini aytib, minglab xorijiy web sahifalarni filtrdan o‘tkazishini ham tan oladi.

Deylik, Twitter foydalanuvchilari soni bo‘yicha Saudiya Arabistoni dunyoning eng ildam davlatlari qatorida.

Image copyright BBC World Service

Agar, Saudiya Arabistonida joylashgan "Social Clinic" media konsalting shirkatining ma‘lumotlariga tayanilsa, mamlakat aholisining uchdan bir qismi Twitterdan muntazam ravishda foydalanadi.

Ular qilgan twitlarining soni esa, oyiga 150 milliontaga yetadi.

Ammo siz Saudiya Arabistonida istagan mavzuda twit qilaveraman, desangiz adashasiz.

Agar, podshohlik oilasi yoki Islom diniga til tekkizsangiz, buning oqibatlari yaxshi bo‘lmasligi tayin.

Buning uchun sizni qamoq jazosi yoki yuzlab darra kaltak kutadi.

Ammo, saudiyaliklarning o‘z iqrorlariga ishonilsa, "Twitter – ular uchun haqiqiy demokratiya va boyu kambag‘al, shahzodayu oddiy fuqaro o‘z ko‘nglidagi gapini ayta oladigan yagona imkoniyat" vazifasini o‘tab kelmoqda.

90 yoshli podshohning so‘nggi tashabbusi esa, yaqinda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning qator davlatlarini o‘z girdobiga tortgan arab inqilobi ortidan kuzatilmoqda.

AQShda joylashgan "Fridom Hauz" xalqaro tashkilotining xulosasiga tayanilsa, aynan ana shu inqilob sabab, Bahrayn, Eron, Livan, Saudiya Arabistoni, Suriya, Birlashgan Arab Amirliklari va Yamanda vaziyat yomonlashgan.

Arab bahoriga ko‘rsatilgan eng zo‘ravon munosabat bobida Suriya va Saudiya Arabistoni yetakchi o‘rinlarni egallagan va erkinlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha shundoq ham pastki o‘rinlaridan eng yomon o‘rinlarga tushib ketgan.

Biroq xuddi shu manzarada, o‘ta an‘anador bo‘lmaydimi, ijobiy o‘zgarishlar talabi bilan ijtimoiy muloqot tarmoqlariga yuz tutayotgan saudiyaliklarning soni yil sayin jadallik bilan ortiq bormoqda.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Saudiya Arabistoni mutlaq podshohlik sanalmaydimi, bu yerda har qanday namoyishlar butkul taqiqlangan.

---------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.