Feldmarshal Sisi Musulmon Birodarlarni yo‘qotishga ont ichdi

Misrliklar yozib olingan intervyuni tomosha qilish uchun Qohira ko‘chalariga yig‘ilgan Image copyright AFP
Image caption Misrliklar yozib olingan intervyuni tomosha qilish uchun Qohira ko‘chalariga yig‘ilgan

Misrdagi prezident saylovlari favoriti va armiyaning sobiq rahbari Abdul Fattoh Al-Sisi, agar g‘olib chiqsa taqiqdagi Musulmon Birodarlarni "butunlay yo‘q qilishga" qasam ichgan.

U Misr telekanaliga bergan ilk intervyusida o‘ziga qarshi uyushtirilgan ikki suiqasddan omon chiqqanini bildirdi.

Sisi janoblari Misrda ilk bor demokratik yo‘l bilan saylagan prezident Muhammad Mursinini o‘tgan yilning iyul oyida qudratdan ag‘dargandi.

Uning 26-27 may kunlari bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida yutib chiqishi kutilmoqda.

Janob Sisi prezident Mursini taxtdan ag‘darganda siyosiy ambitsiyalari borligini rad etgan va uni o‘tgan yili qo‘llagan Musulmon Birodarlar tashkilotini qatag‘on qila boshlagandi.

Feldmarshal Sisi qarorining o‘zgarishiga ichki va tashqi tahdidlar sabab bo‘lganini aytgan.

"Vatani, xalqi va uning kelajagini himoya qilishi uchun, oldinga chiqa olishga qurbi bor har kim chiqishi lozim", - degan Sisi.

Harbiylardan chiqqan Sisi o‘zining armiya tomonidan qo‘yilgan nomzod deb bilmasligini ta‘kidlaydi. Unga ko‘ra harbiylar Misrni boshqarishda ishtirok etmaydi.

Sisi shuningdek, norozilik aktsiyalari o‘tkazish huquqini keskin cheklovchi yangi qonunni qo‘llashini bildirdi.

Saylovda g‘alaba qozongan taqdirda Sisi harbiy doiradan chiqqan navbatdagi prezident bo‘ladi. U 50 chi yillardan boshlab harbiylardan siyosatga kelgan Misr rahbarlari qatorini to‘ldiradi.

Ushbu ro‘yxatda faqatgina Muhammad Mursi istisno bo‘lgan edi.

Inson huquqlarini himoya qiluvchilarga ko‘ra, harbiylarning dastagiga ega Misr hukumatida mustaqil OAV va siyosiy raqiblarga nisbatan adovat kuchaymoqda.

Mursi taxtdan ag‘darilgach, mingdan oshiq odam o‘ldirildi, Musulmon Birodarlarning bir necha ming tarafdorlari hukumat tomonidan hibsga olindi va ushbu tashkilot noqonuniy deya e‘tirof etildi.

---------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz telefonimiz - +44 7858 860002.

Your contact details
Disclaimer