Dushanbe: Prezident Rahmon yana bir qarindoshiga mansab berdi

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon jiyani Siroj Gulmurodovga mamlakatdagi yirik viloyatlardan bo‘lgan Xatlonning soliq xizmati boshqaruvini topshirgan.

Bu Rahmonga yaqin odamning davlatning yuqori lavozimini egallashi birinchi bor emas.

Oldinroq prezident farmoni bilan 26 yoshli o‘g‘li Rustam Rahmon Tojikiston bojxona qo‘mitasi rahbarligiga tayinlangan edi.

Bundan tashqari Emomali Rahmonning yana bir jiyani Qo‘rg‘ontepa shahar hokimi lavozimga qo‘yilgan.

Prezidentning qizi Ozoda Rahmon Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari sanaladi. Uni eri Jamoliddin Nuraliyev esa Tojikiston Moliya vaziri o‘rinbosari lavozimida.

Image caption Rustam Rahmon Tojikiston soliq qo‘mitasi rahbari

Hukumatdagi 23 asosiy vazifani egallab turganlarning 11 nafari Imomali Rahmon tug‘ilgan Xatlondan, va ko‘pchiligi aynan Dang‘ara tumanidan hisoblanadi.

Tojikiston muxolifati va kuzatuvchilar mamlakatdagi boshqaruv tizimlari bir oilaning qo‘lida tobora ko‘proq to‘planyotganidan xavotir bildirishadi.

Ushbu holat Tojikistondagi muxolifatning ba‘zi rahbarlarini g‘azabini qo‘zg‘aydi.

Tojikistonni 20 yildan ortiq boshqarib kelayotgan Imomali Rahmonning aksariyat muxoliflari mamlakatni tark etishgan yoki turli ayblovlar bilan qamoqqa tashlangan.

"Mamlakatning 50 foizdan ortiq iqtisodiy imkoniyatlari va ob‘ektlari birgina shu oilaga qarashli", deb aytadi Sotsial demokratik partiyaning rahbari Rahmatulla Zoirov. "Ular uni boshqarib, egalik qilib olishgan. Bu juda ham ko‘pdir".

Imomali Rahmonning ashaddiy tanqidchisi Dodojon Atoullayev Tojikistonda hamma narsa bir oila manfaatlariga xizmat qilayotganini aytadi.

O‘tgan yil prezidentning yana bir raqibi Zayd Saidov xizmat vazifasini suiste‘mol qilish, davlat mablag‘ini o‘zlashtirishda aybdor topilib, 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Rahmonning tanqidchilari u o‘z muxolifidan shu tariqa qutulmoqchi bo‘lganini ta‘kidlashadi.

Image caption Bugun Imomali Rahmonning suratini hamma yoqda, hatto gilamlarda ham ko‘rish mumkin

Bir oila qudrati

Prezident Rahmonning to‘qqiz farzandi bor. Aksariyat tojiklar uning hamma yetti qizi va ikki o‘g‘lini nomma-nom sanab berishlari mumkin. Lekin ulardan ikkitasi ayniqsa mashhur - qizi Ozoda va o‘g‘li Rustam Imomali.

Oilada ikkinchi farzand bo‘lgan Ozoda hozirgi mavqei Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga kelguncha Tojikistonning Vashingtondagi elchixonasida madaniy ishlar bo‘yicha attashe bo‘lib ishlagan.

Ozodaning turmush o‘rtog‘i Tojikiston Moliya vaziri o‘rinbosari Jamoliddin Nuraliyev - aytishlaricha, mamlakatdagi eng badavlat odamlardan biridir.

26 yoshli Rustam Dushanbening Istiqlol futbol jamoasi sobiq o‘yinchisi bo‘lgan, ayni paytda Tojikiston bojxona xizmatida rahbar, shuningdek Tojikiston Futbol federatsiyasi prezidenti hisoblanadi.

Ko‘p tahlilchilar fikricha, Ozarbayjonda Aliyevlar oilaviy boshqaruvidan keyin, bu yerda yana taxminlar, mish-mishlar borki, Rustam 2020 yilgi saylovlarda otasining merosxo‘ri sifatida tayyorlanmoqda.

Raxmonning boshqa qizlarining erlari ham yuqori lavozimlarni egallashgan.

Ulardan biri Shamsulla Sohibov, hozirgi paytda Tojikistonning Londondagi attashesi. Boshqasi, Muhammadzohir Sohibov mamlakatning chet el bilan savdo aloqalariga javob beradi.

Oilaning yana bir a‘zosi, Tojikistonda tez-tez tilga olinadigan shaxs prezidentning qaynog‘asi Hasan Assadullohzodadir.

U mamlakatdagi yirik banklardan biri, Tojikiston ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladigan "Orionbank"ning xo‘jayini. "Orionbank" mamlakatdagi katta korxonalarning hissalariga egalik qiladi.

Prezident tarafdorlari, jumladan keksa siyosatchi Sulton Mirzoshoyevning ta‘kidlashicha, janob Rahmon ishonchli va salohiyatli insonlarni o‘z atrofida bo‘lishini xohlashi bu tabiiy, ularning ba‘zilari prezidentning qarindoshlari bo‘lib chiqqani aslida uncha ahamiyatga ega emas...

"Bizning prezidentimizning farzandlari ko‘p va tanishlari ham ko‘p bo‘lishi tabiiy", deb aytadi u BBCga bergan intervyusida. "Sizning fikringizcha, ular prezident oilasiga mansub bo‘lganliklari uchun Tojikistonda ishlashlari mumkin emasmi? Albatta ular ishlashlari kerak. Bundan tashqari ular boqimanda emas, hammalari o‘qimishli va tajribali kishilar".

Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda prezident o‘g‘li Rustamning nikoh to‘yi marosimidan lavhalar tarqalib ketdi.

Lavhalarda prezidentning ishtiyoq bilan raqsga tushayotgani, qo‘l ostidagi rahbarlardan biriga muomalasi, qo‘shiqchi ayol bilan birga qo‘shiq kuylash kabi to‘ydagi ba‘zi harakatlari ijtimoiy tarmoqlarda kinoya va kulgiga sabab bo‘ldi.

Kuzatuvchilar ham tezlikda hukumatning rasmiy mehmonlar saroyida nishonlangan sakkiz soatlik dabdabali ziyofat Rahmonning oddiy tojikistonliklar uchun joriy qilgan katta pul sarflashni taqiqlaydigan uch soatlik oddiy marosimlardan katta farq qilishini ko‘rsatishga intildilar.

Olmoniyada yashayotgan muxolifat faoli Dodojon Atoulloyev Rahmonning o‘g‘li to‘yini o‘zining internetdagi kanalida tarjima qilib namoyish etdi.

Bu lavhalar berilgach, ko‘p o‘tmay Atoullayev Moskva aeroportida qisqa muddatga ushlanib, so‘ngra Gurjistonga safariga ruxsat berilmadi. Atoullayev bu voqeani to‘y lavhalari aks etgan videoni joylaganiga nisbatan javob deb biladi.

"Keyinroq ma‘lum bo‘ldiki, Rahmon tuzumi mening nomimni Interpol tarmog‘i bo‘yicha terrorist deb qidiruvga bergan ekan", deydi u. "Men aytmoqchi bo‘lganim, oilaviy aloqalarga asoslangan bu hukumat odamlar haqida qayg‘urmasligini ko‘rsatish edi. Ular Tojikistonni oilaviy tijoratga aylantirishdi".

Lekin mamlakat ichkarisidagi tojiklarning juda oz qismigina bir oila qo‘lida to‘plangan qudratga ochiq norozilik bildirishga tayyor.

Ba‘zilar boshqaruvdagi oilaning hukmronligi qoldiradigan asoratlardan xavotirlanadi.

Mamlakatdagi korruptsiyaga qarshi qonunchilikda rahbar xodimlarning o‘z qarindoshlariga ish berishi, ularni atrofiga to‘plashi taqiqlanadi.

Nega, deb savol beradi jur‘atli tojikistonliklar, prezident o‘zi chiqargan shaxsiy qonunlariga amal qilmaydimi?