O‘zbek qochqinlari muhofazachisi Yelena Ryabinina vafot etdi

Oxirgi yillarda ko‘plab markaziy osiyolik qochqinlarni himoya qilgan rossiyalik taniqli inson huquqlari himoyachisi Yelena Ryabinina uzoq kasallikdan so‘ng olamdan o‘tgan.

Moskvada joylashgan "Fuqaroviy ko‘mak" qo‘mitasi faoli sifatida Yelena Ryabinina Rossiya hududida qochqin maqomini qo‘lga kiritish istagidagi insonlarni muhofaza qilgan.

U qo‘mita qoshidagi "Markaziy osiyolik siyosiy qochqinlarga yordam" dasturini olti yil davomida boshqargan.

Ryabinina xonim "Memorial" inson huquqlari tashkilotining hamda Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili qoshidagi Ekspertlar kengashi a‘zosi bo‘lgan.

U ham Rossiya huquq-tartibot organlari va sobiq Sho‘ro respublikalari hukumatlarining ham tanqidchisiga aylangandi.

Misol uchun siyosiy yoki diniy qarashlari tufayli O‘zbekistonda ta‘qibdan qochib Rossiyaga borgan fuqarolar Yelena Ryabininaga yordam so‘rab murojaat qilganlar.

Ryabinina xonim ham Rossiya va ham O‘zbekiston amaldorlari o‘z mamlakatlari konstitutsiyalari va qonunlari hamda bu mamlakatlar o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini qo‘pol buzganlari haqida bong urgan.

BBC mehmoni Yelena Ryabinina bilan suhbat

U Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan o‘g‘irlangan yoki noqonuniy O‘zbekistonga topshirilgan insonlar ishlarini Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasiga olib chiqqan va bu ishlarni yutib chiqishga muvaffaq bo‘lganlar.

Ovro‘po mahkamasi Rossiya hukumatini jarimalarga tortgan.

Internet tarmoqlarida ko‘plab foydalanuvchilar Yelena Ryabinaning bevaqt o‘limi yuzasidan uning oila a‘zolariga ta‘ziya bildirib, bag‘ri keng ayolni xotirlashmoqda.