Mirjalol Qosimov: "Bunyodkor" o‘yinini stadionga tushib ko‘raman"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Sobiq Bosh murabbiyi bu kabi istagini qaldirg‘ochlar uchun muhim bo‘lgan bugungi Osiyo Chempionlar ligasining "Al-Hilol"ga qarshi nimchorak final bellashuvi oldidan bildirdi.

Toshkent jamoasining saudiya arabistonilik raqiblari bilan dastlabki uchrashuvi markaziy "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tadi va mahalliy vaqt bilan kechki soat 18:00 da boshlanadi.

"Bunyodkor" bu yilgisi bilan ketma-ket yettinchi bor Osiyo Chempionlar ligasining nimchorak finaliga chiqib, qit‘ada o‘ziga xos rekord ham o‘rnatgan.

Ammo ikki bor yarim finalni zabt etgan qaldirg‘ochlarga halicha Osiyo chempionlari chempioni bo‘lish nasib etmagan.

Ustiga ustak, "Bunyodkor" bu yil Osiyo Chempionlar ligasida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona jamoa bo‘ladi.

"Nasaf" va "Lokomotiv" esa, pley-off bosqichidanoq liga o‘yinlari bilan xayrlashishgan.

Mirjalol Qosimov xuddi shu sababdan ham, "Bunyodkor" O‘zbekistonning yuzi ekani, bugungi uchrashuvda butun O‘zbek xalqi nomidan harakat qilishi"ni aytadi.

"Shuning uchun ham bu jamoaga mendan tashqari, menimcha, o‘zbekistonlik barcha futbol ishqibozlari qayg‘urishmoqda. Chunki ular bugun "Bunyodkor"ning "Al-Hilol" ustidan g‘alaba qozonishini, albatta, xohlashadi", - deydi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida klub sobiq Bosh murabbiyi.

Bugungi raqib

Image copyright fcbunyodkor.com

"Bunyodkor" O‘zbekistonning qanchalik nomdor jamoasi bo‘lsa, bugungi raqibi ham Saudiya Arabistonining eng ko‘zga ko‘ringan ikkita klubidan bittasi bo‘ladi.

"Al-Hilol" 13 bor Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritib o‘ziga xos rekord ham o‘rnatgan.

Qit‘aning eng nufuzli turnirlaridan biri sanaluvchi Osiyo Chempionlar ligasida katta tajribaga ega.

Jamoa ikki karra Osiyo Chempionlari chempioni, Osiyo Super Kubogi va Osiyo Kubogi g‘oliblari Kubogi sohibi bo‘lgan.

Sobiq Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ham qaldirg‘ochlarning nimchorak finalidagi raqiblari anoyilardan emasligi, bugungi o‘yin judayam qiyin bo‘lishini inkor etmaydi.

Ammo, suhbatdoshimizga ko‘ra, jamoa a‘zolari qo‘llaridan kelgancha harakat qilishadi.

"Endi, chetdan turib gapirish judayam oson. Lekin, shunga qaramay, men yigitlarning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Arab futbolida o‘zi to‘psiz yugurishni yoqtirishmaydi. Shuning uchun ham bugungi o‘yinda ularni iloji boricha to‘psiz qoldirish kerak. Va, albatta, o‘sha yaratilgan imkoniyatlardan tezkor foydalanish kerak", - deydi Mirjalol Qosimov.

Sobiq Bosh murabbiyi eng so‘nggida hozir "Bunyodkor" tarkibida avvalgidek yulduz futbolchilar yo‘q bo‘lsa-da, urg‘u jamoaviy o‘yinga qaratilgani, xuddi shu bois ham, raqiblari bitta o‘yinchilaridan qo‘rqmasa ham, lekin jamoadan qo‘rqishlari kerakligini ta‘kidlaydi.

-----------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002