Nima uchun "Boko Haram" Nigeriya davlatiga qarshi urush ochdi?

Image copyright AFP
Image caption "Boko Haram" rahbari Abu Bakr Shekau maktab o‘quvchilarini "Alloh uchun" o‘g‘irlaganini aytadi

Aholi soni bo‘yicha Afrikaning eng yirik mamlakati Nigeriyada "Boko Haram" qurolli guruhi hukumatni ag‘darib, Islomiy davlat qurishni o‘ziga maqsad qilgan.

Suiqasdlar va bomba hujumlari bilan Nigeriyada notinchlik uyg‘otayotgan ushbu guruh endi odam o‘g‘irlash yo‘liga o‘tgan.

Uning tarafdorlari Qur‘oni Karimning "Moida" surasi 44 oyatidan ilhom olishlari aytiladi.

"Kimda-kim Alloh nozil qilgan Din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir".

"Boko Haram" G‘arbga bog‘liq har qanday siyosiy yoki ijtimoiy faoliyatni musulmonlarga "harom" deb biladi.

Man etilgan faoliyatlar jumlasiga saylovlarda ovoz berish, ko‘ylak va shim kiyish yo bo‘lmasa dunyoviy ta‘lim olish kiradi.

"Boko Haram" Nigeriyani kofirlar idora etuvchi davlat deb hisoblaydi.

BBC Hausa xizmati muharriri Mansur Liman yaqinda Nigeriya poytaxti Abujaga safar qilgan.

Mansur Liman: "Boko Haram" Nigeriyada shariat qonunlarini ta‘sis etishni istaydi. Ushbu ifrotiy guruh o‘z maqsadiga kuch bilan erishishiga ishonadi. Ular Nigeriya hukumatiga qarshi qurolli kurash yo‘lini tanlashgan. Ular, shuningdek, Nigeriya xalqiga ham qarshi urush ochganlar. Chunki, "Boko Haram" Nigeriya aholisini ham hukumat bilan bir safda deb biladi. Hausa tilidan tarjima qilinganda "Boko Haram" - "G‘arb maorifi haromdir", degan ma‘noni bildiradi. Shuning uchun ular Nigeriyada ko‘plab maktablarni vayron qilishgan, ko‘plab talabalarni halok etishgan. May oyi boshida esa 200 dan ziyod o‘quvchi qizlarini ular yakuniy imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda maktabdan o‘g‘irlab ketishdi.

BBC: Janob Liman, "Bok Haram" imkoniyatlari haqida nima deya olasiz? Bu guruh qanchalik xavfli bo‘lishi mumkin?

Mansur Liman: "Boko Haram" o‘zining o‘ta xavfli guruh ekanini amalda isbotlagan. Unga qarshi kurash muttasil olib borilmas ekan, "Boko Haram" Nigeriya shimoli-sharqidagi yirik hududlarni bosib olish qudratiga ega. Hozirda "Boko Haram" mavjud hududlarda favqulodda holat joriy etilgan bo‘lsa-da, guruh hamon qurolli hujumlar sodir etishga muvaffaq bo‘lmoqda. Nigeriya armiyasi hozirda, ushbu guruhni yo‘q qilish bir yoqda tursin, u nazorat qilgan hududlarga borish, yo bo‘lmasa, uning ta‘minotini uzib qo‘yishga qurbi yetmayotir.

BBC: Janob Liman, bu guruhni kim moliyalaydi? Kim harbiy jihozlar bilan ta‘minlab turadi?

Mansur Liman: Hozircha bu guruh qayerdan moliyalanayotgani haqida aniq bir gapni aytish qiyin. Ammo, bizga ma‘lum bo‘lgani shuki, avval boshda ushbu guruh banklarni tulashgan, Nigeriya shimolidagi banklardan millionlab Nayra (Nigeriya pul birligi - BBC izohi) o‘marishgan. Guruh, shuningdek, harbiy baraklarga hujumlar qilgan. Ular namoyishga qo‘ygan videolarda qanday qilib harbiy bo‘linmalardan og‘ir qurollar olib ketilayotgani ko‘rsatiladi. Bundan tashqari guruh qurollilari politsiya bo‘linmalariga ham hujum qilib, u yerlardan qurol-yaroq va avtoulovlarni olib ketishgan. Ammo, guruh moliyaviy yordami qayerdan kelishini biz aniq bilmaymiz.

BBC: Guruhning aniq a‘zolari raqamini bilamizmi?

Mansur Liman: Hozirda uning aniq raqamini bilmaymiz. Ammo, guruh a‘zolari minglab emas, yuzlab nafarni tashkil etsa kerak.

BBC: "Boko Haram"ning Nigeriya tashqarisidagi jihodiy guruhlar bilan aloqalari borasida nimalar ma‘lum bizga?

Mansur Liman: Umuman olganda, jihodiy guruhlar haqida gap borganda, hamma narsa borib guruhlar g‘oyasiga borib taqaladi. "Boko Haram" boshqa xalqaro qurolli guruhlar bilan o‘xshash g‘oyaga ega. Ammo, guruhning boshqa guruhlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlar o‘rnatgani hozirga qadar aniqlangani yo‘q. Boshqa qurolli Islomiy guruhlar faoliyatiga nazar tashlasangiz, ular o‘zlari nazorati ostidagi mintaqalarda maktablarni yoqishmaydi yoki o‘quvchilarni garovga olishmaydi. Lekin, "Boko Haram" o‘zi faol bo‘lgan hududlarda maktbalarni berkitish, o‘quvchi va o‘qituvchilarni o‘ldirish bilan shug‘ullanadi.

BBC: Janob Liman, "Boko Haram"ning "al-Qoida" tarmog‘i bilan aloqaga egami?

Mansur Liman: Hozircha bu haqda bir narsa deyish qiyin. Bugungacha ular chiqib, "al-Qoida" bilan aloqa o‘rnatdik, deganlari yo‘q. Ammo, ular avvallari "al-Qoida" bilan ma‘lumot almashgani yoki mashg‘ulot olganlari haqida gumonlar bor. "Boko Haram" "al-Qoida" bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarga ega, deb ishonch bilan ayta olmaymiz. Biroq, ikkala guruhning ham maqsadi bir xil - musulmon davlatlarida shariat qonunlarini o‘rnatish.

BBC: Nima uchun Nigeriya hukumati bu guruhni jilovlay olmayapti?

Mansur Liman: Nigeriya hukumati bu guruhga qarshi kurash olib borayapti, biroq, xalq hukumatni "Boko Haram"ga qarshi kurashda tanlangan uslub va chora-tadbirlar samarali bo‘lmayotir, deb tanqid qilayapti. Chunki, "Boko Haram" faol bo‘lgan mintaqalarda bir yildan buyon favqulodda holat kuchda esa-da, harbiylar mintaqada guruh sodir etayotgan zo‘ravonliklarini to‘xtata olgani yo‘q. Bunga Nigeriya armiyasining yaxshi jihozlanmagani sababdir balki. Hukumat buni e‘tirof etgani yo‘q, biroq xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘ragan.

BBC: Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Britaniya "Boko Haram" guruhiga qarshi kurashga yordam berish uchun Nigeriyaga harbiylar va josuslarini yuborishga qaror qilganlar. Xalqaro hamjamiyat guruhni bartaraf etish uchun nima qila oladi deb o‘ylaysiz?

Mansur Liman: Menimcha, xalqaro hamjamiyat qilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab narsalar bor. Ilk navbatda istihborot ma‘lumotlarini to‘plashda. O‘ylashimcha, bu sohada Nigeriya hukumati olgan choralar samarali bo‘lmayotir. "Boko Haram" guruhi haqidagi har qanday istihborot ma‘lumoti Nigeriya hukumatiga foyda beradi, deb o‘ylayman. Ikkinchidan, Nigeriya hukumatiga guruh iziga tushishda qo‘l keluvchi jihozlarga ehtiyoji bor. Chunki, hozirga qadar guruh aniq qayerda qarorgoh qurgani ma‘lum emas. Odatda "Boko Haram" qurollilari bir joyga hujum qilishgach, o‘rmonga qochishadi. Ularning qayerga borib yashirinishi aniqlangani yo‘q hozirgacha. Uchinchidan, Nigeriya hukumatiga guruhga qarshi kurashda reja va muvofiqlashtirish ishlarida yordam berish kerak. Xullas, xalqaro hamjamiyat Nigeriya hukumatiga 2009 yildan buyon hujumlar sodir etib kelayotgan "Boko Haram"ga qarshi ko‘plab sohalarda yordam berishi mumkin.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002