Zamonaviy tibbiyot xatolarga asoslanganmi?

Image caption So‘nggi 10 yil ichida yuzlab bemorlar doktor Oydin Solihning davolash uslubi bilan shifo topgan

Iyun oyi oxirida Turkiya poytaxti Anqarada bo‘lib o‘tajak "Tibbi Nabaviy" (Payg‘ambarlar tibbi) xalqaro kongressida zamonaviy tibbiyotda davolash usullari savol ostiga olinishi kutilmoqda.

Islomiy tibbiyotni o‘zining axloqiy asosi sifatida qabul qilgan "Tibbi Nabaviy" davolash va sog‘liq mavzularida zamonaviy tibbiyotga muqobil yo‘l sifatida chiqmoqda.

Xo‘sh, "Tibbi Nabaviy" zamonaviy tibbiyotdan nimasi bilan farq qiladi?

Anqarada bo‘lib o‘tajak ikki kunlik kongressda amerika, afrika, ovro‘po va osiyolik taniqli shifokor-olimlar ishtirok etadilar.

BBC ayni savol bilan bo‘lajak kongress qatnashchilaridan biri, taniqli olima Oydin Solihga bog‘landi.

Oydin Solih: "Tibbi Nabaviy" - muqobil emas, asl (haqiqiy) tibbiyotdir. Chunki, "Tibbi Nabaviy" ta‘limoti insondan kelmaydi, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri Alloh tomonidan payg‘ambarlarga yuborilgandir. Barcha payg‘ambarlar tibb ilmiga ega bo‘lganlar. Ammo, maxsus tibb ilmlari Luqmon alayhissalomga yuborilgan. U "Tibbi Nabaviy" asoschisi hisoblanadi. Zamonaviy tibbiyot esa insonlar va hayvonlar ustidan o‘tkazilgan tajribalarga asoslangan. Xatolar ham shu yerda yotadi.

Inson - xato qiluvchidir.

Xatolarga asoslangan bilim esa tobora mustahkamlanib boradi va ko‘plab zararlar yetkazadi.

Alloh - ilmi benuqson zot.

Zamonaviy kibernetika va kvantum fizikasi yangi ta‘limotlariga tayanadigan bo‘lsak, biz bilamizki, barcha kimyoviy va fizikaviy qonunlar mustahkam tamalga qurilmagan. Shuning uchun zamonaviy tibbiyot va ta‘lim o‘ta ayanchli ahvolga tushib qolgan. Bir paytlar fanlarning ustunlariga aylangan kashfiyotlar bugun nuqsonli ekani o‘rtaga chiqmoqda.

Zamonaviy ilm dunyoning tuzilishi borasida noto‘g‘ri tasavvur beradi, tibbiyot bo‘lsa, noto‘g‘ri davolaydi.

Zamonaviy tibda davolash qisman o‘tkaziladi. Kasalliklarni "yurak xastaliklari", "ko‘z, quloq, tomoq va burun" kasalliklari, deb bo‘lib tashlash juda kulgulidir!

Axir, qanday qilib, butun tanani davolamasdan turib, yurakni yoki ko‘zni davolash mumkin?

"Tibbi Nabaviy" organizmga yaxlit, bir koinot sifatida qaraydi. Unda tananing jismoniy, ruhiy va ma‘naviy rivojlanishi e‘tiborga olinadi.

Bir turk yozuvchisi menga bir gapni aytdi: "Oydin xonim, men tushundim: Allohdan keladigan hamma narsa oddiy va bepul, shaytondan keladigan hamma narsa juda ayqash-uyqash va qimmat ekan".

Bu darhaqiqat shunday: "Tibbi Nabaviy"da davolash tamoyillari o‘ta oddiy, qulay va o‘ta ta‘sirlidir. Zamonaviy tibbiyot esa o‘ta ayqash-uyqash va juda qimmatdir.

BBC: Oydin xonim, "Tibbi Nabaviy" antibiotiklarga mutlaqo qarshi. Lekin, aynan shu antibiotiklar tufayli, millionlab insonlar hayoti saqlab qolinadi. Buni qanday izohlaysiz?

Oydin Solih: Umuman olganda, men o‘z kitobimda nafaqat antibiotiklar, balki barcha zamonaviy dori-darmonlarga qarshi ekanimni yozganman. Antibiotiklar haqida bilmoqchi bo‘lsangiz, uning nomidanoq hammasi oydek ravshan bo‘ladi. "Anti-bio" bu - "hayotga qarshi", degani.

Bu so‘zning nomini tushungan inson qanday qilib tanadagi barcha tirik moddalarni o‘ldiradigan zamonaviy dori-darmonlardan foydalanishi mumkin?!

Antibiotiklar ilk navbatda tanadagi mikroflorani yo‘q qiladi. Tanadagi mikroflora inson immun tizimining 70 foizini tashkil etadi. Endi antibiotiklar ta‘siri ostida inson himoya tizimi qanchalar kuchsizlanib ketishini tasavvur qilib ko‘ring. Oddiy bir misol keltiraman: tish pastalarida antibiotiklar bor. Undan foydalangan inson og‘zidagi mikroflorani o‘ldiradi. Natijada inson tishlari chiriy boshlaydi. Bugunga kelib, insonlarda sog‘lom milk umuman qolmagan hisobi!

Milk tana uchun zarur bo‘lgan moddalarni ishlab chiqaruvchi ichakka ta‘sir ko‘rsatadi.

Ana shuning uchun barchada vitamin yetishmasligi va kamqonlik kuzatiladi. Insonlarning barchasida immun tizimi yo o‘ta kuchsiz yo-da umuman ishlamaydi. Nima uchun?

Chunki, hamma antibiotikdan foydalanadi! Insonlar antibiotikdan foydalanmasa, halok bo‘lishadi, degan gaplar yolg‘ondan boshqa hech narsa emas. Chunki, o‘lim faqat va faqat ajalga bog‘liq. Insonga berilgan energiya energiyaning sochilib ketishidir. U tamom bo‘ldimi, u halok bo‘ladi. Buni "ajal" deyishadi. Fizikada bu "entropiya" deb ataladi. Barcha fizik tanada ma‘lum energiya mavjud bo‘ladi. U sochila boshlaganida, tana parchalanadi va mavjud shakldan boshqa bir shaklga o‘tadi. Buni "ajal" deyishadi.

BBC: Siz organlarni ko‘chirishga ham qarshi chiqasiz. Lekin, avtohalokatda halok bo‘lgan inson yuragini yurakka ehtiyoji bo‘lgan bir insonga ko‘chirishning nimasi yomon?

Oydin Solih: Juda murakkab savol. Chunki, u hayotning ma‘naviy jihatini ham qamrab oladi. Men yonimga shifo topish uchun kelganlarga oddiy davolanish usuli - organizmni tozalashni tavsiya qilaman. Agar ular nafaqat jismoniy shifo, balki jismoniy rivojlanishni ham istashsa, unda ochlik qilishni so‘rayman. Chunki, ochlik inson tanasidagi harom moddalarni, ya‘ni iste‘moli man qilingan moddalarni eritib tashlaydi.

Biz tanasiga boshqa inson organi ko‘chirib qo‘yilgan odamlar hayoti bilan qiziqamiz. Birining aytishicha, uning onasi jigari almashtirilgach, butunlay boshqa bir insonga aylangan.

Aylanadi-da! Chunki, jigar insonlarda minglab, ba‘zi Islom ulamolariga ko‘ra, millionlab gormonlarni chiqaradi.

Gormonlar barcha jismoniy, ruhiy va ma‘naviy rivojlanishni shakllantiradi. Jigarini almashtirgan inson, boshqa insonning jismoniy, ruhiy va ma‘naviy jihatlarini o‘zlashiradi. Mening yonimga bir qiz keldi. Unga o‘z otasining buyragini ko‘chirib qo‘yishgan. Buyrak jinsiy gormonlar ishlab chiqarishni nazorat etadi. Natijada, bu qizda erkaklarniki singari hissiyotlar paydo bo‘la boshlagan.

Unda ayollarga qiziqish paydo bo‘lgan. Avval bu qiz o‘ta taqvodor bo‘lgan, endi bo‘lsa, inson uning ahvolini tilga olgisi ham kelmaydi!

Tana organlari ko‘chirib qo‘yilgan insonlarda qanday o‘zgarishlar yuz berishini hech kim kuzatmagan.

Avstraliyada to‘qqiz yoshli qizaloqqa boshqa jigar qo‘yishgach, unda hattoki qon guruhi ham o‘zgarib ketgan. Bu ishonib bo‘lmas hodisa-ku!

Bu haqda keyin butun dunyo gapirdi.

Yana qanday o‘zgarishlar bo‘lishini hali yana tadqiq etish kerak bo‘ladi. Lekin buni hech kim o‘rganishni istamaydi. Islomda, umuman olganda, tana organlarini ko‘chirish taqiqlangan. Bu haqda hadis ham bor. Muhammad alayhissalom deydilar: "Tirik odamga jismoniy ozor berish qanchalar gunoh bulsa, xuddi shu shaklda, o‘likka ham ozor berish shunchalar gunohdir. Chunki, o‘liklarda his qilish tiriklarga nisbatan 70 baravar ko‘proqdir".

BBC: Buni qanday tushunsa bo‘ladi?

Oydin Solih: Ya‘ni, inson o‘lsa, bu uning his qilishi yo‘qoldi, degani emas. Islomda inson o‘lgach, jasadni yuvishadi. G‘assol mayitning har bir tana a‘zosini o‘ta ehtiyotkorlik bilan yuvadi, uni ehtiyotkorlik bilan o‘giradi. Chunki, o‘lik tirikka nisbatan og‘riqni yetmish marta ko‘proq his qiladi.

BBC: Islom olimlari sun‘iy urug‘lantirish yo‘li bilan farzand ko‘rishga izn berishadi. Agar farzand ko‘ruvchilar shar‘iy nikohga ega bo‘lsalar albatta. Lekin, siz sun‘iy yo‘l bilan homilalikka qarshisiz. Bu ko‘z qarashingizni izohlab bersangiz...

Oydin Solih: Ha, albatta. Qur‘oni Karimning Moida surasi 60-oyatida Alloh shunday buyuradi: "Ayting: "Sizlarga Allohning huzurida (ya‘ni Qiyomat Kunida) bundan ko‘ra yomonroq "savob" (jazo oladigan kimsalar) haqida xabar beraymi? Ular Allohning la‘natiga duchor bo‘lgan, g‘azabiga giriftor bo‘lgan va maymun, to‘ng‘izlarga aylantirib qo‘yilganlar hamda shaytonga qul bo‘lgan kimsalardir. Ana o‘shalar eng yomon martabada bo‘lgan va butunlay To‘g‘ri Yo‘ldan ozgan kimsalardir".

Ba‘zilar bu oyatni "Alloh musulmonlarga emas, yahudiy va nasroniylarga aytdi", - deb o‘zlarini aldaydilar. Allohning bu nuqtada ular bilan ishi yo‘q, Alloh musulmonlarga aytayapti bu gapni, chunki musulmonlar "iyaka na‘budu, va iyaka nastain" deyishadiyu, ammo yolg‘on so‘ylaydilar.

Yana Muhammad alayhissalom aytganlar: "Oxir zamonda shuncha ko‘p yangi narsalar chiqadiki, insonlar bularni nima qilamiz deb, ulamoga murojaat qiladilar. Ular kelib qarashsa, ulamolar cho‘chqa vayo maymunga aylanishgan".

Bu hadisni o‘qiganimda "inson qanday qilib, maymun va cho‘chqaga aylanishi mumkin", deb hayratga tushgandim. Bu juda oddiy ekan. Misol uchun, emlash yoki irsiy o‘zgartirilgan dorilarni olaylik. Ular faqat cho‘chqa va maymunlar DNKsidan olinadi.

Eng ko‘p cho‘chqanikidan olinadi. Chunki, inson to‘qimasiga eng ko‘p cho‘chqa to‘qimasi to‘g‘ri keladi. Tibbiy dori-darmonlar ishlab chiqarishda cho‘chqa va maymun DNKsidan foydaliniladi.

Irsiy yo‘llar bilan o‘zgartirilgan dorilar insonlar xulq atvoriga ta‘sir etmay qolmaydi. Xo‘sh, men nega sun‘iy homila bilan farzand ko‘rishga qarshiman?

Sababi, homilalik yetti parda ortidagi sirdir. Urug‘lantirish muhabbat va o‘zaro hurmat yo‘li bilan amalga oshirilishi kerak. Er-xotin yolg‘iz bo‘lishlari va ularni hech kim ko‘rmasligi shart. Va bu narsa ko‘rpaga yopingan holda bo‘lishi shart. Farzandlar xayrli bo‘lishi uchun duo o‘qilishi shart. Endi bo‘lsa sun‘iy homilalikni olaylik: erkak kishi alohida xonaga kiritiladi, pornografik film va unga mos musiqa qo‘yiladi. So‘ngra undan istimno‘ yo‘li bilan nutfa olinadi. Ayni paytda ayol kishini genekologik holatda yotqizishadi va undan sintetik gormonlar vositasida tuxum olinadi.

Sintetik gormonlar ta‘sirida yetishgan tuxumni qanday qilib tabiiy tuxum deyish mumkin?!

Bu jarayonning o‘zi allaqachon bo‘lajak bolaning jismoniy va ma‘naviy raftori ustidan nazorat o‘rnatadi. Avval boshdan bolaga nisbatan qilingan xato eng og‘ir xatodir. Chunki, bu barcha jarayonlarga ta‘sir ko‘rsatadi. Salbiy ta‘sir inson tanasining barcha to‘qimalariga bo‘ladi. Sun‘iy homilalik boz ustiga shifokorlaru hamshiralar hamda talabalar ko‘z o‘ngida yuz beradi. Bu shunchalar jirkanch bir jarayon.

Endi ayting, probirkada yetishgan farzand natijada kimga aylanishi mumkin?

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002