Ukraina: rossiyaparast bo‘lginchilar Putinning so‘rovini muhokama qilmoqchi

"Donetsk xalq respublikasi" faollari Rossiya Prezidentining federalizatsiya bo‘yicha referendumni orqaga surish taklifini ko‘rib chiqmoqchi.

Chorshanba kuni YeHHQ vakili bilan uchrashuvdan so‘ng Vladimir Putin bo‘lginchilardan Ukraina sharqidagi viloyatlarning mustaqilligi uchuch rejalangan referendumni boshqa muddatga qoldirishni so‘ragan, rasmiy Kiyevdan esa bo‘lginchilarga qarshi amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirgan edi.

Donetsk va Luganskdagi rossiyaparastlar bu masalani bugun "xalq kengashi"da ko‘rib chiqishlarini aytganlar.

"Biz Putinning tutayotgan mavqeini hurmat qilamiz. U mulohazali siyosatchi va shuning uchun uning taklifini xalq majlisida muhokama qilib bir qarorga kelmoqchimiz", degan "Donetsk xalq respublikasi" rahbarlaridan biri Denis Pushilin.

Luganskdagi bo‘lginchilar ham Putinning referendumni qoldirish haqidagi taklifi barcha tarafdorlari bilan muhokama qilinishini bildirganlar.

Ba‘zi faollar, jumladan "Donetsk xalq respublikasi" vakili Aleksandr Vaskovskiy referendumni qoldirib bo‘lmasligini va uni o‘tkazishga tayyorgarlik ketayotganini aytmoqda.

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi voqealar rivojining bu tarzda o‘zgarishini, hamda Putinning taklifini quvvatlaganlar. Ular 11 mayga belgilangan referendum o‘tgan taqdirda ham noqonuniy hisoblanishi bois referendumni to‘liq bekor qilish maqsadga muvofiqligini aytishgan.

YeHHT ning amaldagi raisi Shvetsariya prezidenti Dide Burkxalter bilan muzokaralardan so‘ng Vladimir Putin referendumni orqaga surish muzokaralar stoliga o‘tirish imkonini yaratishini aytdi.

Putinning Ukrainada 25 mayga belgilangan prezidentlik saylovlari "to‘g‘i yo‘ldagi harakat" degan fikri ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi.

Ayni vaqtda janob Putin "fuqarolar o‘z huquqlari kafolatlanganiga ishonch hosil qilmas ekan saylovlardan ma‘no yo‘qligi, Ukrainada sharqidagi odamlarning huquqlari ta‘minlashi zarurligi"ni ham urg‘ulagan.

Moskva Ukrainadagi inqiroz sabab rusiyzabon aholini himoya qilishga va‘da berib keladi.

Bundan oldin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov prezidentlik saylovlarini "odatiy emas"ligini aytgan bo‘lsa, Kreml matbuot voizi Peskov hozirgi vaziyatda saylovlar o‘tkazish absurd" degandi.

Rossiya prezidentining murojaatidan so‘ng unga javoban muvaqqat bosh vazir Arseniy Yatsenyuk 11 mayda Ukrainada hech qanday referendum belgilanmagani va Putinning bunday gaplari "katta davlat rahbari"ga yarashmasligini ham qayd etgan.

Ukrina hukumati mamlakat sharqida bo‘lginchilarga qarshi harbiy amaliyotlarni hali to‘xtatganicha yo‘q.

"Referendum muddati ko‘chiriladimi yoki ular referendum natijalarini e‘lon qiladilarmi, hech bir ahamiyati yo‘q. Aksilterror amaliyotlar davom etaveradi", deb ma‘lum qilgan Ukraina Xavfsizlik kengashi rahbari Andrey Parubiy.

O‘z navbatida Ukrainaning vaqtincha prezidenti Oleksandr Turchinov Putinning murojaatini izohlagan va hukumat Donetsk hamda Lugansk viloyatlaridagi xalq vakillari bilan muzokaralarga tayyorligini bildirgan.

Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘li qon bo‘lgan jinoyatchilar bilan muzokara o‘tkazilmaydi.

"Faqatgina kimki qotillikka aloqasi bo‘lmasa, qurolni topshirib, egallab olgan binolarni bo‘shatsa ular amnistiyaga tushadi".

Chorshanba kuni Vladimir Putin Rossiya armiyasi Ukraina chegaralaridan uzoqlashtirilganini bildirgan.

"Qo‘shinlarimiz bois xavotirlar yuzaga kelgani haqida bizga tinmay aytishdi" - deb izohladi Vladimir Putin - "Hozir ularni odatiy o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan joyga ko‘chirdik".

NATO rasmiylari Rossiya qo‘shinlari chegaradan olib ketilgani kuzatilmaganini aytmoqda.

Rossiya prezidentining Ukraina masalasida fikrlarini kutilmaganda o‘zgartirishi borasida kuzatuvchilar turli farazlarni ilgari surmoqdalar.

Ba‘zi tahlilchilar 9may g‘alaba kunidan keyin buning sabablari ko‘proq oydin bo‘lishini bashorat qilsa, boshqasi Ukrainada Putinning rejalari ish bermagani, yoki jazo choralari shaxsan Putinga va unga yaqin mulozimlarga ta‘sir qilganini aytmoqdalar.

Shuningdek, Ovro‘po rasmiylari bilan parda ortidagi muzokaralarda Ukrainadagi saylovlar va voqealar rivoji Rossiya manfaatlariga ziyon qilmaslikka kelishuv bo‘lgani mumkinligi ham taxmin qilinadi.

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002