"2014 yildan keyin Amerika Markaziy Osiyoni tashlab qo‘ymaydi"

Image copyright Getty

AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uilyam Byorns (William Burns) aytishicha, Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar olib chiqib ketilganidan keyin ham AQSh Markaziy Osiyoda tinchlikni saqlash borasidagi o‘z bayonotiga sodiq qoladi.

"Biz mintaqaning muhimligini rad eta olmaymiz. Shunday ekan, Amerika hech qayoqqa ketmaydi", deb aytgan janob Byorns.

Janob Byorns rasmiy Toshkentning Ukraina munosabati bilan e‘lon qilgan bayonoti uchun minnatdorlik bildirgan.

Prezident Islom Karimov bilan uchrashuvidan oldin Toshkentdagi jurnalistlar bilan ko‘rishgan janob Byorns O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan Rossiya-Ukraina munosabatlarini muhokama qilgani haqida gapirgan.

"Biz bunday hodisalar Rossiya bilan uzoq va mustahkam iqtisodiy va madaniy aloqalarga ega O‘zbekistonga ham ta‘sir ko‘rsatishi mumkinligini tushunamiz", deb aytgan Uilyam Byorns.

AQSh mulozimining bayonoti Rossiyaning Qrimni qo‘shib olishi ortidan sobiq sovet davlatlarida xavotirlar ortgan paytda yangramoqda.

Ukraina mavzusi janob Byornsning Prezident Karimov bilan muzokaralarida ham asosiy mavzulardan biri bo‘lgan.

Janob Byorns Afg‘onistonga Shimoliy Ta‘minot yo‘li deb atalgan yo‘ldan foydalanishda O‘zbekiston muhim rol o‘ynaganini alohida ta‘kidlagan, biroq O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatida "mushkulliklar" hamon mavjud, deb aytgan.

AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari O‘zbekiston hukumati bilan "Xalqaro Mehnat tashkiloti o‘rtasida bolalar mehnati masalasidagi muloqotda oldinga siljish bo‘lganini olqishlaymiz", deb aytgan janob Byorns.

"Biroq tabiiyki ko‘plab qiyinchiliklar saqlanib qolayapti", deb aytgan 30 yildan ortiq diplomatik faoliyatiga yakun yasayotganini e‘lon qilgan janob Byorns.

Amerika rasmiylari Uilyam Byorns tashqi siyosat idorasidagi faoliyatini shu yil oktyabrida tugatishini ma‘lum qilganlar.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari AQSh hukumatining O‘zbekistonga nisbatan tutgan siyosatini tanqid qiladilar, ularga ko‘ra, Amerika Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlari va texnikasini olib chiqishda O‘zbekiston ko‘magiga muhtoj bo‘lgani uchun bu mamlakatdagi inson huquqlarining abgor vaziyatiga ko‘z yumayapti.

O‘zbekistonlik sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshev fikricha, amerikalik mulozimlar uchun O‘zbekistondagi inson huquqlari va jamiyatni demokratlashtirish mavzulari eng noqulay mavzulardir.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002