G‘alaba kuni Georgiyev tasmasi mashmashalari bilan qarshi olindi

Markaziy Osiyo davlatlarida ikkinchi jahon urushida erishilgan g‘alaba turli kayfiyat va ayrim qarama-qarshiliklar bilan nishonlamoqda.

Qozog‘iston va Qirg‘izistonda har yili tantana bilan va silliq o‘tadigan bu bayramga bu yil e‘tirozlar yangragan. Mahalliy faollarda bayram arafasi va bayrai kuni tarqatiladigan Georgiyev tasmasi noroziklik uyg‘otgan. Norozilar ushbu lenta orqali Rossiya o‘zining buyuk imperialistik g‘oyasini olg‘a surayotganini ta‘kidlamoqda.

O‘zbekistonda 9 may g‘alaba emas, balki Xotira va qadrlash kuni deya nishonlanib keladi. Lekin Georgiyev lentasi borasida mashmasha O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmagan.

Sho‘rolar davridagi harbiy marshlar va qo‘shiqlar ostida Olma ota shahri markazidagi "28 Panfilovchilar" bog‘ida g‘alaba kuni tantana bilan nishonlandi.

Bayramga kelganlarni bir narsa Georgiyev lentasi yanada ajratib turardi. Ayniqsa ushbu tasma atrofida Qozog‘istonda bu yil bo‘lgan qizg‘in muhokamalar qora-norinj rangda yaltirab turgan Georgiyev lentasiga e‘tiborni orttirdi.

Qozog‘istonlik siyosatchi Serikjan Mambetalin Georgiyev tasmasi Sovet hukumati vaqtida bo‘lmagani, ushbu tasma 2005 yildan boshlab rasmiy Kreml tomonidan targ‘ib qilinayotganini aytadi.

"Sovet hukumati vaqtida hech qanday Georgiyev lentasi tarqatishmagan. Buni o‘zlari o‘ylab topishgan. Moskva bu aktsiyani 2005 yili boshladi. 9 yilning ichida odatga aylantirdi", - deydi Serikjan Mabetalin.

Mambetalin janoblari ushbu tasmaning Markaziy Osiyo xalqlariga umuman aloqasi yo‘qligini, aksincha ushbu lenta Chor Rossiyasi tomonidan O‘rta Osiyoni ishg‘ol qilishda qatnashgan rus askarlariga mukofot sifatida berilganini ta‘kidlaydi.

Avvaliga Qozog‘iston hukumati va qudratdagi "Nur Otan" partiyasining hududlardagi bo‘limlari qora va norinj rangdagi Georgiyev tasmasini tekin tarqatishda va targ‘ib qilishda jonbozlik qildi.

Biroq jamoat faollari va siyosatchilarning ijtimoiy tarmoqlarda chiqishi ortidan hukumat strukturalarida ushbu lentaga bo‘lgan munosabat o‘zagardi.

Ostona hokimiyati vaziyatdan chiqish uchun 8 may kuni 3 mingdan ortiq Qozog‘iston bayrog‘i rangi va qozoq naqshlari tushirilgan o‘ziga xos tasmani tekin tarqatdi.

Bu kabi tadbir ruslar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi shimoldagi Petropavl shahrida ham kuzatildi. "Nur otan" partiyasi u yerda qizil va qora ranglarga ko‘k rangi qo‘shilgan 5 mingdan ortiq tasma tarqatdi.

"Georgiyev lentasi qanday bo‘lsa shunday qoladi.U urushning barcha ishtirokchilari qahramonligini aks ettiradi. Yangi tasma esa Qozog‘istonning buyuk g‘alabaga qo‘shngan hissasini bildirib turadi", - deydi "Nur otan" partiyasining Petropavl shahri filiali muovini Vladimir Vetchenko.

So‘nggi yillarda Georgiyev tasmasi Qozog‘istonda g‘alaba kunini nishonlashning ramziga aylangan edi. Hattoki prezident Nazarboyevdan tortib hokimlargacha ushbu lentani taqib bayram nishonlardi.

Biroq bu yil Qrimning Rossiya tomonidan annektsiya qilinishi va Ukrainadagi bo‘lginchilarining Rossiya tomonidan dastaklanishi Qozog‘istondagi davlat arboblarini xavotirga solib qo‘ygani aytiladi.

Georgiyev tasmasiga qarshi aktsiyalar, uning o‘rnini boshqasiga almashtirish harakatlari Qirg‘izistonda ham kuzatilgan. BBC muxbiri To‘lqinbek Turdiboyev Georgiyev lentasi ayniqsa bu yil ko‘proq tarqatilgani norozilikka olib kelganini aytadi.

"Hech kim birorta katta chaqiriq qilib norozilik namoyishi qilgani yo‘q. Lekin amalda o‘shanga raqobat sifatida Qirg‘izistonning milliy ramzidan darak beruvchi bayroq, Qirg‘iziston gerbi ushirilgan tasmalarni tarqatishyapti. Bugun maydonda ikkala lenta ham tarqatildi", - deydi To‘lqinbek Turdiboyev.

G‘alaba kuni yo‘q lekin Georgiyev tasmasi bor

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan so‘ng 9 may G‘alaba kuni emas Xotira va qadrlash kuni sifatida bayram qilinadi.

Hukumatning sovet an‘analarini unutish yo‘lida qilgan ushbu amali bugun Rossiya o‘zini imperiya sifatida his qila boshlagan davrda qo‘l kelayotgani ta‘kidlanadi.

Biroq Georgiyev tasmasi mashmashasi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Toshkentdagi Rossiya elchixonasida ushbu lenta tekin tarqatildi.

Georgiyev tasmasining Toshkentda tarqatilishi va uning tub aholi tomonidan ham taqib yurilishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokalarga sabab bo‘ldi.

Georgiyev tasmasiga o‘z e‘tirozini bildirmoqchi bo‘lgan G‘ayrat ismli foydalanuvchi Facebookdagi asosan o‘zbekistonliklar a‘zosi bo‘lgan potrebitel.uz guruhidan bir umrga badarg‘a qilindi.

Guruh ma‘muri o‘z tarxini hurmat qilmagan odamga u yerda joy yo‘qligini bildirdi.

BBC G‘ayrat bilan bog‘lanib nima sababdan Georgiyev lentasining O‘zbekistonda tarqatilishiga e‘tiroz qilgani haqida so‘radi.

"2000 yillardan keyin Rossiyaning hozirgi rahbariyati hukumatga kelganidan so‘ng bu lentani sobiq Sovet respublikalarida tarqatish, targ‘ib qilish ancha kuchaydi. O‘sha yerda o‘qib qoldim, Rossiya elchixonasi borib so‘raganlarga cheklanmagan miqdorda tarqatib yotibdi. Lekin tasavvur qiling, bu narsa osmondan tushmayapti, lentani chiqarish, davlatlarga yetkazishga mablag‘ ketadi. Bu lentani g‘alaba lentasi ostida xaspo‘shlashdan maqsad nima. Menga tushunarsiz bo‘ldi", - deydi G‘ayrat.

G‘ayrat ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari va front ortida mehnat qilganlarning xotirasi unutilmasligini, biroq ushbu hodisalarning Georgiyev tasmasiga olib kelib bog‘lash noto‘g‘ri ekanligini aytadi.

Suhbatdoshimiz Putin boshchiligidagi Rossiya Chor Rossiyasi davridagi ramzlarni qayta tiklagani va uni targ‘ib qila boshlagani xavotir uyg‘otishini aytadi. Chor Rossiyasi davrida ordenlar ilib berilgan Georgiyev lentasi bugun G‘alaba tasmasi deya targ‘ib qilinayotgani ajablantiradi.

Ushbu tasma Ukrainadagi bo‘lginchilarning ramziga aylanganligi Markaziy Osiyodagilarni xavotirga solib qo‘ygani aytiladi.

Boz ustiga Rossiya dumasi deputati va muxolifatdagi siyosatchilar Markaziy Osiyoning Rossiya imperiyasi ostidagi yerlar va ularni qaytarish lozimligi haqida baralla gapirishi xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002