Ukraina: Mariupolda to‘qnashuvlar kelib chiqqan

Image copyright RIA Novosti

Ukrainadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakat sharqidagi Mariupol Ichki ishlar boshqarmasi binosi uchun janglar ketmoqda.

Hukumat kuchlari Kiyev buyrug‘iga bo‘ysunmagan militsionerlar va rossiyaparast bo‘lginchilar kirib olgan binoni o‘rab olgan.

Xabarlarga ko‘ra, 30 kishidan iborat qurollilar ichki ishlar boshqarmasi binosining ikki qavatini egallab turishibdi. Ularning qo‘lida avtomatlar, granatalar bor.

Guvohlarning bildirishicha, bino oldiga BTR va harbiylar olib kelingan.

Shu paytga qadar sakkiz kishi o‘lgani, o‘nlab kishilar yaralangani aytilmoqda.

Ukraina Radasi deputati Lyashkoning Facebookda yozishicha, bo‘lginchilarga militsionerlar yordam bermoqda.

Ayni paytda G‘alaba bayrami munosabati bilan namoyishga chiqqan mingdan ortiq kishi Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan yurganlar.

Bundan oldin Ichki ishlar vaziri Arsen Avakov armiya Mariopolni to‘liq nazoratga olganini aytgandi.

"Donetsk xalq respublikasi" yetakchilari hukumatni notanish kimyoviy qurol ishlatganlikda ayblagan.

Ularning aytishicha, shahar kengashi binosi ishg‘olida ko‘p faollar nafas yo‘llari jarohatlangani kuzatilgan.

Arseniy Yatsenyuk 9 mayda fuqarolarni iloji boricha uyda o‘tirib bayram qilish, buzg‘unchilarga imkon bermaslikka chaqirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002