Ovro‘nigoh: qo‘shiq tanloviga siyosatning ta‘siri bu gal qanday bo‘ladi?

Bugun Daniya poytaxti Kopengagenda "Ovro‘nigoh-59" qo‘shiq tanlovining oxirgi bosqichi o‘tkaziladi.

"Ovro‘nigoh-59" qo‘shiq tanlovi Ukrainadagi voqealar barchaning diqqat markazida bo‘lib turgan paytga to‘g‘ri kelgani bois bugungi finalda Rossiya va Ukraina vakillariga munosabat qanday bo‘lishi ham ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shiq muxlislari va voqelar rivojiga ko‘proq ishqibozlik qilayotganlar o‘rtasida bahslar avjida.

Final bosqichini qur‘a natijalariga ko‘ra, ukrainalik qo‘shiqchi Mariya Yaremchuk Tick-Tock qo‘shig‘i bilan boshlab beradi.

Rossiyani opa-uka Tolmachyovlar "Shine" deb nomlangan qo‘shiq bilan 15 raqam ostida namoyon etishadi.

Bu yilgi tanlovda g‘oliblikka asosiy da‘vogarlar sifatida Shvetsiya, Holland va Avstriya qo‘shiqchilari bashorat qilinmoqda.

"Ovro‘nigoh" tanlovida "qo‘shnichilik ovozlari" ustunlik qilishi tez-tez tanqid qilinadi. Tomoshabinlar nafaqat ijrochilarni baholashadi, balki siyosiy va tarixiy yoqish hissi bo‘lgan davlatlarga ovoz berishadi.

O‘tgan seshanba kuni boshlangan "Ovro‘nigoh"da Rossiya nomidan chiqqan egizak Tolmachyovalar ovoz natijalaridan keyin finalga chiqqach, zalda norozi qichqiriqlar va hushmak ovozlari yangragan.

Tahlilchilar fikricha, bu safar Rossiya Ukraina inqirozi sabab ko‘p ovoz ololmasligi mumkin. Ayni paytda ukrainalik qo‘shiqchi hozirgi voqealar manzarasida tomoshabinlarning mehriga sazovor bo‘lishi, olqishlanishi kutiladi.

"Ovro‘nigoh" ilk bor 1956 yilda o‘tkazilgan.

Bugungi finalda ikki yarim final bosqichida saralangan 20 qo‘shiqchidan tashqari mezbon davlat Daniya, hamda tanlov asoschilari bo‘lgan "beshlik"- Britaniya, Olmoniya, Ispaniya, Italiya va Frantsiya vakillari qatnashishadi.

Avstriyalik transseksual xonanda Konchita Vurstning chiqishi ham olqish ham g‘azabnok fikrlarga sabab bo‘lmoqda.

Rossiya, Belorus va Ukrainlik faollar hatto 25 yoshli ijrochini tanlovdan chiqarib tashlashni taklif qilganlar. Avstriya erkinlik partiyasi Vurstni "masxaraboz" deb atagan.

Tanlovda faqat jonli va yangi qo‘shiq ijro etilishi, shuningdek ishtirokchining yoshi 16 dan kichik bo‘lmasligi asosiy talablardandir.

Shuningdek qo‘shiq matni siyosiy va tashviqot ko‘rinishida bo‘lmasligi, qo‘shiq so‘zlarida xaqorat, uyat so‘zlar ishlatilmasligi lozim.

Ammo shunga qaramasdan, tanlov doimo siyosiy vaziyat bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Bu yil ham bundan istisno emasligi kuzatilmoqda.

---------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002