"Ovro‘nigoh": Feniks haqidagi qo‘shiq bilan transseksual xonanda g‘olib chiqdi

Image copyright NA

Ovro‘poning 26 davlati Avstriyaning transseksual xonandasi Konchita Vurst "Rise Like a Phoenix" qo‘shig‘iga eng yuqori baho berdi.

"Ovro‘nigoh"da eng ko‘p shov-shuvga sabab soqolli xonanda obrazida chiqqan 25 yoshli Tom Noyvirt jami 290 ball to‘pladi.

"Bu kecha tinchlik va erkinlikka ishongan insonlarga bag‘ishlanadi. Siz o‘zingizni bilasiz, biz birgamiz va bizni to‘xtatib bo‘lmaydi", deb aytdi o‘z g‘alabasidan o‘ta hayajonda bo‘lgan xonanda sahnadan turib.

Niderlandiyaning "The Common Linnets" guruhi 238 ball bilan ikkinchi, 218 ovoz olgan shved xonandasi Sanna Nilsen uchinchi o‘rinni egalladi.

"Ovro‘nigoh" da qatnashish shartlaridan biri sahnada siyosatga bog‘liq matn va tashviqotlar, shuningdek haqorat so‘zlarni ishlatish taqiqlanadi.

Shunday bo‘lsada, kuzatuvchilar "Ovro‘nigoh" allaqachon qo‘shiq bayrami emas, siyosiy qarashlarga bog‘liq marosimga aylanganini aytib tanqid qilishadi.

Bu gal Ukrainadagi vaziyat sabab rossiyalik ishtirokchi opa-uka Tolmachyovalarga dastlabki yarim finalda tomoshabinlarning salbiy munosabati yaqqol kuzatildi.

Bundan farqli ukrainalik xonanda Mariya Yaremchuk chiqishida tomoshabinlar olqishlab, siyosiy voqelarda go‘yoki Ukraina mavqeini quvvatladilar.

Ovoz berish mobaynida rossiyalik qo‘shiqchi qizlarga 22 davlat bir ball ham ovoz bermagani ko‘rindi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, "Tick-Tock" qo‘shig‘i bilan ukrainalik Mariya Yaremchuk oltinchi, "Shine" qo‘shig‘ini ijro etgan rossiyalik Tolmachyovalar yettinchi o‘rinni egallashdi.

Tabiiyki, ijtimoiy tarmoqlarda "Ovronigoh" g‘olibasiyu, qolgan boshqa qo‘shiqchilar qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Ba‘zi internet foydalanuvchilarga ko‘ra, Rossiya va Ukraina ishtirokchilari tomoshabinlarning turlicha munosabatlariga qaramay ketma-ket o‘rin olgani ham ramziy ahamiyatga ega.

"Siyosatga qaramasdan, xalqlarimiz doim birga. Ovronigoh ham buni ko‘rsatdi. Ushbu haqiqatni rahbarlarimiz ham tushunib olishini, Ukrainada tezroq tinchlik o‘rnatilishini xohlaymiz", deb yozadi rossiyalik Igor.

Shuningdek transseksual xonandaning "Ovronigoh"da g‘olib chiqishi ham qarama-qarshi fikrlarni qizitgan. Aksariyat tomoshabinlar buni uyat, sharmandalik deb baholashgan.

Boshqalari esa Konchita Vurstning ajabtovur ko‘rinishi emas, ko‘proq ijrosi g‘olib chiqqanini aytib, bahslarga chek qo‘yishga harakat qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002