Saudiya: Bedavo sirli virus yoyilmoqda

Image copyright AFP
Image caption Saudiyada tarqalayotgan kasallikka hali davo topilmadi

Yaqin Sharq Nafas Yo‘llari sindromi, Mers yoki koronovirus nomlari bilan atalayotgan bu kasallikning hali davosi topilmadi. Shu bois uning yangi hududlarga tarqalishi vahimalarni urchitmoqda.

Qo‘rquv nafaqat Saudiya Arabistoni, balki butun Ko‘rfaz mamlakatlarini qamrab olgan.

Jeddalik Fuad uzoq yillik shifokor. U har kuni kasallarni qabul qiladi. To‘g‘ri, tibbiy niqob taqadi, ammo vaqt sayin asablari taranglashmoqda.

"Har kuni uyg‘onib, vahimaga tushaman. Tomog‘im achisa ham qo‘rqib ketaman. Bedavo dard ehtimoli xayolingdan bir soniya ham ketmaydi" - deydi Fuad.

U hozir yakka o‘zi yashamoqda. Rafiqasi kasallikni yuqtirib qo‘yishdan qo‘rqib, yosh bolasini olib boshqa mamlakatga ketgan.

Mersdan qo‘rqqan odamlar ko‘chaga kam chiqishmoqda. Saudiyadagi gavjum bozor va savdo markazlari shu kunlarda ancha huvillab qolgan.

Mazkur kasallik xuddi shamollashdek boshlanadi va odam yo‘talib, asta-sekin nafas olishi qiyinlashadi. Keyingi bosqichda u zotiljamga aylanadi.

Ayrimlarda kasallik alomatlari aniq namoyon bo‘ladi, boshqalar tuppa tuzuk yurib, birdaniga yiqilishmoqda.

Har uchinchi holat - halokatli

Saudiya Arabistonida hozirgacha kamida 126 odam bu kasallikdan vafot etgani aniqlangan. Uni yuqtirganlar soni esa 463 nafar. Shifokorlarga ko‘ra, bu kasalni yuqtirgan har uchinchi kishi olamdan o‘tmoqda.

Asosan, keksa, zaif va boshqa biron muttasil kasalga chalingan kishilar Mersni ko‘tara olishmayapti.

Ayniqsa, shifokorlar juda ehtiyot bo‘lishi talab qilinmoqda. Shu paytgacha Saudiyada bir nechta tibbiyot xodimi kasallardan Mersni yuqtirishgan.

Bir shifokor kornovirus bois buyragi ishdan chiqdi va olamdan o‘tdi.

Hozir Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti kasallikka davo topish va uning tarqalishini jilovlash uchun xalqaro mutaxassislarni jalb etmoqda.

Ammo Saudiya yarim orolidagi barcha davlatlarda ham shifoxonalar talabga javob bermaydi.

Saudiya hukumati esa "inqirozni vaqtida anglab yetmagani" aytilayotir.

Hozir vahimaga tushgan odamlarni tinchlantirish va biron foydasi tegar, degan umidda cho‘chqa tumoviga qarshi ishlab chiqilgan ziddi-zahar berilmoqda. Biroq bu H1N1 raqami bilan mashhur cho‘chqa tumovi dorisi Mersga qarshi ish beradimi, yo‘qmi - noma‘lum.

Mutaxassislarga ko‘ra, ayni virusning manbai tuyalardir. Lekin uning qanday o‘tishi aniq emas.

"Balki tuya emas, boshqa jonivordan o‘tayotgandir? Balki ovqat orqali tarqayotgandir? Ammo biz hech narsa bilmaymiz" - deydi bir shifokor.

Butun dunyodan musulmonlar Saudiya Arabistoniga Umra va Haj ziyoratlari uchun kelishadi. Bir necha kun davomida yuz minglab odamlar o‘ta yaqin muloqotda bo‘ladilar.

Tezda davosi yo uni jilovlash yo‘llari topilmasa, Mersning dunyo bo‘ylab pandemiyaga aylanib ketishi ehtimoli hozir ko‘plarni o‘ylantirmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002