Amnesty International: O‘zbekistonda 6 ming qiynoq qurboni bor

Image caption Qiynoqlarga qarshi yangi kampaniyaning boshlanishi Andijon qirg‘inining 9 yillik sanasiga to‘g‘ri kelgan

Qarorgohi Londonda joylashgan Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda 6 mingga yaqin qiynoq qurbonlari bor. Tashkilot O‘zbekistonni qiynoqlarga qarshi yangi global kampaniyasi markaziga qo‘ygan.

Ammo O‘zbekiston hukumati qiynoqqa soluvchilar ro‘yxatida yolg‘iz emas.

Ikki yil davom etadigan "Qiynoqlarni to‘xtating" kampaniyasi doirasida O‘zbekiston bilan birga yana to‘rt davlat- Meksika, Filippin, Marokash va Nigeriyadagi ahvolga e‘tibor qaratiladi.

Ammo qiynoq qo‘llanilayotgan davlatlarning umumiy soni bundan ancha ko‘p.

Amnistiyaga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda tashkilot ja‘mi 141 ta davlatdagi qiynoqlar va noinsoniy muomalaning boshqa ko‘rinishlari haqida xabar tarqatgan.

Tashkilot o‘z kampaniyasi uchun tanlab olgan 5 ta davlatda qiynoqlar keng tarqalgan, deb ishonadi.

Xalqaro Amnistiya dunyoda qiynoqlar borasida yuzaga kelgan vaziyatni "global inqiroz" deya baholamoqda.

"Ikkiyuzlamachi"

Amnesty International Bosh kotibi Salil Shettining Londonda o‘tgan matbuot anjumanida afsus bilan qayd etishicha, qiynoq qo‘llayotganlar faqat O‘zbekiston singari avtoritar boshqaruvlar emas.

Ularning orasida demokratik va demokratiya tomon qadam qo‘yayotgan davlatlar ham bor.

"Dunyo bo‘ylab hukumatlarning qiynoq masalasida ikkita yuzlari bor-qonunda taqiqlash, ammo amalda qo‘llash", - deydi Amnistiya Bosh kotibi.

Xalqaro Amnistiya o‘tkazgan global so‘rov qiynoqlardan qo‘rquv barcha mamlakatlarda mavjud ekanini ko‘rsatgan.

Barcha qit‘alarni o‘z ichiga olgan so‘rovda 21 ta davlatdan 21 ming kishi ishtirok etgan.

Xalqaro Amnistiya dunyo hukumatlarini BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasini imzolagan holda, qiynoqlarga barham berish yuzasidan olgan majburiyatlariga xiyonat qilishda ayblamoqda.

Image caption Amnesty international Bosh kotibi Salil Shetti O‘zbekistonda vaziyatni yaxshilash qiyinligini tan oladi

Bu yil ushbu muhim Konventsiya qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi.

O‘zbekiston hukumati Qiynoqlarga qarshi konventsiyaga 1995 yilda qo‘shilgan.

Andijon aks-sadosi

Qiynoqlarga qarshi global kampaniyaning boshlanishi Andijon qirg‘inining 9 yillik sanasiga to‘g‘ri kelgan.

Xalqaro amnistiya O‘zbekistondagi qiynoqlar haqida gapirarkan, Andijon voqealari ortidan qamoqqa tashlangan ikki mahkumning taqdiriga alohida e‘tibor qaratmoqchi.

Ulardan biri 2010 yilda O‘zbekiston mahkamasi tomonidan 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan andijonlik Dilorom Abduqodirova, ikkinchisi esa 2006 yilda Harbiy tribunal tomonidan josuslikda aybdor deb topilib 15 yillik qamoqqa mahkum etilgan O‘zbekiston mudofaa vazirligining sobiq yuqori martabali mulozimi, podpolkovnik Erkin Musayevdir.

Andijon qirg‘ini ortidan vatanini tark etgan qochqinlar orasida bo‘lgan Dilorom Abduqodirova 2010 yilda o‘zbek rasmiylarining xavfsizlik kafolatlari ostida o‘zi boshpana topgan Avstraliyadan turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar farzandi qolgan Andijonga qaytishga qaror qiladi.

Uyiga qaytganidan ko‘p o‘tmay hibsga olingan Abduqodirova davlat tuzumini ag‘darishga urinishda aybdor deb topilib, 10 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Dilorom Abduqodirova Andijon voqealari bo‘yicha Oliy sudda hukumat qo‘shinlari xalqqa qarata o‘q ochdi, deya guvohlik bergan Mahbuba Zokirovaning opasidir.

O‘zbekistonning NATOdagi sobiq elchisi bo‘lgan Erkin Musayev esa "uzoq muddat davomida O‘zbekiston va Rossiya qurolli kuchlarining harbiy sirlarini Pentagonga yetkazib turganlik"da ayblangan.

Ayblov Andijon voqealari ortidan AQSh bilan munosabatlar yomonlashgan va harbiy hamkorlik to‘xtab qolgan pallaga to‘g‘ri kelgan.

Har ikki mahbusning yaqinlari ularning tergov jarayonida qiynoqqa tutilganliklarini aytishgan.

"Jazosizlik"

Xalqaro Amnistiya O‘zbekistondagi vaziyatning murakkab ekani, qiynoqlar masalasida yaxshi tomonga o‘zgarish yasashning qiyinligini e‘tirof etadi.

Tashkilot nomlari zikr etilgan mahbuslarning butkul ozod etilishiga erisha olmasa ham, ularning va boshqa mahbuslarning sharoitlari yaxshilanishiga umid qilmoqda.

"Biz ularning qamoqdan ozod etilishiga erisholmasak ham, hech qursa, ularga nisbatan qiynoqlarning to‘xtatilishi, jazo kameralariga tashlamaslik, himoyachilar va yaqinlari bilan uchrashishlariga to‘sqinlik qilmaslik va boshqa sharoitlarining yaxshilanishiga umid qilayapmiz. Nazarimda bular erishish mumkin bo‘lgan narslar. Bu yo‘lda biz xalqaro hamjamiyat, AQSh, Ovro‘po hukumatlari, shuningdek, BMT va Ovro‘po Ittifoqining dastagiga ham suyanamiz. O‘zbekiston hukumati ularning tavsiyalarini jiddiy qabul qiladi, deb ishonamiz. Biz uchun O‘zbekistondagi qiynoq qurbonlarining o‘zlarini tashqarida unutishmaganini his qilishlari muhim", - deydi Amnesty International ning Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Meyzi Vayshuding

Image caption Meyzi Vayshudingning aytishicha, O‘zbekistondagi qiynoq qurbonlarining aksariyati bu haqda gapirishdan qo‘rqadilar

Xalqaro Amnistiya O‘zbekistonda 6 mingga yaqin qiynoq qurbonlari bor, deb ishonadi.

Meyzi Vayshudingga ko‘ra, bu raqam o‘zlarining yillar davomida olib borayotgan tadqiqotlari va boshqa inson huquqlari guruhlarining hisobotlari, shuningdek, qiynoq qurbonlari va sobiq mahkumlarning guvohliklari asosida tasdiqlangan.

Ushbu raqam mamlakatdagi siyosiy mahbuslarning taxminiy soniga yaqin.

"Eng ko‘p qiynoqqa solinadigan qatlam- siyosiy muxolifat, inson haqlari faollari va Hizbu Tahrir singari taqiqlangan diniy tashkilotlar a‘zolaridir. Agar siz bu raqamni oilalarga, o‘n yillab qamoqda o‘tirganlarning yaqinlari, avlodlarga ko‘paytirsangiz, qiynoqning O‘zbekiston, u yerdagi jamiyat uchun qanchalik dahshatli ta‘sirga ega ekanini ko‘z oldingizga keltira olasiz. O‘zbekistondagi vaziyatning yaxshilanishidan umidsizlikning bir uchi mamlakatdagi qo‘rquv muhitiga borib taqaladi. Qiynoqqa solinganlar bu haqda gapirishga qo‘rqadilar", - deydi Meyzi Vayshuding.

Uning fikricha, O‘zbekistonning dunyoda unchalik tanilmagani muammoning yana bir tarafidir.

"O‘zbekiston xalqaro yangiliklarda ko‘p ham paydo bo‘lavermaydi. Rost, qachondir Gulnora Karimova atrofida nimadir sodir bo‘lsa, dunyo matbuoti O‘zbekiston haqida gapirib qoladi, ammo hozir u ham yo‘q. Bu ma‘noda O‘zbekistonga qiziqish unchalik katta emas. Ammo bu narsa bizni O‘zbekistonga vaziyatga qayta-qayta e‘tiboor qaratishdan to‘xtatib qolmasligi kerak", - deydi Xalqaro Amnistiya vakili.

Xalqaro Amnistiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda qiynoqlarning keng tarqalgani va muntazam qo‘llanishi BMT tomonidan hujjatlashtirilganiga qaramay, qiynoq qo‘llovchilarning aksariyati jazosiz qolishadi.

Mamlakat Xalqaro Amnistiya va boshqa inson huquqlari tashkilotlari uchun yopilgan.

O‘zbekiston hukumati qiynoqlarning mavjudligini e‘tirof etgan, ammo ularning muntazam qo‘llanishi va qiynoqlarga rasmiy darajada ruxsat berilganini rad etib keladi.

Hukumat 2003 yilda "Qiynoqlarga qarshi kurash miliy dasturi"ni qabul qilgan.

Ammo mahalliy huquq faollari bu dasturning qog‘ozda qolib ketganini aytishadi.

Xalqaro Amnistiya Bosh kotibi Salil Shetti nima uchun o‘z kampaniyalariga O‘zbekistonni tanlab olishgani haqidagi savolga javob berarkan, "qiynoqlarni o‘lchashning barometri yo‘qligi va Amnistiya qiynoq darajasi yuzasidan jadval tuzmayotganini" aytdi.

Uning izoh berishicha, Amnistiyaning maqsadi davlatlarni qiynoqlar masalasida "oq va qora"ga ajratish emas, balki qiynoqlar va ularning har qanday turini, qayerda bo‘lishidan qat‘iy nazar taqiqlanishi va to‘xtatilishiga erishishdir.

"Qiynoqlar nafaqat mavjud, balki dunyoning juda ko‘p burchaklarida "gullab-yashnamoqda".

Janob Shitta AQSh singari davlatlarda milliy xavfsizlik nomi bilan qiynoqlar qo‘llanishini "dahshatga soluvchi" deb atadi.

Xalqaro Amnistiya o‘tkazgan so‘rovda qatnashganlarning uchdan bir qismi qiynoqlarni oqlash mumkin deb o‘ylashini aytgan.

Ammo Amnistiyaning aytishicha, so‘rov dunyodagi aksariyat ko‘pchilikning qiynoqlarga qarshi ekanini ko‘rsatgan va bu umid beruvchidir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002