Saudiya Arabistoni hojilar uchun xalqaro Toif aeroportini qurmoqchi

Saudiya Arabistoni rasmiylari Toif shahridagi havo qo‘nalg‘asini xalqaro aeroportga aylantirish maqsadida tender e‘lon qilishlari haqida xabar tarqatganlar.

Toif shahri butun dunyo musulmonlari uchun muqaddas Makka shahridan 87 kilometr sharqda joylashgan.

Saudiya Arabistoniga Haj va Umro ziyoratlarini adeo etish uchun boradigan ziyoratchilarning aksari Jidda shahriga yoki Madina shahri aeroportiga parvoz qiladilar.

Jidda shahri bilan Makkai Mukarrama orasidagi masofa 80 kilometrchani tashkil qiladi.

Ayni paytda Toif aeroporti Saudiya Arabistoni ichki parvozlari uchun xizmat qiladi.

Saudiya Arabistoni Fuqaroviy aviatsiyasi Bosh ma‘muriyati ma‘lum qilishicha, Toif xalqaro aeroporti qurilishini 2015 yil o‘rtalarida boshlashni rejalamoqda.

Ungacha Jahon Bankining Xalqaro Moliya Korporatsiyasi bilan hamkorlikda aeroport qurilishi bilan shug‘ullanadigan shirkat tanlovi o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng Toif xalqaro aeroportiga Haj va Umra ziyoratlariga boradigan ziryoatchilar o‘z mamlakatlaridan parvoz qila oladilar.

Har yili Saudiya Arabistoniga Haj ziyoratiga 2 million atrofida musulmon boradi.

Yil davomidagi jami ziyoratchilar soni 10 million kishidan ortadi.

Ayni paytda Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti Saudiya Arabistonida oxirgi yillarda tarqalayotgan Yaqin Sharq Respirator Sindromi koronavirusi deb nom berilgan yangi xastalik bilan bog‘liq vaziyatni favqulodda majlisda muhokama qilgan.

2014 yilning 9 mayigacha bo‘lgan holatda bu xastalik 126 inson umriga zomin bo‘lgani aniqlangan.

2013 yildan buyon jami 496 inson Yaqin Sharq Respirator Sindromi koronavirusini yuqtirgani aniqlangan, shundan 473 holat Saudiya Arabistonida yuqtirilgani xabar qilingan.

Bu yilgi Haj ziyorati oktyabr oyiga to‘g‘ri keladi, so‘nggi yig‘ilishida Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti musulmonlarga Saudiya Arabistoniga safar qilishlarini cheklamasligini e‘lon qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002