Nigeriyalik qizlarni qidirib topishda AQSh uchoqlari yordam beradi

Image copyright NA

Nigeriyada "Boko Haram" islomiy jangari guruhi tomonidan bir oy oldin o‘g‘irlangan 276 maktab o‘quvchi qizlarini qidirib topish ishlariga AQShning uchuvchi boshqaradigan kuzatuvchi uchoqlari ham ishtirok etadi.

Bu haqda amerikalik rasmiy ma‘lum qilgan.

Shuningdek, Amerika sun‘iy yo‘ldoshdan olingan suratlar bilan qizlarni topishga yordamlashadi.

Hozirning o‘zida 30 tacha AQShlik ekspert Nigeriyada qidiruv ishlarida ko‘maklashayapti.

Ular orasida Federal Qidiruv Byurosi, Mudofaa vazirligi xodimlari borligi xabar qilingan.

Bir kun oldin "Boko Haram" guruhi 14 aprel kuni o‘g‘irlab ketilgan qizlar tasvirga olingan videoni e‘lon qilgan.

Videoda 130 tacha qiz hijoblarga o‘ralgan holda ko‘ringan, "Boko Haram" guruhi, qizlar Islom dinini qabul qildilar, deb aytgan.

Guruh rahbari o‘g‘irlangan qizlarni Nigeriya qamoqxonalarida saqlanayotgan "Boko Haram" guruhining a‘zolariga almashtirishini aytgan.

Maktab o‘quvchi qizlarining o‘g‘irlanishi butun dunyo bo‘ylab insonlarni g‘azablantirgan.

Qator musulmon ulamolar "Boko Haram" guruhining bu amalini qoralaganlar.

Bir necha mamlakatlar, xususan, AQSh, Britaniya, Frantsiya va Isroil o‘g‘irlangan qizlarni qidirib topishda Nigeriya hukumatiga o‘z ko‘maklarini taklif qilganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002