O‘zbekistonda parlament saylovlari dekabrda o‘tishi e‘lon qilindi

Image copyright BBC World Service

O‘zbekistonda Oliy majlis saylovlari 2014 yilning 21 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi ma‘lum qilindi.

Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishida Oliy Majlis, xalq deputatlarning viloyat, tuman va shaharlardagi Kengashiga saylovlarga tayyorgarlik dasturi ko‘rib chiqilgan. Kuzatuvchilar bu safargi saylovlarning oldingidan katta farq qilmasligini aytishmoqda.

Oliy majlis saylovlari dekabrining uchinchi o‘n kunligi ilk yakshanbasi, ya‘ni 21 dekabr deya belgilandi. Bu haqda podrobno.uz sayti ma‘lum qildi.

Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan bu borada tashkil qilingan yig‘inda 2009 yilgi saylovlardan keyin saylov qonunchiligining liberallashtirilgani saylovlarning xalqaro andozalarga mos ravishda o‘tishini ta‘minlashi ta‘kidlangan.

O‘zbekistonlik huquq faoli Dilorom Ishoqova muxolifat faoliyati cheklangan O‘zbekistonda parlament saylovlarining demokratik talablarga mos kelishi noto‘g‘ri gap ekanini aytadi.

"Muxolifat bo‘lmagan saylov, avval boshdan noqonuniy va qonunlarni buzilgan holda o‘tkazilyapti, deb hisoblash kerak. Bu saylovlarda birorta muxolif partiya qatnasha olmasa, bugungi hukumat va uning cho‘ntagidan chiqqan partiyalarga biror muxolifat bo‘lmasa, bu saylovlar boshlanmasidan turib noqonuniy", - deydi Dilorom Ishoqova.

Frantsiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamolliddin Rabbimov 2004 yilgacha hokimiyatning siyosiy partiyalar borasida fikri shakllanmaganini aytadi. Har safar parlament yoki prezidentlik saylovlari yaqinlashishi arafasida yangi siyosiy partiya tuzilgan.

"2004 yildan buyon ikki saylov o‘tdi, lekin har safar oliy hokimiyatining partiyasi sifatida O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi namoyan bo‘layapti. Bugungi hokimiyatning resurslari o‘sha partiyani rivojlantirishga va uni yuqori ta‘sir doirasidagi partiya qilib ko‘rsatishga qaratilgan va resurlar tashlangan", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Siyosatshunos kelayotgan saylovlarning ham o‘tgan safargidek silliq o‘tishini taxmin qiladi. Prezident devoni va undagi milliy xavfsizlik kengashi kabi xizmatlar qaysi partiyalarning nechta o‘rin olishi kerakligini oldindan belgilaydi.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra oliy hokimiyatdan yangilanishlar arafasida va yoshi bir joyga borib qolgan Karimov boshqaruvida parlament saylovlarida islohatlar kutish noo‘rin.

"Bu safar ham saylovlar o‘sha stsenariy asosida bo‘ladi. Bu yerda jiddiy o‘zgarish bo‘lishga hech qanday asos yo‘q. Hokimiyatning ehtiyotkorligi borgan sari oshib bormoqda. Karimovning konservatizmi, yopiqlik darajasi ham oshib boryapti. 76 ga kirgan Karimovdan bir o‘zgarishlar kutish, uning shakllangan siyosiy uslubida o‘zgarishlar kutish, menimcha, noo‘rin", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Mutaxassislar O‘zbekistonda siyosiy pariyalar va saylov jarayonlarini demokratlashtirish yo‘lida qabul qilingan qonunlar to‘liq ish bermasligini, chunki oliy hokimiyat biroz erkinlik bersa ham ushbu erkinlik nazorat ostida bo‘lishini istaydi.

"Shuning uchun qonunchilikdagi o‘zgarishlar o‘yin doirasining biroz kengayganini anglatadi. Lekin o‘yin qoidasi, ya‘ni siyosiy nazorat qayta ko‘rilib chiqilyapti va boshqa bir kontsepsual yondashuv paydo bo‘layapti deyishga mutloq asos mavjud emas. Ya‘ni ma‘lum bir siyosiy aktyorlar uchun davlat hokimyatidan ruhsat olgan yoki siyosiy maydonga kirishga imkoniyat berilgan shaxslar va siyosiy kuchlar uchun o‘yin qoidasi biroz kengayyapti deyishimiz mumkin", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002