Soqolli ayol qo‘shiqchiga Rossiyada o‘rin yo‘qmi?

Image copyright Getty

Bo‘sh vaqtida kommunist Valeriy Rashkin alpinistlik bilan shug‘ullanadi. U sho‘rolar davrida ham tog‘ oshgan.

Lekin bugungi kunda u o‘zgacha "cho‘qqi"ni zabt etmoqchi. U ham bo‘lsa Rossiyani Ovro‘nigoh qo‘shiq konkursidan "qutqarish".

"O‘tgan haftada Ovro‘nigoh konkursi finalini qayg‘u bilan kuzatdim. Soqolli ayolga birinchi o‘rinni berish bu insoniyatning o‘zini o‘zi o‘ldirishi bilan barobar", deydi u.

Valeriy kuyunib gapirayotgan shaxs Avstriyalik Konchita Vurst. Ayollar ust-boshini kiyishni odat qilgan Vurstning konkursda birinchi o‘rinni olishi Rossiya hukumati va rasmiy idoralari dahlizlarida katta "aks-sado" bermoqda.

Rossiyalik siyosatchilar Konchita Vurstni Ovro‘poning ahloqiy tanazzulga yuz tutgani dalili sifatida keltirmoqdalar.

Qo‘shiq konkursi finali tugashi bilan bir necha daqiqa o‘tmasdanoq millatchi Vladimir Jironovskiyning televideniye orqali aytishicha, "bu Ovroponing tugashi. Chirib-bitgani dalili. U yerda erkagu-ayol qolmadi. Hamma jonsiz narsaga aylangan".

Agar Valeriy Rashkin o‘z maqsadiga erishsa, Rossiya bundan buyon Ovro‘nigoh konkursida ishtirok etmaydi.

U bu haqda rasmiy ariza ham topshirgan. Unga ko‘ra, Ovro‘nigoh konkursi o‘rniga "Rossiya ovozi" nomli yangi konkurs tashkil qilish kerak.

"Mening ishonchim komilki, aqli -hushi joyida bo‘lgan va vatanini sevgan hamma bu g‘oyani qo‘llab quvvatlaydi. Bu yangi konkurs mutlaqo o‘zgacha qadriyatlarni targ‘ib qiladi, tarnsseksuallar yoki hamjinsbozlikni emas", deydi u.

Rossiya parlamenti a‘zosi Oleg Nilov ham Ovro‘nigohning ashaddiy "dushmanlaridan".

Uning parlamentda aytishicha, turli qora kuchlar Rossiyadan qatnashchilarning g‘olib bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymagan.

"Ular bizning qizlarimizni soqol emas, o‘rilgan sochga ega bo‘lganlari uchun yoqtirishmadi", deydi u va rus xalq qo‘shig‘ini kuylab ketdi.

Lekin nima uchun aynan Dumada qo‘shiq konkursi bu qadar qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda?

O‘tgan yili prezident Putin "ana‘anaviy bo‘lmagan jinsiy aloqalar targ‘iboti"ni cheklovchi qonunga imzo chekkandi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ar, bu qonun balog‘atga yetmaganlarni himoya qilish va Rossiya jamiyatida oila qadriyatlarini targ‘ib qilish uchun kerakdir.

"Tvoy den" ro‘znomasi esa shu kunlarda Konchitaning g‘alabasiga norozilik kampaniyasi sifatida soqolni olib yurishga da‘vat qildi.

Sankt-Peterburg shahar ma‘muriyati a‘zosi Vitaliy Mironov esa, Konchita Rossiyaga kontsert bilan kelgudek bo‘lsa buning oldini olish kerak, deya hisoblaydi.

"Bu kasal shaxsning bu yerda kontsert berishining oldini olish kerak. Bu hamjinsbozlarning targ‘iboti jirkanch. Ovro‘nigohni o‘ldirdinglar. Ovro‘nigoh bo‘lgan joyda hozir Konchita Vurst ismi bitilgan qabr toshi turibdi. Balkim kelasi yil biz konkursga qo‘shiq aytuvchi ayiqni yo‘llashimiz kerakmikan? Yoki Rossiya Josuslik Xizmati raqqoslar guruhinimi? Ochig‘ini aytganda birovni yuborishning ham ma‘nosi qolmadi, adolatli ovoz berish bo‘lmasa", deydi Vitaliy Mironov.

Konchitaning g‘alabasiga Rossiyada qarshi chiqayotganlar faqatgina siyosatchilar emas.

Ijtimoiy tamoqlarda Konchitaga qarshi kampaniyalar ketmoqda. Rossiya televideniyesi yulduzlari va pop qo‘shiqchilari o‘zlarining soqollari olingan holdagi suratlarini chop etishmoqda.

Lekin Rossiyaliklar tomonidan konkurs vaqtida berilgan ovozlarga qarasangiz o‘zgacha manzara namoyon bo‘ladi.

Rossiyalik qo‘shiq muxlislar Konchitaga uchinchi o‘rin berganlar. Ko‘rinishicha oddiy qo‘shiqsevarlar parlament a‘zolari kutganidan kamroq soqolli ayoldan hayratga tushganlar.

Lekin Vitaliy Mironov ovoz berish natijalari "soxta" ekanligini aytadi.

Ammo Rossiya davlat televideniyesida ham "nima uchun biz hamisha kimnidir yoqtirmasligimiz kerak" degan fikrlar yangramoqda.

Kopengagendan jonli ravishda olib berilgan final ko‘rsatuvi vaqtida ham bu yilgi Rossiya nomidan aytilgan qo‘shiq muallifi Filip Kirkorov "keling g‘olibni hurmat qilaylik" dedi.

Konchita Vurstning g‘alabasi haqida sizning fikringiz qanday?

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002